Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

HECH KIMDAN KAM BO‘LMAYDIGAN DEMOKRATIK DAVLAT

01.30.2016

va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo qilish har birimizdan katta mas’uliyat, fidoyilikni talab etadi

O‘tayotgan har bir yilning o‘ziga xos jihatlari, yutuqlari, voqealari bo‘ladi. Bu tabiiy, albatta. Ammo biz katta orzu-niyatlar, yangi, yanada ulkan rejalar bilan kutib olgan 2016 yil yurtimiz tarixining yorqin sahifalaridan bo‘lib qolishiga ishonchimiz komil. Chunki joriy yilda mamlakatimiz mustaqilligining 25 yillik qutlug‘ bayrami keng nishonlanadi.

O‘tgan davrda dunyoning rivojlangan demokratik davlatlari qatoriga ko‘tarilishdek ulug‘ maqsad yo‘lida erishilgan ulkan yutuqlar xalqimizni yangi, yuksak marralarga ruhlantirmoqda. Biz nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy sohada, balki jamiyatni demokratlashtirish, huquqiy davlat qurish borasida ham dunyo e’tirof etayotgan muvaffaqiyatlarga erishmoqdamiz.

3001162.jpg

KO‘PPARTIYAVIYLIK TIZIMI VA PROFESSIONAL PARLAMENT

Dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar tajribasidan ma’lumki, ko‘ppartiyaviylik tizimi yuzaga chiqmasdan professional parlament shakllanmaydi.

Shuning uchun mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlash, siyosiy partiyalarning vakolatlarini kengaytirish, o‘z dasturiy maqsad-vazifalarini amalga oshirishi uchun ularga kerakli vakolatlarni berish, parlamentning davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishdagi o‘rni va mavqeini oshirish, davlat hokimiyati organlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish hamda manfaatlar muvozanati tamoyilini ta’minlash yo‘lida ulkan islohotlar amalga oshirildi.

Eng muhimi, bu jarayon bir joyda to‘xtab qolmasdan, izchil davom ettirilmoqda. Natijada ko‘ppartiyaviylik tizimi amalda ro‘yobga chiqishi, professional asosda ishlaydigan parlament shakllanishi uchun tobora keng yo‘l ochilmoqda. Bu borada qabul qilingan qonunlar, ularga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida uzoq gapirish mumkin, albatta.

3001163.jpg

Prezidentimiz o‘tgan yili yanvar oyida parlament palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida bundan roppa-rosa o‘n yil oldin tarkibida deputatlar doimiy ravishda, professional asosda ishlaydigan Qonunchilik palatasi va shuningdek, hududiy vakillardan iborat qonunchilik organi bo‘lmish Senat faoliyat ko‘rsatadigan ikki palatali parlamentni tashkil etishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganimiz va ana shu maqsad bugun to‘liq ro‘yobga chiqqanini ishonch bilan ta’kidladi. Buning natijasida qabul qilayotgan qonunlarimiz sifati sezilarli darajada oshgani, mintaqalar, tarmoqlar va davlatning umumiy manfaatlari mutanosibligi tobora samarali ta’minlanayotganiga e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyati umume’tirof etilgan demokratik mezon va qoidalarga qat’iy amal qilingan holda barpo etilayotganini nafaqat siyosatshunos olimu mutaxassislar, shu bilan birga, xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rni va nufuziga ega tashkilotlar, dunyoning eng rivojlangan parlamentlari vakillari ham e’tirof etmoqda, ta’bir joiz bo‘lsa, tan olmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga tashrif buyurayotgan xalqaro tashkilotlar, xorij davlatlari parlamentlari delegatsiyalari a’zolarining fikr-mulohazalari ham buni tasdiqlaydi. Yaqinda bir qancha davlatlar parlamentlari delegatsiyalari, xususan, Fransiya Milliy Assambleyasidagi «Fransiya — O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Filipp Mene boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, Belgiya Qirolligi parlamenti Vakillar palatasi raisi Zigfrid Brake rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda mamlakatimizdagi parlament islohotlariga yuqori baho berdi. Jumladan, janob Zigfrid Brake O‘zbekistonning «Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari» strategiyasi bilan jahon hamjamiyatiga yaxshi tanish ekanini, ana shu aniq strategiya asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar O‘zbekiston xalqi va davlatining kelajagida muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

3001164.jpg

Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi: ko‘ppartiyaviylik tizimi mustahkamlanayotgani, parlamentning davlat hokimiyatini demokratlashtirishdagi mavqei oshayotgani hayotimizga, islohotlar samaradorligiga qanday ta’sir etmoqda? Yurtimizda yashayotgan odamlar uchun bu o‘zgarishlarning ahamiyati va zarurati nimalarda ko‘rinyapti?

MANFAATLAR MUVOZANATI VA HUQUQLAR KAFOLATI

— Bu savollar haqida bevosita fikr yuritishdan avval ayrim masalalarga e’tibor qaratishimiz kerak, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Dilmurod Sa’dullaev. — Ma’lumki, Konstitutsiyamizda davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanishi belgilangan. Bu tamoyil butun davlat hokimiyati bitta organ qo‘lida mujassam bo‘lishining oldini oladi.

3001165.jpg

Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi davlatimiz taraqqiyotida mazmun-mohiyati jihatidan butunlay yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur Konsepsiya asosida Konstitutsiyamizga (78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga) kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat boshqaruvini demokratlashtirish, davlat hokimiyati subyektlari — Prezident — davlat rahbari, qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyati vakolatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning samaradorligini oshirishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Unga ko‘ra, Prezident vakolatlarining bir qismi Senatga o‘tkazildi, ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazorati mexanizmi joriy etildi, Vazirlar Mahkamasining huquq va vakolatlari kuchaytirildi. Ya’ni, shular orqali hokimiyatlar bo‘linishining konstitutsiyaviy tamoyili ta’minlanyapti, o‘zaro tiyib turish mexanizmi yuzaga kelyapti.

3001166.jpg

Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi. O‘tgan yili Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etdi. Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari Saylovoldi dasturi va elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, ushbu dasturga o‘z munosabatini bildirdi. Ana shu o‘rinda davlat hokimiyatini demokratlashtirish yo‘lidagi yangiliklarning ahamiyati yaqqol ko‘rinmoqda. Ya’ni, siyosiy partiyalar saylovchilar, xalqimizning xohish-istaklaridan kelib chiqib, islohotlarning samaradorligini oshirish yuzasidan o‘z takliflarini amalga oshirish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Shunga muvofiq ravishda fraksiyalarning huquqiy maqomi, xususan, parlamentdagi ko‘pchilik va parlamentdagi muxolifat, ularning huquqlari hamda faoliyati kafolatlari ta’minlanyapti. Parlamentda muhokama qilinayotgan qonun loyihalari bo‘yicha siyosiy partiyalar fraksiyalarining pozitsiyalari, takliflari albatta hisobga olinyapti. Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim prinsipial masalalari yuzasidan fraksiyalararo raqobat kuchaymoqda.

3001167.jpg

HAYOTDAGI YANGILIKLAR, ONGDAGI O‘ZGARISHLAR

Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlisga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etmoqda, joriy yildan esa xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida hokimlarning amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar bilan bog‘liq hisobotlari tinglanyapti. Ayni mana shu jarayonlarda sizu biz, barcha fuqarolar uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy (rejalashtirilgan turli loyihalarning bajarilishi, sog‘liqni saqlash tizimi va tibbiy xizmat sifati, ta’lim maskanlarining moddiy-texnik bazasi, yoshlarni ishga joylashtirish, kommunal xizmatlar holati kabi) masalalar deputatlarning saylovchilardan olgan ma’lumotlari, taklif va mulohazalari asosida chuqur muhokama qilinyapti. Shunga qarab, mahalliy hokimliklar ishiga o‘ziga xos baho berilyapti. Bu esa hokimliklar mutasaddi rahbarlarining hudud jamoatchiligi oldida mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilayapti.

Yana bir muhim tomoni shundaki, siyosiy partiya fraksiyalari, mahalliy Kengashlardagi guruhlari joriy yilda butun mamlakatimizda, tuman va shahar, qishloq va mahallalarda ijro hokimiyati tomonidan qanday ishlar, qanaqa loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgani haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lyapti, saylovchilarni ham xabardor etyapti. Bu parlamentning Vazirlar Mahkamasi, mahalliy Kengashlarning hokimliklar faoliyati ustidan parlament va deputatlik nazoratini izchil yo‘lga qo‘yishida, odamlarning o‘zi yashayotgan hududdagi hayotdan, o‘zgarishlardan xabardorligi va daxldorligi oshishida dolzarb ahamiyatga ega bo‘lyapti. Eng muhimi, shu tariqa joylarda rejalar va sa’y-harakatlar, fuqarolarimizning xohish-istaklari va intilishlari o‘zaro uyg‘unlik kasb etib boryapti, yagona maqsad yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilish hissi yuksalmoqda. Katta-kichik rahbarlar, deputatlar, keng jamoatchilik vakillari, siz bilan bizning fikrimiz, demokratik islohotlarga munosabatimiz, dunyoqarashimiz o‘zgaryapti. Zero, buni hayot taqozo qilyapti.

3001168.jpg

Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlar qatoriga ko‘tarilish uchun juda muhim bir shartni unutmasligimiz darkorligini yana bir bor ta’kiladi. Ya’ni, demokratiya yo‘liga kirishimiz, avvalo, aholimizning ongu saviyasini o‘zgartirishni, totalitar, zo‘ravonlik tizimidan meros bo‘lib qolgan qoldiqlar va qoliplardan voz kechishimizni so‘zda emas, kundalik hayotimizda ta’minlashni talab qiladi.

Ma’ruzada, shuningdek, zamonaviy talablarni inobatga olgan holda parlament faoliyatini tubdan yaxshilash, qonun ijodkorligi va qonunchilik faoliyati sifatini oshirish bo‘yicha milliy parlamentimiz oldida turgan dolzarb vazifalar ko‘rsatib berildi. Ushbu keng qamrovli vazifalarni bajarish, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish parlament a’zolari, siyosiy partiyalar tashkilotlari, shuningdek, mamlakatimizning har bir fuqarosidan katta mas’uliyatni talab etadi. Buni chuqur anglab, bir tan, bir jon bo‘lib astoydil mehnat qilinsa, hech kimdan kam bo‘lmagan demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini bunyod etish ishlariga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

 

To‘lqin TO‘RAXONOV