Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

HALI HAM TADBIR KO‘P...

04.06.2018

Buxoro viloyat partiya kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda hududiy partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.

— Partiyamiz Saylovoldi dasturida pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan aholi qatlami manfaatlarini himoya qilish g‘oyalari ilgari surilganini bot-bot takrorlaymiz, — dedi O‘zXDP Buxoro viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Robiya Kazimova. — Xo‘sh, bu borada qanday tashabbuslarni ilgari suryapmiz? Bugun har birimiz yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kerakli xulosa chiqarib, keyingi faoliyatimiz rejasini tuzishimiz lozim. Yutuqlar o‘zimizniki, kamchiliklar esa tuzatilmog‘i kerak.

O‘tgan yil partiya safiga qabul qilingan 2013 nafar yangi a’zoning 1266 nafarini ayollar, 1033 nafarini yoshlar tashkil etadi. «Qonun ijodkorligi — yoshlar nigohida», «Muammolarni hal etishda mening ishtirokim», «Salohiyatli kadrlar — davr talabi» kabi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

«Ijtimoiy himoyadan ijtimoiy faollik sari» loyihasi doirasida 175 nafar xotin-qiz ishga joylashtirilgan. O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan 204 nafar ayolga kredit olishga ko‘maklashilgan. 98 nafar xotin-qiz esa oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

— Amalga oshirilgan ishlarga nazar solinsa, ko‘proq tadbirlar o‘tkazish bilan cheklanib qolinayotgani ayon bo‘lyapti, — dedi plenumda so‘zga chiqqan O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi Hotamjon Ketmonov. — Vaholanki, partiyamiz oldida dolzarb vazifalar turibdi. Davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasida ko‘zga ko‘rinadigan tashabbuslarni ilgari surishda hamon oqsayapmiz. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha viloyat partiya tashkiloti va mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari tomonidan biror masala ko‘rilmagan yoki taklif ishlab chiqilmagan. Buni qanday tushunish kerak?.. Deputatlarimiz ishlayapti, faollashdi, degan gaplarni aytishdan oldin, «bizning harakatimiz jamiyatda nimani o‘zgartiryapti?» degan, savolga javob topishimiz zarur.

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhining 2017 yildagi faoliyati haqida guruh rahbari Shuhrat Ismatovma’ruza qildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan, viloyat Kengashi deputatlari Maqsud Xolov, Lola Ahadova va boshqalar so‘zga chiqdi. Sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyatini takomillashtirish, pedagog kadrlarni qadrlash bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Plenumda tashkiliy masala ham ko‘rildi. Robiya Kazimova O‘zXDP viloyat kengashining raisi etib saylandi.

 

* * *

O‘zXDP Samarqand viloyat kengashining plenumi ham tanqidiy ruhda o‘tdi.

— O‘tgan davr mobaynida 30 ga yaqin sayyor qabullar tashkil etildi, — dedi O‘zXDP viloyat kengashining raisi Majidxon Usmonov. — Uchrashuvlar mobaynida ijtimoiy sohaga doir 200 ga yaqin murojaat, taklif va mulohazalar bildirildi. Ularning 132 tasi mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari orqali ijobiy yechimini topgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan huquqiy tavsiyalar berildi. 18 masala yechimi yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar yo‘llangan va ijrosi nazoratga olingan.

— Deputat zimmasiga ulkan vazifalar yuklangan, — dedi viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari Baxtiyor Shukurov. — Deputatlar tomonidan turli masalalar yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga 80 ga yaqin so‘rov yuborildi. Homiylar ko‘magida nogironligi bo‘lgan fuqarolarga 34 ta nogironlik aravachasi olib berildi. Odamlar balandparvoz gaplarga emas, partiyaning amaliy ishiga qarab baho beradi. Shu bois muammolar yechimi yo‘lida tinmay izlanishimiz kerak. Biz qanday ishga qo‘l urmaylik, partiya nomidan harakat qilayotganimizni aslo yoddan chiqarmasligimiz lozim.

Plenumda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Shahlo BAQOYEVA,

Abdurasul SATTOROV.

www.uzbekistonovozi.uz