Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

SAYLOVGA TAYYORGARLIK JARAYONIDA

10.11.2016

imkoniyatlardan samarali foydalanish talab etiladi

Nukus shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari, tuman va shahar kengashlari raislari, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, faollar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Plenumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyamizning faol va munosib ishtirokini ta’minlash, bu borada Qoraqalpog‘iston Respublika tashkiloti oldida turgan vazifalar muhokama etildi.

Dastlab O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Hotamjon Ketmonov saylovga tayyorgarlik jarayonlari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Saylov — demokratik davlatdagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri hisoblanadi. O‘tkazilayotgan har bir saylov jamiyat hayotining ertasini belgilab berishda beqiyos o‘rin tutadi. Chunki erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini demokratik saylovlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Saylovlar jarayonida xilma-xil fikrlar, odamlarning xohish-irodasi, orzu-umidlari, ijtimoiy kayfiyati yaqqol namoyon bo‘ladi.

Mazkur siyosiy jarayonda partiyamizning faol ishtirokini ta’minlash, saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rish borasidagi muhim vazifalarni belgilab olishimiz zarur, — dedi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Amudaryo tuman kengashi raisi Maxsud Sa’dullaev. — Barcha partiya tuzilmalarimiz saylovchilarda daxldorlik hissini shakllantirish ishlariga alohida e’tibor qaratishi zarur.

Plenumda kun tartibidagi masalalar yuzasidan «Qaraqalpaqstan hao‘azы» gazetasi bosh muharriri Sharapatdin Ayapov, To‘rtko‘l tuman kengashi raisi Oybek Xudaybergenov va boshqalar o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining X qurultoyiga Qoraqalpog‘iston Respublika partiya tashkilotidan delegatlar saylandi.

Bildirilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda, muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Beruniy tuman kengashi raisi vazifasida ishlab kelgan Xalilla Yeshimbetov O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi raisligiga saylandi.

 

* * *

 

1110162+.jpg

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashining navbatdagi plenumi boshlanishidan oldin bir guruh faollarning suhbati ustidan chiqdik. Partiyamiz a’zolari o‘z hududlarida saylovga tayyorgarlik ishlari qanday ketayotgani va fuqarolarning siyosiy-huquqiy faolligini oshirish borasida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi xususida fikr almashishardi. Bu masalalar plenumda ham atroflicha muhokama qilindi.

— Prezident saylovining muhim bosqichlaridan bo‘lgan imzo yig‘ish ishlari yakuniga yetdi. Bu jarayonda partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashga chaqirish, fuqarolarning siyosiy faolligi hamda huquqiy bilimini yuksaltirish ishlari ham jadal olib borildi, — dedi plenumni ochar ekan O‘zXDP Toshkent shahar kengashi raisi Haydar Boboxonov. — Mamlakatimizdagi islohotlar yurtdoshlarimizning tinch va farovon hayoti, farzandlarimizning porloq kelajagi uchun amalga oshirilmoqda. Ana shularni inobatga olgan holda, aholi orasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, Prezident saylovining ahamiyatini tushuntirish, hamyurtlarimizni faollikka chaqirishimiz lozim. Bu ishlarda barcha darajadagi partiya tashkilotlari hamda deputatlik birlashmalari o‘zaro hamkorlikda, hamfikrlikda faoliyat yuritishi zarur. Prezident sayloviga tayyorgarlik ishlarini qonunchilik me’yorlari bo‘yicha olib borish barchamizdan katta mas’uliyat talab etadi.

— Albatta, saylovga tayyorgarlik yuzasidan oldimizda ko‘plab vazifalar turibdi. Toshkent shahar hamda tuman kengashlarimizda saylovoldi shtablari tuzilgan. Deputatlar, partiya tashkilotlari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar, amalga oshirilgan ishlar haqida elektorat vakillarini doimiy xabardor etib borishimiz lozim, — dedi xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, O‘zXDP guruhi a’zosi Nigora Eshmetova. — Bundan tashqari, «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonunlarning mazmun-mohiyatini aholi orasida keng tushuntirish dolzarb masala hisoblanadi. Ma’lumki, har bir fuqaro saylash, saylanish huquqiga ega va bu huquq saylovchining xohish-irodasiga ko‘ra, erkin amalga oshiriladi. Buning uchun jamiyatda fuqarolik mas’uliyati, siyosiy faollik oshishi talab etiladi. Poytaxtimizda tashkil etilgan 713 saylov uchastkasiga kuzatuvchilar tayinlashga ham alohida e’tibor bilan yondashishimiz zarur. O‘ylaymanki, saylovoldi tadbirlarini partiyamiz faollari bilan hamkorlikda yuqori saviyada o‘tkazamiz.

— Barcha siyosiy partiyalar saylovga qizg‘in tayyorgarlik ko‘ryapti. Bu borada partiyamiz katta tajribaga ega, — dedi O‘zXDP Olmazor tuman kengashi raisi Kamoliddin Akromov. — Fidoyi, jonkuyar, el-yurt orasida hurmat-e’tibor qozongan faollarimiz ko‘p. Biz ularning salohiyati va imkoniyatlaridan kengroq foydalanish choralarini ko‘rishimiz kerak. Tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimizda bu muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman. Siyosiy partiyaning nufuzini oshirishdagi asosiy vositalardan biri, shubhasiz, uning boshlang‘ich tashkilotlari hisoblanadi. Shuning uchun aholi bilan doimiy muloqot olib borish, saylov kampaniyasi davrida tadbirlarning soni hamda sifatini oshirish, siyosiy va fuqarolik ma’rifati tizimidagi o‘quvlarni yanada izchil yo‘lga qo‘yishimiz lozim.

Shuningdek, plenumda «Faol ayollar» va «Istiqbol» yoshlar qanotlari yetakchilari ham Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Yoshlar va xotin-qizlarni jalb qilgan holda turkum seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazish haqida so‘z yuritildi. Saylovda birinchi marta ishtirok etadigan yigit-qizlarning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish muhim vazifa ekani ta’kidlandi.

Plenum qatnashchilarining takliflari asosida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi Qurultoyiga 7 nafar delegat saylandi.

 

Mnajatdin QUTLIMURATOV,

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.