Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

PLENUMDAN KEYINGI MULOHAZALAR

10.30.2015

Shu yilning 24 oktabr kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdagi Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning hozirgi bosqichida partiyamiz tashkilotlari hamda deputatlik birlashmalari oldida turgan dolzarb vazifalar xususida so‘z bordi. Bugungi kunda mahalliy partiya tashkilotlarida plenum qarorlari chuqur o‘rganilmoqda...

2910156.jpg

Olim RAVSHANOV, O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari:

— Markaziy Kengash plenumida bildirilgan tanqidiy-tahliliy fikrlar, ishimizni tubdan kuchaytirish yuzasidan o‘rtaga tashlangan dolzarb masalalar hamda qabul qilingan qarorlar keyingi faoliyatimizni yanada samarali tashkil etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Plenum natijalaridan shunday xulosaga keldimki, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini hayotga tatbiq qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi manfaatlari yo‘lidagi ishlarni kuchaytirish, joylardagi ijtimoiy muammolarni oqilona hal etish kabi dolzarb masalalar yechimida parlament va deputatlik nazorati institutlari imkoniyatlaridan yanada to‘laroq foydalanishimiz talab etilmoqda.

Partiyamiz Saylovoldi dasturida aholini, shu jumladan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini egallagan mutaxassisliklariga muvofiq ish bilan ta’minlash muhim vazifa etib belgilangan. Shundan kelib chiqib, ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining joylardagi ijrosini nazorat qilish, belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilishiga erishish maqsadida O‘zXDP faollari qator tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Bu masalada Mirishkor, Qamashi, Chiroqchi, Qarshi, Kitob, Nishon туманларида muayyan tajriba to‘plandi. Mazkur tumanlardagi partiyamiz faollari va deputatlar, bitiruvchilar, kollejlar va tashkilotlarning uch tomonlama shartnomalari bajarilishini nazoratga olishgan. 

Oldimizda turgan asosiy vazifalardan yana biri aholining ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalarda faol ishtirok etishdan iborat. Buning uchun hududiy dasturlarning mazmun-mohiyatini izchil o‘rganishimiz, ularning ijtimoiy muhim jihatlari amalda qay darajada bajarilayotganini nazorat-tahlil tartibida monitoring qilib borishimiz kerak. Bundan tashqari, o‘tgan yillardagi tajribamizdan unumli foydalangan holda hududiy dasturlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish, bu borada ularga tegishli aniqlik va qo‘shimcha kiritishga doir takliflar ishlab chiqishimiz talab etiladi.

2910157.jpg

Robiya KAZIMOVA, O‘zbekiston XDP Buxoro shahar kengashi raisi, xalq deputatlari shahar Kengashidagi partiya guruhi rahbari:

— Plenumda partiya g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, deputatlar tashabbusi bilan amalga oshirilgan ishlarning ijtimoiy ahamiyatini ochib berish, bu jarayonda partiya tashkilotlari va deputatlarning faolligini oshirish masalalari keng muhokama etildi. To‘g‘ri, joylarda uyushtirilayotgan seminarlarda elektorat vakillari, ayniqsa, yoshlar katta qiziqish bilan ishtirok etib, mavzu bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda. Elektorat vakillarini ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga faol jalb etishda, mustahkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda bu muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Biroq hamma seminarlar ham yuqori saviyada tashkil etilayapti, deb bo‘lmaydi. Targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish, partiya siyosiy pozitsiyasi va dasturiy maqsadlarining targ‘ibotiga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy tadbirlar auditoriyasini sezilarli darajada kengaytirish bugungi dolzarb vazifalardan biri.

Birinchi navbatda, siyosiy o‘quvga mavzudan kelib chiqib puxta tayyorgarlik ko‘rish lozim. Uning qiziqarli o‘tishi uchun qo‘shimcha manbalardan, hayotiy misollardan foydalanish talab etiladi. Targ‘ibot ishida eng muhimi ta’sir ko‘rsata olishdir. So‘zimiz ta’sirli bo‘lishi, odamlar qalbiga yetib borishi uchun zamonaviy siyosiy texnologiyalar imkoniyatidan foydalanish, ochiq-oshkora suhbatlar, erkin muloqotlar tashkil etishimiz kerak bo‘ladi. Hozir aholini quruq ma’ruzalar, deyarli bir xil tartibda bo‘lib o‘tadigan zerikarli tadbirlar bilan o‘zimizga qarata olmaymiz. Targ‘ibot ishlarida ko‘proq interfaol usullar orqali mavzuni tushuntirishimiz zarur. Shunda partiyamiz dasturiy maqsadlari targ‘iboti ta’sirli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

 

Laziza SHOMILOVA

yozib oldi.