Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

SAYLOVOLDI TADBIRLARI

10.08.2016

yuqori saviyada tashkil etilmoqda

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining joriy yil 14 oktabr kuni o‘tkaziladigan X Qurultoyiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Ayni kunlarda hududiy partiya kengashlari plenumlarida delegatlar saylanmoqda.

Saylovlar – demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyatining muhim belgisi hisoblanadi. Shu ma’noda, saylovni yuksak saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tkazishga barchamiz birdek mas’ulmiz. Shuning uchun Prezident saylovi bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazishda partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari va deputatlar faol ishtirok etishi talab etiladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent viloyat kengashining navbatdagi plenumida bu fikrlar alohida ta’kidlandi. So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etish, aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish hamda partiyaning X Qurultoyiga viloyat partiya tashkilotidan delegatlarni saylash to‘g‘risidagi masalalarni atroflicha muhokama etishdi.

Plenumda O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi mas’ul xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, tuman, shahar partiya kengashlari rahbarlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari va faollar qatnashdi.

0810162+.jpg

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan voqeadir. Saylovni tegishli qonunchilik talablari asosida, umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlarga muvofiq o‘tkazish, fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish, ularning saylov qonunchiligi bo‘yicha bilimlarini yuksaltirish masalalari juda dolzarb. Bu siyosiy partiyalar, xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi, — dedi viloyat partiya kengashi raisi Mehroj Darxonov yig‘ilishni ochar ekan. — Buning uchun barcha darajadagi partiya tashkilotlari saylovchilarning ongida yurtimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga daxldorlik hissini shakllantirish ishlariga o‘z e’tiborini qaratishi zarur bo‘ladi. Yana bir muhim vazifa shundan iboratki, saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida viloyat partiya tashkilotidan boshlang‘ich tashkilotlargacha bo‘lgan bo‘g‘inlarning mustahkam hamkorligini yo‘lga qo‘yish talab etiladi.

— O‘zbekiston XDPning Prezident saylovidagi ishtiroki haqida so‘z yuritar ekanmiz, aholi, xususan, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish borasida ham alohida targ‘ibot rejasini ishlab chiqishimiz lozim, — deydi xalq deputatlari Yangiyo‘l tuman Kengashi deputati Mavjuda Bovaqulova. — Yoshlarning ezgu maqsad yo‘lida sobitqadamligi bo‘lajak saylovdagi faol ishtirokida ham aks etadi. Demak, O‘zbekiston XDPning «Istiqbol» yoshlar va «Faol ayollar» qanotlari targ‘ibot ishlarini izchil yo‘lga qo‘yishi lozim.

0810163+.jpg

Mamlakatimiz aholisining katta qismi yoshlardan iborat ekanini inobatga olsak, saylovda ularning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Saylovda ilk bor ishtirok etayotgan yoshlar o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchligi va osoyishtaligi uchun o‘zlari munosib ko‘rgan nomzodga ovoz berishlariga ishonamiz.

— Saylov kampaniyasi davrida boshlang‘ich partiya tashkilotlari ishini kuchaytirish, ular bilan mustahkam aloqa o‘rnatish hal qiluvchi masalalardan sanaladi, — deydi Qibray tumanidagi «Do‘rmon» qishloq fuqarolar yig‘inidagi hududiy tashkiloti raisi Vasila Mahmudova. Elektorat vakillarining fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, siyosiy-huquqiy dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan targ‘ibot ishlariga boshlang‘ich tashkilotlar faol jalb etilishi zarur. Aholi bilan doimiy muloqot olib borish, biz ko‘rsatgan nomzodga odamlarning munosabatini, ijobiy fikrini shakllantirish uchun ishni quyidan boshlash yaxshi samara beradi.

0810164+.jpg

Siyosiy va fuqarolik ma’rifati tizimidagi o‘quvlarni imkon qadar quyi bo‘g‘inlarda tashkil etish muhim. Ularda saylovga oid qonunlar va me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazmuni, saylovchilar faolligining ahamiyati, huquq hamda burchlarini batafsil tushuntirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, plenumda so‘zga chiqqanlar vakolatli vakil, kuzatuvchi va ishonchli vakillarni tanlash borasida ham taklif, tavsiyalarini bildirishdi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Toshkent viloyat partiya kengashi plenumi tegishli qarorlar qabul qildi.

 

* * *

0810165+.jpg

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi plenumida ham partiyamizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirokiga doir masalalar muhokama etildi.

Unda mintaqaviy kengashlar raislari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolari, boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari va faollar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar saylov qonunchiligiga oid targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirib o‘tishdi.

Partiya dasturiy maqsad va g‘oyalarini amalga oshirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha oldinda turgan vazifalar belgilab olindi.

Plenumlarda, shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi Qurultoyiga 7 nafardan delegat saylandi.

 

0810166+.jpg

Gulruh ODASHBOYEVA,

Nosirjon DEHQONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.