Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

YURTIMIZ TAQDIRI VA TARAQQIYOTI UCHUN

09.20.2016

yuksak fuqarolik mas’uliyatini namoyon etish muqaddas burchimizdir

Avval xabar berilganidek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi qonunlarning tegishli moddalariga asosan joriy yilning 9 sentabr kunidan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilindi.

Mamlakatimizda ushbu saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlar ochiq-oshkora, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq holda amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunning 24-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga faqatgina siyosiy partiyalar egadir.

Shu munosabat bilan 17 sentabr kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining VI plenumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning faol va munosib ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama etildi.

Unda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi a’zolari, mas’ul xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, mintaqaviy partiya kengashlari rahbarlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Plenum qatnashchilari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat arbobi Islom Karimov xotirasini yod etib, unga hurmat bajo keltirishdi.

2009162+.jpg

Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtiroki to‘g‘risidagi masala yuzasidan partiya Markaziy Kengashi raisi Hotamjon Ketmonov so‘zga chiqdi.

Mamlakatimizda qonunlar takomillashayotgani, davlat idoralari faoliyatiga, hayotimizga umume’tirof etilgan demokratik qoida va talablar izchil joriy qilinayotgani, insonning ustuvor huquq va manfaatlari ta’minlanayotgani, fuqarolarimizning dunyoqarashi kengayib, fikrlash tarzi tubdan o‘zgarib borayotgani sari xalqimizda rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishga intilish, ishonch hissi kuchaymoqda.

Islohotlarning ijtimoiy samaradorligi oshishida, elektoratimiz vakillari, saylovchilarda siyosiy-huquqiy bilim va faollik kuchayishida bu dolzarb ahamiyatga ega. Bugungi sharoitda partiyamizning jamiyatdagi nufuzi elektorat manfaatlarini qay darajada himoya qilayotganimiz, joylardagi muammolarning yechimi yuzasidan qanday tashabbuslar bilan chiqayotganimizga qarab baholanadi, dedi partiya rahbari.

Ma’lumki, 2014 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 27 nafar deputatdan iborat O‘zbekiston XDP fraksiyasi tuzildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida 214 nafar, tuman va shahar Kengashlarida 1649 nafar partiyamizdan saylangan deputat faoliyat yuritmoqda. Ya’ni, 178 mahalliy Kengashda partiyamiz guruhlari tuzilgan. Bir so‘z bilan aytganda, partiyamiz o‘z dasturiy maqsadlarini amalga oshirishga qodir bo‘lgan deputatlik korpusini shakllantira oldi va ular parlament, deputatlik nazoratini kuchaytirishda faol qatnashmoqda.

Partiya Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan amaliy Harakat dasturi qabul qilingan. Unda elektorat manfaatlariga qaratilgan qator qonunchilik tashabbuslari bilan chiqish, hududlarda aholini o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarga yechim topish, ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan dasturlarning ijrosi ustidan deputatlik va parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha parlamentdagi fraksiyamiz, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan.

Shu asosda muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida 129 masala xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiyamiz guruhlari yig‘ilishlarida ko‘rilgan, shundan 72 masala doimiy komissiyalarda, 50 masala esa sessiyalarda muhokama etilib, elektorat manfaatlariga xizmat qiladigan qarorlar qabul qilingan.

Partiya yetakchisi parlamentdagi fraksiya faoliyati bo‘yicha ham atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda gap ketganda, avvalo, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi o‘zini parlamentdagi ko‘pchilik, ya’ni Demokratik kuchlar blokiga nisbatan muxolif, deb e’lon qildi. Bunday yondashuv fraksiya faoliyatida, parlamentda qonun loyihalari muhokama qilinayotganda o‘z samarasini bermoqda. Bir so‘z bilan aytganda, qonun ijodkorligi jarayonida sog‘lom demokratik raqobat muhiti barqaror rivojlanmoqda. Joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritilgan 30 ga yaqin qonun loyihasi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari tomonidan birinchi va keyingi o‘qishlarda tanqidiy jihatdan ko‘rib chiqilgan.

Shu o‘rinda aytish kerakki, «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi hamda «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihalari bo‘yicha Demokratik kuchlar bloki tomonidan bildirilgan fikrlarga O‘zXDP fraksiyasi o‘z pozitsiyasini bayon qilgan.

Bundan tashqari, fraksiya a’zolari qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanib, bir qator qonun loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etgan. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qarori loyihasi, «Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi va boshqa bir qator qonun loyihalarini ishlab chiqishda tashabbus ko‘rsatishgan.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi mas’ulligida bo‘lgan Mudofaa va xavfsizlik masalalari, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitalari tomonidan ham qonunlar loyihalarini takomillashtirish yuzasidan ma’lum ishlar amalga oshirilmoqda.

Qonunlar, muhim Davlat dasturlari ijrosi ustidan parlament nazoratini izchil yo‘lga qo‘yish, ijro hokimiyatining mas’uliyatini kuchaytirish masalalari partiya fraksiyasi faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Shuning uchun fraksiya tashabbusiga asosan elektorat manfaatlari bilan bog‘liq dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan parlament eshituvlari tashkil etilyapti. Xususan, o‘tgan yil sentabr oyida Mehnat vazirining ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash Dasturi bajarilishi to‘g‘risidagi axboroti tinglanib, joriy yilga mo‘ljallangan Dastur uchun zarur takliflar berildi, muhokama yakunlari bo‘yicha parlament qarori qabul qilindi. Bunday majlislarda Vazirlar Mahkamasi, mutasaddi vazirliklar, idora va muassasalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari faol ishtirok etayotgani parlamentning ta’sir kuchi oshishida, manfaatlar muvozanati ta’minlanishida, o‘zaro hamjihatlik kuchayishida katta ahamiyat kasb etadi, albatta.

Joriy yil 12 aprelda matbuotda e’lon qilingan «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi Qonun parlament islohotlarini yanada chuqurlashtirishda, demokratiyaning umume’tirof etilgan tamoyil va qoidalarini hayotimizga keng joriy etishda yangi imkoniyatlar yaratib berdi. Parlament nazorati talablariga muvofiq ravishda «Psixiatriya yordami to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi hamda bu boradagi huquqni qo‘llash amaliyotining holati o‘rganildi. Shunga ko‘ra, partiya fraksiyasi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli axboroti eshitilib, parlament qarori qabul qilindi.

2009163+.jpg

Bularning barchasi partiyamiz elektorati manfaatlarini himoyalash, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirishga xizmat qilmoqda.

Plenumda mamlakatimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol va munosib ishtirok etish partiyamiz zimmasidagi eng ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.

Prezident saylovi jamiyat hayotida, xalqimiz, jonajon O‘zbekistonimizning kelgusi istiqbolini belgilab berishda beqiyos o‘rin tutadi.

Ma’lumki, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini demokratik saylovlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Aynan saylovda odamlarning xohish-irodasi, orzu-umidlari, yakdilligi va birdamligi yaqqol namoyon bo‘ladi.

Alohida qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o‘tkaziladigan bu galgi saylov mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning o‘ta mas’uliyatli paytiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shunday ekan, partiya o‘zining strategik maqsadlari, ijtimoiy adolat va ijtimoiy himoya kabi xalq demokratiyasi tamoyillariga sodiq qolgan holda, O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘lini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ana shu g‘oyaning targ‘ibotchisi sifatida faol harakat qilishi lozim. Buni shiddatkor davrimiz talablari kun tartibiga qo‘ymoqda, dedi partiya rahbari.

Partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari saylovga tayyorgarlik jarayonida yuksak fuqarolik mas’uliyatini namoyon etishi, mamlakatimizning barcha hududlari bo‘ylab uyushqoqlik bilan o‘tkaziladigan targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida birinchi navbatda yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga, xalq manfaati, yurt ravnaqi yo‘lida daxldorlik hissini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishi zarur bo‘ladi.

Saylov kampaniyasining mazkur bosqichi har bir partiya tashkilotidan, ya’ni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi apparatidan tortib, to boshlang‘ich tashkilotlarigacha bo‘lgan bo‘g‘inlaridan aniqlikni, ishchanlikni, harakatlarni o‘zaro muvofiqlashtirishni yuksak darajaga ko‘tarishni talab etadi.

Bu boradagi birinchi qadam saylov kampaniyasi davrida partiya tashkilotlari va saylanadigan organlar ishini muvofiqlashtirish bo‘yicha shtabni tashkil etish bo‘ladi. Yaqin kunlarda xuddi shunday shtablarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha tashkil etilgan saylov okruglari markazlarida ham tezkorlik bilan tuzish lozim. Ushbu shtablar zimmasiga jiddiy va mas’uliyatli tashkiliy-huquqiy vazifalar yuklanadi.

Saylov kampaniyasi davrida partiya tuman va shahar kengashlari, boshlang‘ich tashkilotlarimiz aholi o‘rtasida siyosiy-huquqiy o‘quvlar, ochiq muloqot, davra suhbatlari tashkil qilishi, elektorat vakillarida faol fuqarolik pozitsiyasini, o‘z saylov huquqidan ongli ravishda va yuksak mas’uliyat bilan foydalanishga bo‘lgan intilishni kuchaytirishga harakat qilmog‘i lozim.

Plenumda saylov jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa muhim masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Xalq demokratik partiyasi saylov jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rar ekan, eng avvalo, mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, davlat va jamiyat tomonidan aniq yo‘naltirilgan ijtimoiy muhofazaga hamda qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash, sud-huquq, uy-joy va kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada isloh etish, ichki va tashqi siyosatni izchillik bilan davom ettirish hamda mamlakat fuqarolarining manfaatlariga mos keluvchi siyosatni amalga oshirishga qodir bo‘lgan shaxs nomzodini Prezident saylovida ilgari surishni maqsad qilgan.

Shundan kelib chiqib, plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi masala muhokama etildi.

Bu borada partiya elektorati, tarafdor va faollari tomonidan tavsiya etilgan O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi, partiya fraksiyasi rahbari Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonov Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiya Qurultoyida ko‘rib chiqish uchun nomzod sifatida ko‘rsatildi.

2009164+.jpg

Qonunga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar boshqa zaruriy hujjatlar bilan birga Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

Markaziy saylov komissiyasi ushbu hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qilishi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini berishi kerak.

Ana shundan so‘ng siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imzo to‘plashga haqli bo‘ladi. Qonunga ko‘ra, siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilarining umumiy sonidan kamida bir foizining, kamida sakkizta ma’muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo‘lgan saylovchilarning imzosini qamrab olgan bo‘lishi kerak. Ma’muriy-hududiy tuzilmalardan birida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri) siyosiy partiya imzolar umumiy miqdorining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish siyosiy partiyaning yuqori organi tomonidan amalga oshiriladi. O‘zXDPning yuqori organi uning qurultoyi hisoblanadi.

Shuning uchun plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi qurultoyini chaqirish va uning kun tartibi to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Taklif-mulohazalardan so‘ng partiyaning X qurultoyini joriy yilning 14 oktabr kuni Toshkent shahrida chaqirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Qurultoy kun tartibiga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi munosabati bilan uning mahalliy tashkilotlari zimmasidagi vazifalar, partiyadan Prezidentlikka nomzod ko‘rsatish, Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturi haqidagi va boshqa masalalarni kiritish taklifi ma’qullandi.

Plenumda partiya Markaziy Kengashi a’zolari, faollar so‘zga chiqdi.

 

2009165.jpg

Safar OSTONOV, «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari Bosh muharriri:

— Avvalo, shuni aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘ladigan bu saylov mas’uliyati oldingi saylovlarga nisbatan bir necha barobar katta va yuksak. Chunki bu saylov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96-moddasiga asosan o‘tkazilmoqda...

Bu muhim jarayon qanchalik mas’uliyatli ekanini har birimiz chuqur his etib turibmiz. Bugungi vaziyat, bugungi sharoit bizdan har qachongidan ham uyushqoqlikni, hamjihatlikni, birdamlikni, o‘z burchimizga sadoqat bilan yondashishni talab etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak saylovga mamlakatdagi hozirgi vaziyatni, dunyoda yuz berayotgan murakkab va keskin voqea-hodisalarni hisobga olgan holda tayyorgarlik ko‘rishimiz talab etiladi.

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishni, kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni, shuningdek, saylov jarayonlarini matbuot va ommaviy axborot vositalari ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Saylov ochiq-oshkora, ya’ni demokratik tamoyillar asosida o‘tishida ularning faoliyati muhim o‘rin tutadi. Avvalo ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o‘tayotganini yoritadi. Mazkur jarayon saylovchilarning siyosiy faollik darajasini oshirishga kuchli ta’sir qiladi. Eng muhimi, Prezident saylovi — bu mamlakat, xalq taqdiri, istiqboli bilan bog‘liq muhim voqea ekani to‘g‘risida jamoatchilik fikrini shakllantiradi.

Shu bois matbuot va ommaviy axborot vositalaridan samarali foydalanish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.

Bizning bugungi bosh vazifamiz, barcha targ‘ibot-tashviqot ishlarimiz mazmun-mohiyati fuqarolarimizning saylovda faol ishtirokini, xalqimizning O‘zbekistonimiz manfaati yo‘lida ruhan birligini ta’minlashga, ona Vatanga sadoqat tuyg‘usini kuchaytirishga qaratilmog‘i kerak, deb hisoblayman.

 

2009166.jpg

Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Istiqlolimizning 25 yillik davri mobaynida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida ulkan tarixiy yutuq va marralar qo‘lga kiritildi. Iqtisodiyotimiz salohiyati oshdi, xalqimizning g‘ururi, ma’naviyati, turmush farovonligi yuksaldi, yurtimiz jahonda o‘z o‘rni, o‘z o‘ziga ega bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida boshqa muhim yo‘nalishlar qatorida parlamentarizmni rivojlantirish masalalariga ham katta e’tibor qaratildi. Shu bois jamiyatimiz hayotida parlamentning o‘rni va roli tobora ortib bormoqda. Ko‘ppartiyaviylik tizimi, saylov tizimi demokratik talablar asosida isloh etildi. Fuqarolik jamiyatining asosi hisoblangan nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar faoliyatining huquqiy asoslari yangi demokratik tamoyillarni inobatga olgan holda yanada takomillashtirildi. Pirovardida davlat va jamiyat boshqaruvida siyosiy partiyalarning ta’sir doirasi yanada kengaydi. Bularning hammasi turli aholi qatlamlari manfaatlarini o‘zida ifoda etadigan mukammal qonunlarning qabul qilinishi hamda iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy sohalarda islohotlarning samarali olib borilishiga xizmat qilmoqda.

Joriy yilda o‘tkaziladigan Prezident saylovida partiyamiz, mamlakatimizning har bir fuqarosi faol va munosib ishtirok etadi, xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, siyosiy-huquqiy madaniyati yuqoriligi yana bir bor namoyon bo‘ladi, deb ishonaman.

Saylovga tayyorgarlik jarayonlarida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratmog‘imiz lozim, deb o‘ylayman.

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati, elektorat manfaatlariga muvofiq tarzda partiyamizdan ko‘rsatiladigan nomzodning Saylovoldi dasturini ishlab chiqish, uning xalqchilligi, ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilganiga urg‘u berish maqsadga muvofiqdir.

Fikrimcha, saylov kampaniyasi davrida partiyamizning tuman va shahar kengashlari, boshlang‘ich tashkilotlarimiz elektorat vakillarida fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladigan tadbirlarning soni va sifatini oshirishi, bunda xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiyamiz guruhlari imkoniyatlaridan ham samarali foydalanishi talab etiladi.

Shuningdek, partiyamiz tomonidan ko‘rsatiladigan nomzodning ishonchli vakillarini tanlashda katta hayotiy tajriba va xalq orasida obro‘-e’tiborga ega, bilimli, salohiyatli faollarimiz, xayrixohlarimizga suyanishimiz, umuman, saylov bilan bog‘liq har bir masalaga katta mas’uliyat bilan yondashishimiz kerak.

 

2009167.jpg

Abdulhamid NURMATOV, O‘zbekiston XDP Andijon viloyat kengashi raisi:

— So‘nggi yillarda mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida izchil amalga oshirilgan ishlar, ayniqsa, qonunlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar parlament, vakillik organlari huquq hamda vakolatlarini yanada kengaytirdi, ijro hokimiyati organlarining mas’uliyati, javobgarligini oshirdi.

Shunga muvofiq ravishda, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan siyosiy partiyalarning nuqtai nazari, pozitsiyalari tobora mustahkamlanmoqda. Ularning dasturlarida jamiyat hayotining muhim masalalari aks etyapti. Siyosiy partiyalar vakillik organlarida ko‘proq o‘rinlarni qo‘lga kiritish orqali o‘z g‘oyalarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning strategik vazifalarini hal etishda sezilarli ta’sir kuchiga ega bo‘lib bormoqda.

Partiyamizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki haqida gapirar ekanmiz, eng avvalo aholi bandligi, turmush farovonligi, kuchli ijtimoiy siyosatga asoslangan iqtisodiy islohotlarni davom ettirish masalalariga e’tibor qaratish zarur, deb o‘ylayman.

Aytish kerakki, saylov jarayonlarida bizning asosiy kuchimiz hududiy va boshlang‘ich tashkilotlarimiz hisoblanadi. Ularning imkoniyatlari hamda salohiyatidan samarali foydalanish masalasi har doim e’tiborimizda turadi.

Bu boradagi birinchi qadam viloyat partiya tashkilotlari va saylanma organlari ishini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat shtabini tashkil etish bo‘lib, uning zimmasiga jiddiy hamda mas’uliyatli tashkiliy-huquqiy vazifalar yuklanadi. Ya’ni, u partiyamizdan Prezidentlikka ko‘rsatiladigan nomzodga qonuniy huquqlarini amalga oshirish va tegishli saylovoldi tadbirlarini o‘tkazishga ko‘mak beradi.

Saylov kampaniyasi davrida partiya tashkilotlarimiz o‘tkazadigan tadbirlarning yuksak saviyada tashkil etilishiga e’tibor qaratishimiz lozim. Qisqacha aytganda, partiyamizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi faoliyatimizda muhim bosqichdir. Shuning uchun plenumda qabul qilingan qarorlar, zimmamizga yuklatilgan mas’uliyatli vazifalarni to‘la-to‘kis bajarishimiz talab etiladi.

 

2009168.jpg

Nilufar YULDASHEVA, O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari:

— Bosh Qomusimizning 32-moddasida fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egaligi, bu huquq o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Shu ma’noda, saylov xalqimizning xohish-irodasini ro‘yobga chiqarishning muhim asosi hisoblanadi. Shunday ekan, davlatimizning har bir fuqarosi, xususan, saylovda birinchi marta qatnashadigan yoshlarimiz Prezident saylovi mazmun-mohiyati va ahamiyatini chuqur anglashi kerak bo‘ladi.

Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasini e’tiborga olishimiz kerak. Bu borada partiyamizning alohida targ‘ibot rejasini ishlab chiqishimiz muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylayman.

Boshqacha aytganda, saylov kampaniyasi davrida partiyamizning «Istiqbol» yoshlar va «Faol ayollar» qanotlari yetakchilari, «Yosh siyosatchilar» klubi a’zolari har qachongidan-da faol, tashabbuskor va fidoyi bo‘lishi lozim. Ayniqsa, partiyamiz safidagi yigit-qizlar «Yoshlar — yoshlarga», «Istiqbol» bilimdonlari», «Parlament», «Qonun ijodkorligi — yoshlar nigohida», «Muammolarni hal etishda mening ishtirokim», «Bo‘lajak deputat» kabi loyihalarda faol qatnashib, muayyan tajriba to‘plashgan. Ularning ishtiroki targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada izchil yo‘lga qo‘yishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

Plenumda, shuningdek, Toshkent viloyati Zangiota tumani «Nazarbek» qishloq vrachlik punkti mudiri, Oliy Majlis Senati a’zosi Maqsuda Vorisova, Beruniy tuman partiya kengashi raisi Xalilla Yeshimbetov va Qashqadaryo viloyat partiya kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari Olim Ravshanov Prezident sayloviga har tomonlama jiddiy tayyorgarlik ko‘rish, bu jarayonda partiyaning faol va munosib ishtirokini ta’minlash masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Plenumda muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

To‘lqin TO‘RAXONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.