Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

HUDUDLARDAN DELEGATLAR SAYLANDI

10.13.2016

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiya tashkilotlarining faol ishtirokini ta’minlash, aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish hamda partiyaning X Qurultoyiga delegatlar saylash to‘g‘risidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Dastlab ushbu masalalar bo‘yicha viloyat partiya kengashi raisi Abdulhamid Nurmatov ma’ruza qildi.

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz siyosiy hayotida katta voqea hisoblanadi, — dedi u o‘z so‘zida. — Shu bois mazkur siyosiy jarayonda partiyamizning munosib ishtirokini ta’minlashimiz, saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz zarur.

Saylov kampaniyasi davrida partiyamizning tuman va shahar kengashlari, boshlang‘ich tashkilotlar aholi, elektorat vakillarining fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, siyosiy-huquqiy dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan targ‘ibot ishlarini izchil yo‘lga qo‘yish lozim. Mazkur jarayonda, ayniqsa, Prezident saylovida birinchi marta ovoz berish huquqidan foydalanadigan yoshlar, xotin-qizlar, qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan aholi vakillari ishtirokida turli tadbirlar, davra suhbatlari, yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazish muhim ahamiyatga ega. Bu masala «Istiqbol» yoshlar va «Faol ayollar» qanotlari yetakchilarining diqqat markazida turishi, har bir tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish talab etiladi.

Shukurjon MAMATQULOV, O‘zbekiston Qahramoni:

— Saylovda xalqimizning xohish-irodasi ifoda etiladi. Shuning uchun bu masala haqida hammamiz chuqur fikr yuritishimiz zarur, deb o‘ylayman. Saylov orqali har birimizning konstitutsiyaviy huquqlarimiz himoya qilinadi, sodda qilib aytganda, bizning ovozimiz, munosabatimiz ertangi kunimiz uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois avvalo, kimga va nima uchun ovoz berayotganimizni to‘g‘ri anglab, tushunib olishimiz kerak.

Targ‘ibot, tayyorgarlik ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratsak, har tomonlama maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Matluba TO‘YCHIYEVA, O‘zXDP Bo‘z tuman kengashi raisi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati:

— O‘tayotgan har bir kun bizni mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga yaqinlashtirmoqda. Albatta, saylash va saylanish huquqi qonunlarimizda kafolatlangan. Ammo saylovchi, uning siyosiy faolligi, mas’uliyati degan tushunchalar haqida ham obdon o‘ylab, fikr yuritishimiz joiz. Demokratik jamiyatda yashayotgan har qaysi fuqaroning o‘z qarashlari, so‘zi va fikri bo‘lishi zarur.

Shu bois biz saylovoldi tadbirlarda saylovchilarni faollikka undashga, bu borada ochiq muloqotlar o‘tkazishga e’tibor qaratyapmiz.

Plenumda, shuningdek, partiya dasturiy maqsad va g‘oyalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Ular asosida tegishli vazifalar belgilab olindi.

 

* * *

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyat kengashining plenumida mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari ishtirok etdi.

Plenumda O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Rustam Komilov so‘zga chiqib, partiyaning Prezident saylovidagi faol ishtirokini ta’minlashda hududiy tashkilotlar oldida turgan vazifalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

— Ma’lumki, mamlakatimizda jahon standartlariga to‘liq mos keluvchi milliy saylov tizimi yaratilgan, — dedi Navoiy viloyat partiya kengashi raisi Akmal Asatov. — Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqi faqat siyosiy partiyalarga berilgani yurtimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xalqimizning xohish-irodasini to‘liq namoyon etishda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyamizning munosib ishtirokini ta’minlash uchun, avvalo, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatiga alohida e’tibor qaratishimiz, o‘tkazilayotgan tadbirlarning ta’sirchanligini yanada oshirishimiz zarur.

— Saylovga tayyorgarlik ishlarida partiyamizning munosib ishtirokini ta’minlash uchun joylarda elektorat manfaatlariga xizmat qiladigan tadbirlarni ko‘proq o‘tkazishimiz zarur, — dedi Konimex tuman partiya kengashi raisi Kanimgul Narbayeva. — Partiyamiz ilgari surayotgan g‘oya va takliflarni, qonunchilikdagi me’yor va qoidalarni saylovchilarga kengroq tushuntirsak, o‘ylaymanki, saylov ochiq-oshkora va demokratik ruhda o‘tishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

— Partiyamizning ustuvor vazifalaridan biri — onalik va bolalikni muhofaza qilish, yosh oilalarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirishdan iboratdir, — dedi «Oila» ilmiy-amaliy markazi viloyat bo‘limi rahbari, xalq deputatlari Karmana tuman Kengashi deputati Gulchehra Ro‘ziyeva. — Xalqchil va odamlar ko‘ngliga yaqin g‘oya va takliflarni ilgari surayotgan partiyamiz oldida yana bir mas’uliyatli vazifa turibdi. Uni ado etish uchun barchamiz yakdil, hamfikr va maslakdosh bo‘lishimiz zarur, deb o‘ylayman. Biz deputatlar, partiya faollaridan tashviqot ishlarini ko‘proq mahallalarda, oddiy odamlar orasida olib borish, ularni faollik va fidoyilikka undash talab etiladi.

Shuningdek, Buxoro, Jizzax, Sirdaryo va Surxondaryo viloyat partiya tashkilotlarining plenumlari ham bo‘lib o‘tdi. Ularda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning munosib ishtirokini ta’minlash masalalari keng va atroflicha muhokama etildi. O‘zbekiston XDPning navbatdagi Qurultoyiga delegatlar saylandi.

 

Ahmadillo SOLIYEV,

Ilhom SATTOROV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.