Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Saylovoldi dasturi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlardagi

S A Y L O V O L D I   D A S T U R I

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (keyingi o‘rinda O‘zbekiston XDP deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va davlat hokimiyati mahalliy vakillik organlaridagi deputatlik birlashmalari orqali o‘zining kelgusi davrda amalga oshirishni mo‘ljallagan dasturiy maqsad va vazifalarini O‘zbekiston taraqqiyotining bosh strategik maqsadi — aholi turmush darajasi yuqori bo‘lgan rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash borasidagi vazifalardan kelib chiqib belgilaydi.

Mamlakatimizda o‘tgan 23 yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari iqtisodiy va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratdi.

Ushbu sharoitlarda mamlakatimizni isloh etish va demokratik modernizatsiya qilishning yangi bosqichidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etish O‘zbekiston XDP faoliyatining asosiy strategik yo‘nalishiga aylanadi. Ustuvor iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy vazifalarni hal qilish jarayoniga demokratik mexanizmlardan samarali foydalanish orqali ta’sir ko‘rsatish — bu mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga partiyamiz daxldorligining eng yaxshi amaliy ko‘rinishidir.

O‘zbekiston XDP saylov kampaniyasiga kirishar ekan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida ko‘pchilik o‘rinlarni egallashni maqsad qilib qo‘ygan. Partiya vakillik demokratiyasi mexanizmlari vositasida qonunlarni qabul qilish, davlat hokimiyati ijroiya organlarini shakllantirish va ular tomonidan rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari hamda tegishli vazifalarni amalga oshirish yo‘llarini belgilashda amaliy ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishni ko‘zda tutmoqda.

Partiya, ijtimoiy adolat va ijtimoiy himoya kabi xalq demokratiyasi tamoyillariga amal qilgan holda, davlat hokimiyatining saylanma organlarida aholining quyidagi qatlamlari manfaatlarini himoya qilishni maqsad qilib qo‘yadi. Bular:

— davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari, shu jumladan pensionerlar, nogironlar, kam ta’minlangan oilalar, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqaga ehtiyojmand kishilar;

— ijtimoiy yordam va ijtimoiy muhofaza bilan shug‘ullanayotgan byudjet va boshqa tashkilotlar xodimlari, ijtimoiy sohaning boshqa vakillari;

— kasbiy malaka, doimiy ish joyi va maoshga ega bo‘lmagan, iqtisodiyotda band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi qatlamlari.

Partiya, shuningdek, bu insonlarning manfaati va hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq ijtimoiy vazifalarni hal qilishda barqaror ijtimoiy taraqqiyot va ishonchli ijtimoiy kafolatlar yaratilishidan manfaatdor bo‘lgan boshqa kishilarning ham ko‘magiga tayanadi.

 

IQTISODIY ISLOHOTLARGA — IJTIMOIY SAMARADORLIK

O‘zbekiston mustaqil rivojlanishining dastlabki yillarida tanlab olingan taraqqiyot va iqtisodiyotni isloh qilish modeli o‘zini to‘liq oqladi. Taraqqiyotning o‘zbek modeli asosini tashkil etuvchi besh tamoyildan biri — kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, islohot islohot uchun emas, avvalo, inson uchun, uning farovonligini ta’minlash uchun ekani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston XDP erishilgan natijalarni yuqori baholab, kelgusida ham mamlakatimizning o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyatidan aholining barcha qatlamlari, shu jumladan, uning kam ta’minlangan guruhlari turmush darajasini yaxshilash uchun foydalanishga qaratilgan strategik yo‘nalishni faol qo‘llab-quvvatlaydi. Shu maqsadda partiya o‘zining barcha tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari sa’y-harakatlarini ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlarda ishtirok etishga qaratadi.

Tanlangan yo‘limizga ko‘ra, bozor iqtisodiyoti ijtimoiy yo‘naltirilgan va eng avvalo jamiyat manfaatlariga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston XDP uchun iqtisodiy islohotlarda asosiy siyosiy ustuvor vazifa ko‘pchilik aholi, avvalo, uning davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga ehtiyojmand qatlamlari manfaatiga yo‘naltirilgan ijtimoiy siyosat yuritish orqali iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish hisoblanadi. Ushbu kuchli ijtimoiy siyosat quyidagilarni ta’minlashi lozim:

— mehnatga layoqatli aholining munosib haq to‘lanadigan ish topishga intilishini qo‘llab-quvvatlash, ularning shaxsiy tashabbuskorligi va tadbirkorligini rag‘batlantirish;

— mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarga, ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, kasb tanlash, ta’lim olish va o‘quv muassasalarini bitirgach, albatta birinchi ish o‘rinlariga ega bo‘lishlari uchun adolatli, teng va ijtimoiy jihatdan maqbul shart-sharoitlarni yaratish;

— pensionerlar, mehnatga layoqatsiz nogironlar, yetim-esirlar va aholining mehnat qila olmaydigan boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlovchi pensiya ta’minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimini vujudga keltirish.

Ushbu vazifalarni hal etish iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini tanlashda davlatning asosiy tartibga soluvchilik rolini yanada mustahkamlashni talab etadi, bu esa amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar ijtimoiy samaradorligining zaruriy sharti hisoblanadi.

 

BANDLIK SOHASIDAGI IJTIMOIY SIYOSAT — XALQ TURMUSH DARAJASI VA SIFATINI OSHIRISH, FUQAROLAR UCHUN MUNOSIB TURMUSH SHAROITLARINI YARATISH

O‘zbekiston XDP mamlakatimizda ish o‘rinlari tashkil etish va mehnatga layoqatli aholining bandlik darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan maqsadli choralarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Maqsadli davlat dasturlari asosida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan choralar yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi, ichki iste’mol bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan tovarlar bilan to‘ldirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksportbopligini oshirishning muhim omili hisoblanadi.

Partiya fikricha, aholi bandligi sohasidagi siyosatni takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishi band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholini korxonalarda munosib haq to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan samarali ta’minlashdan iborat bo‘lmog‘i lozim. Ularning sirasiga, birinchi navbatda, ishlab chiqarish sohasining yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko‘rsatish va servis sohasidagi korxona va tashkilotlar kiradi. Ushbu sohalarga mamlakatimizda mavjud bo‘sh mehnat resurslarini faol jalb qilish barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili hisoblanadi.

Shuningdek, partiya, davlat hokimiyati barcha idoralarining aholining manzilli ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha eng muhim vazifasi — mehnatga layoqatli odamlarni ishga joylashtirish, avvalo, yoshlar bandligini ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi.

Partiya kelgusida ham aholi bandligi va yangi ish o‘rinlari tashkil etish dasturlarining asosiy parametrlarini ishlab chiqishda faol qatnashadi va ularning joylarda ijro etilishi ustidan samarali parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini davom ettiradi.

O‘zbekiston XDP korxona va ish beruvchilarning tegishli hududlardagi kasb-hunar kollejlariga biriktirilishi hamda muntazam harakatdagi «kollej-korxona» aloqalarining yo‘lga qo‘yilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Partiyamiz har bir tuman va shahar miqyosida kollej bitiruvchilarining mutaxassisligi bo‘yicha bandligini ta’minlashga qaratilgan aniq rejalarni ishlab chiqish va amalda ijro etish borasidagi mas’uliyatni oshirish, shu bilan birga, har bir bitiruvchining istiqboldagi ish joyini avvaldan aniqlash, ularning ishlab chiqarish amaliyotini mazkur ish o‘rinlarida o‘tashlarini ta’minlash lozim, deb hisoblaydi.

O‘zbekiston XDP, shuningdek, bandlik va ish o‘rinlari yaratish hududiy dasturlari va muayyan tarmoqlar talabiga muvofiq, oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash dasturidan kelib chiqib, yaqin kelajakda xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi o‘z partiya guruhlari orqali joylarda tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli investitsiya dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tashabbusini ilgari suradi.

Ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan kishilar bandligini ta’minlashning samaradorligiga erishish maqsadida partiya quyidagi sohalarda me’yoriy-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish lozim deb hisoblaydi:

— mehnatga layoqatli aholi ko‘p bo‘lgan hududlarda aholining barqaror ravishda yetarli maosh olib turishini ta’minlash maqsadida sanoat korxonalarini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan maxsus mintaqaviy jamg‘armalarni tuzishni rag‘batlantirish. Bunda ushbu toifadagi odamlarning maoshlari ularning ijtimoiy sug‘urta va yoshi bo‘yicha nafaqa bilan ta’minlanganligi darajasini kafolatlanishiga erishish;

— «ishlab chiqarish ipotekasi»ni rivojlantirish, ya’ni zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni tijorat banklarining investitsiya sarmoyalari hisobiga modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan yangilash, shu orqali barqaror ish o‘rinlarini yaratish;

— korxona va tashkilotlar ehtiyojlaridan kelib chiqib, o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash amaliyotini rivojlantirish. Bunda soha korxona va tashkilotlarining o‘quvchilarning yuqori kasbiy malakasini kafolatlovchi ishlab-chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish borasidagi mas’uliyatini oshirish;

— kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining o‘zlari mustaqil ravishda ish o‘rniga ega bo‘lishlarini ta’minlash, yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun ularga imtiyozli mikrokreditlar berish, tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishdagi mavjud to‘lovlardan ozod etish yo‘li bilan ularning bandligini ta’minlashni rag‘batlantirish;

— bir martalik vaqtincha ish bilan band bo‘lgan shaxslar mehnat faoliyatining qonuniy asoslarini takomillashtirish, ularning pensiya ta’minoti va ijtimoiy sug‘urtasi bilan bog‘liq masalalarni hal qilish.

Imkon doirasida mehnat bilan band bo‘lishga harakat qilayotgan nogironlarning ijtimoiy moslashuvini ta’minlash maqsadida partiya quyidagilarga erishishga harakat qiladi:

— nogironlar mehnat qilishi uchun ixtisoslashgan korxonalarni tashkil etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, jumladan, ushbu maqsadda davlatning markazlashgan sarmoyalari hisobidan bunday korxonalar tarmog‘ini rivojlantirish choralarini ko‘rish;

— yirik korxonalarga kasanachilik ish joylarini tashkil etish bo‘yicha majburiy kvotalar belgilash orqali jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar (nogironlar)ni kasanachilik faoliyatiga jalb qilishni kengaytirish.

 

KAM TA’MINLANGAN OILALARNI MANZILLI IJTIMOIY HIMOYA QILISH SAMARADORLIGINI OSHIRISH

Mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimizda erishilgan aholining yuqori ijtimoiy ta’minlanganlik darajasi inson farovonligi va jamiyat ijtimoiy barqarorligining mustahkam poydevoridir. Partiyaning fikricha, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligini saqlab qolish orqali aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Aholining kam ta’minlangan qatlamlari va ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan insonlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish tizimining samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston XDP kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalarni to‘lash tizimini takomillashtirish, shuningdek, yakka tartibdagi mehnat faoliyatini mikrokreditlash va mikromoliyalash tizimining yanada samaradorligini oshirish va isloh qilish tarafdoridir. Shu maqsadda partiya kelgusi davrda quyidagilarni amalga oshirishga qaror qilgan:

— kam ta’minlangan oilalar a’zolariga ijtimoiy nafaqa to‘lash va moddiy yordam ko‘rsatish bilan birga muqobil asosda o‘z ishini ochish uchun ularga beg‘araz ssuda va grant berish institutini joriy qilish yo‘li bilan ularning tadbirkorlik faolligini davlat tomonidan rag‘batlantirish tizimining me’yoriy asoslarini ishlab chiqish va amaliyotga kiritishga erishish;

— fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kam ta’minlangan aholi qatlami, birinchi navbatda nogiron va yolg‘iz keksalarga moddiy yordam berish imkoniyatlari va huquqlarini kengaytirishga ko‘maklashish. Ushbu maqsadlarda partiya kelajakda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida byudjetdan tashqari moddiy yordam jamg‘armalarini shakllantirish bo‘yicha huquqiy bazani yanada takomillashtirishga erishish.

Partiyamiz o‘zining mahalliy va boshlang‘ich tashkilotlari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari orqali quyidagilarni amalga oshiradi:

— fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish idoralari tomonidan aholining band bo‘lmagan va kam ta’minlangan qatlamlarini o‘z ishini ochish va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘rgatish maqsadida tegishli hududda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun maslahat markazlarini tashkil etishga oid qonunchilikda ko‘zda tutilgan me’yorlarni amalga oshirishga ko‘maklashish;

— ijtimoiy xizmatlar, tashkil etilayotgan maslahat markazlari maqbulligini ta’minlash ustidan, shuningdek, aholining kam taminlangan qatlamlari va ishga joylashishda qiynalayotgan odamlarning ulardan foydalanishlari uchun teng imkoniyatlar ta’minlanishi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish.

 

SOLIQ VA BYUDJET SOHALARI SAMARALI TARTIBGA SOLINISHI, PUL-KREDIT MUNOSABATLARINI TAKOMILLASHTIRISH KUCHLI IJTIMOIY SIYOSATNING MUHIM OMILLARIDIR

O‘zbekiston XDP yurtimizda ijtimoiy sohani moliyalashtirishga davlat byudjetining salmoqli qismi sarflanayotgani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan byudjet va moliya siyosatining muhim yutug‘i, deb hisoblaydi.

Ushbu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlab, ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan davlat byudjeti daromadlari darajasini yanada oshirishni yoqlar ekan, partiya tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan soliq va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha choralarni amalga oshirishni taklif etadi.

Shuningdek, partiya xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi o‘zining partiya guruhlari orqali mehnat va urush faxriylari pansionatlari, «Saxovat», «Muruvvat» va «Mehribonlik» uylari, nogiron bolalar uchun maktab internatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sifatli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish uchun sharoitlar yaratish va yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironlar va tegishli bolalar muassasalari tarbiyalanuvchilarining hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga yo‘naltirilayotgan byudjet mablag‘larining qat’iy belgilangan maqsadlar uchun samarali ishlatilishi ustidan nazoratni kuchaytirish niyatida.

Pul-kredit munosabatlari borasida partiya quyidagi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy baza va tegishli huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga erishishni mo‘ljallamoqda:

— terminal tarmog‘i va onlayn to‘lovlar tizimini yanada kengaytirish orqali aholining naqd pulsiz to‘lov vositalariga ishonchini oshirish va bundan ularning manfaatdorligini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish, aholiga to‘lanadigan naqd pul va plastik kartalar asosidagi naqdsiz to‘lovlar o‘rtasidagi eng maqbul nisbatni ta’minlashga erishish;

— tegishli idoralar va mansabdor shaxslarning savdo tarmog‘i, shu jumladan, dehqon bozorlarida terminallarning uzluksiz ishlashi va aholiga plastik kartochkalar hisob raqamidagi mablag‘lar doirasida bankomat yoki bank kassalari orqali naqd pul mablag‘larining bemalol berilishi uchun mas’uliyatini oshirish;

— davlat va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashiga ehtiyojmand aholi qatlamlariga pensiya va ijtimoiy nafaqalarni to‘lashda bank plastik kartochkalariga ularning istaklarini inobatga olgan holda o‘tkazilishi va ularni o‘z vaqtida berilishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash.

 

YUQORI DARAJADAGI ICHKI TALAB — IQTISODIY TARAQQIYOTNING HARAKATLANTIRUVCHI KUCHI

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda barqaror iqtisodiy rivojlanish ijtimoiy samaradorligining ishonchli dalillaridan biri aholi real daromadlarining izchil ortishidir.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston XDP kelgusi davrda ham mehnatga haq to‘lashni izchil oshirib borish, shuningdek soliq bazasini kengaytirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish va soliq ma’muriy boshqaruvini yaxshilash hisobiga jismoniy shaxslarning, avvalambor, aholining kam ta’minlangan qatlamlarining daromadlariga solinadigan soliq stavkalarini bosqichma-bosqich pasaytirish siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ushbu choralar aholining xarid qobiliyatini oshirishga, demakki, ichki talabning ortishiga xizmat qiladi. Bu esa iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi va iqtisodiyotning real sektori o‘sish sur’atlarini izchil oshirib borishning mustahkam asosi hisoblanadi.

Mazkur choralar, ayniqsa, mehnatga past haq to‘lanadigan joylarda ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasida ochiq mehnat munosabatlarini o‘rnatishga, mehnat huquqlari, ijtimoiy va boshqa kafolatlarga amal qilinishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston XDP, shuningdek, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirishni ham yoqlaydi.

 

TOVAR VA XIZMATLARNING IJTIMOIY MAQBULLIGI

Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan manzilli ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri aholi, shu jumladan, uning kam ta’minlangan qatlamlari uchun birlamchi ehtiyoj bo‘lgan tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlashdan iborat.

O‘zbekiston XDP bu masalada mustaqil taraqqiyot yillarida erishilgan natijalarni yuqori baholab, ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlarga narxlarning shakllanishi ustidan davlat nazorati samaradorligini yanada oshirishni yoqlaydi. Bundan ko‘zlangan maqsad ularga bo‘lgan narx va tariflar o‘sishi tegishli davlat qarorlari bilan belgilanadigan oylik maosh, pensiya, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalarni oshirish ko‘rsatkichlaridan oshmasligini ta’minlashdan iborat.

Shu maqsadda partiya quyidagilarga erishish niyatida:

— minimal davlat ijtimoiy standartlari (bepul ta’lim, tibbiy yordam, uy-joy ta’minoti, ijtimoiy nafaqa va boshqalar)ni belgilash tartibini ishlab chiqish va tegishli qonunchilik hujjatlarida mustahkamlab qo‘yish;

— ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlar bozorida ustun mavqega ega (hukmron) bo‘lgan subyektlarning monopolistik faoliyatini cheklashga yo‘naltirilgan monopoliyaga qarshi siyosat samaradorligini oshirish. Monopol korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga narx va tariflarni o‘rnatishda ularning kam ta’minlangan aholi qatlamlari uchun maqbulligini ta’minlashdagi davlat boshqaruvini kuchaytirish.

 

UY-JOY VA KOMMUNAL XIZMATLAR, IJTIMOIY INFRATUZILMA OBYEKTLARINING MAQBULLIGI

Mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishi borasida amalga oshirilayotgan strategiyaning muhim ijtimoiy yo‘nalishi aholi turmushining sifatini oshirishdir. Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan qishloq aholi punktlarida zamonaviy loyihalar bo‘yicha uy-joylar qurishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar aholi turmushi va yashash tarziga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu ishlarni izchil davom ettirish bilan bir qatorda, uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, buning uchun zarur bo‘lgan muhandislik va ijtimoiy infratuzilmani jadal taraqqiy toptirish zarur.

Ushbu vazifalarni hal qilishda erishilgan natijalar va olib borilayotgan ishlar aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlarining sifatli uy-joy sharoitlari, ijtimoiy infratuzilma bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston XDP kelgusi davrda quyidagi vazifalarni amalga oshirish zarur, deb hisoblaydi:

— davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘larning bir qismi hisobidan aholining himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ijtimoiy uy-joy fondini tashkil qilishning aniq mexanizmlarini yaratish;

— nogironlarning ijtimoiy infratuzilmalar, shu jumladan, turar-joy va jamoat binolari, transport kommunikatsiyalaridan bemalol foydalanishlari uchun sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, aholi punktlari, bino va inshootlarni nogironlar uchun moslashtirgan holda loyihalashtirish;

— aholiga xizmat ko‘rsatadigan transport tizimini, tejamkor yer usti transporti turlarini rivojlantirish uchun infratuzilmani yaxshilash, shu jumladan, velosiped yo‘laklarini qurish va boshqa qulayliklarni ta’minlash.

Kommunal xizmatlar va ko‘p qavatli uylarda turar joydan foydalanish xarajatlari narxlarining ijtimoiy maqbullik darajasini oshirish maqsadida partiya quyidagilarga erishishni ko‘zlamoqda:

— tarmoq muhandislik infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lmagan kommunal xizmatlarni ko‘rsatishning arzon muqobil turlarini rivojlantirish;

— tabiiy monopoliya subyektlari bo‘lgan korxonalarning xizmatlari (elektr va issiqlik quvvati, gaz ta’minoti, ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari)ga narx va tariflarni o‘rnatishning iqtisodiy asoslangan aniq mezonlarini ishlab chiqish.

 

AHOLIGA KO‘RSATILAYOTGAN TIBBIY YORDAM VA XIZMATLARNING MAQBULLIGI VA YUQORI SIFATINI TA’MINLASH

Sog‘liqni saqlash sohasini izchil isloh qilish natijasida mustaqillik yillarida mamlakatimizda aholiga tibbiy yordam va xizmat ko‘rsatishning yaxlit zamonaviy infratuzilmasi shakllantirildi. Uni rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan byudjet xarajatlari yil sayin ortib bormoqda.

O‘zbekiston XDP bu strategik yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlagan holda aholiga birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami va maqbul tibbiy xizmat ko‘rsatilishini yanada kengaytirish va uning sifatini oshirishni muhim yo‘nalish deb, hisoblaydi.

Shu maqsadda partiya o‘zining xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari orqali aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga malakali tibbiyot-sanitariya yordami va asosiy tibbiy xizmatlarni bepul ko‘rsatish bilan bog‘liq tegishli qonunlar va boshqa normativ huquqiy hujjatlar bajarilishi ustidan tizimli deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish niyatida. Zarurat bo‘lgan hollarda quyidagi masalalar bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishiga intiladi:

— birinchi tibbiy yordamdan qulay va tezkor foydalanishni ta’minlovchi qishloq vrachlik punktlari (QVP), ayniqsa, olis qishloqlar aholisi uchun QVP tarmog‘ini kengaytirish;

— jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar va boshqa ayrim toifalarga imtiyozli asosda beriladigan dori vositalari va tibbiy jihozlar ro‘yxatini kengaytirish;

— farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati, dori vositalari va tibbiy anjomlarga narxlarning qo‘yilishi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, shuningdek, dori vositalari reklamasini cheklash.

 

MAQBUL VA SIFATLI TA’LIM HAMDA MADANIY-GUMANITAR SOHADAGI TENG IMKONIYATLAR UCHUN

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ta’lim sohasini tubdan yangilash va isloh qilish borasida salmoqli natijalarga erishildi. Mamlakatimizda yoshlarni umumta’lim va kasb tayyorgarligini ta’minlashning zamonaviy modeli amalga oshirilgan bo‘lib, uning vositasida har tomonlama barkamol va mustaqil fikrlovchi, mehnat bozorida talab katta bo‘lgan kasblarni egallagan, qat’iy fuqarolik pozitsiyasiga ega yoshlar tarbiyalanmoqda.

O‘zbekiston XDP sifatli ta’lim va kasb-hunar o‘rganishning barcha uchun teng, adolatli va ijtimoiy jihatdan maqbul tizimini yanada takomillashtirishni yoqlash bilan bir qatorda, quyidagilarni muhim, deb hisoblaydi:

— jamiyatning barcha qatlamlariga erkin va teng ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish maqsadida mintaqalardagi demografik o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, maktabgacha, o‘rta, o‘rta-maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarini oldindan barpo etish amaliyotini yanada rivojlantirish;

— bepul va imtiyozli to‘lovlar asosida faoliyat ko‘rsatadigan maktabgacha ta’lim davlat muassasalari tarmog‘ini kengaytirish;

— ko‘p bolali, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan va to‘lov-kontrakt asosida o‘qayotgan talabalar uchun imtiyozli ta’lim kreditlari berish;

— mulkchilikning barcha shakllaridagi korxona va tashkilotlarning ushbu korxonalar ehtiyoj sezgan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash uchun oliy o‘quv yurtlariga grantlar ajratishlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish;

— nogiron bolalarni zarur maxsus adabiyot va qo‘llanmalar bilan ta’minlashni o‘z ichiga oladigan inklyuziv ta’lim tizimini yanada rivojlantirish va soha o‘qituvchilariga imtiyozlar joriy etish, jismoniy imkoniyatlari cheklangan (nogiron) talabalarning oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;

— pedagogik ma’lumotga ega, lekin bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani bois ishlamaydigan ayollarning oilaviy maktabgacha ta’lim tarbiyachisi sifatidagi uy mehnatini tashkil etish.

Madaniy-gumanitar sohada ijtimoiy tenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash maqsadida partiya quyidagi masalalarni ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblaydi:

— kam ta’minlangan, barqaror daromadga ega bo‘lmagan oilalardan chiqqan qobiliyatli hamda iste’dodli bolalarni erta aniqlash va davlat grantlari ajratish orqali qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimni yo‘lga qo‘yish;

— mamlakat bo‘ylab, ayniqsa, olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq aholi punktlarida aholining kam ta’minlangan qatlamlariga maqbul bo‘lgan yosh avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sport bilan shug‘ullanishi uchun mo‘ljallangan infratuzilmani yanada rivojlantirish;

— ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini, ayniqsa, qiz bolalarni sport anjomlari va kiyimlari bilan keng ta’minlash.

 

DAVLAT QURILISHI VA SUD-HUQUQ TIZIMIDAGI IJTIMOIY JIHATDAN USTUVOR YO‘NALISHLAR

Ijtimoiy kelib chiqishi, moddiy ahvoli va jamiyatdagi o‘rnidan qat’iy nazar, har bir insonga uning shaxsiy fazilatlari va iste’dodini rivojlantirish, fuqarolik va umuminsoniy huquqlarini amalga oshirish imkonini beradigan zarur sharoitlarni yaratish O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim ijtimoiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Ushbu ustuvor yo‘nalishga amal qilayotgan O‘zbekiston XDP aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy manfaatlari va hayotiy ehtiyojlariga oid davlat qonunlari va boshqa qarorlarini tayyorlash hamda qabul qilishda ochiqlikni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu masalalarda partiyamiz quyidagi qonun hujjatlarini ishlab chiqish lozim, deb hisoblaydi:

— ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni tartibga soluvchi qonunlarni ishlab chiqishda qonun normalarining bevosita ta’sir etishiga, ya’ni havola normalarsiz qabul qilinishiga erishish;

— aholining ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand qatlamlariga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish va fuqarolarning ijtimoiy manfaatlariga daxldor boshqa masalalarga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi majburiyligini belgilash;

— mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda katta qiziqishga sabab bo‘ladigan masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishdan avval ushbu masalalar yuzasidan jamoatchilik maslahatlashuvlarini o‘tkazishning majburiyligini belgilash. Bunda hukumat siyosiy partiyalarning parlamentdagi fraksiyalari bilan, joylardagi hokimliklar esa partiyalarning tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi guruhlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishi lozim.

O‘zbekiston XDP kelajakda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida partiyalararo raqobat mexanizmlarini rivojlantirishni davom ettirish tarafdori. Ushbu maqsadlarda partiya parlamentdagi muxolifat faoliyati kafolatlarini mustahkamlashga intiladi.

Shuningdek, partiya ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan parlament nazorati institutini kuchaytirish, jumladan, parlament tomonidan yangi tayinlangan hukumat faoliyati dasturini ma’qullashning protsessual mexanizmlarini takomillashtirish va Vazirlar Mahkamasining ushbu dastur bajarilishi to‘g‘risidagi yillik hisobotini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan eshitish amaliyotini joriy qilish tarafdori.

Partiya axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish doirasida aholining yordamga muhtoj qatlamlarining interfaol davlat xizmatlari yagona portali va boshqa tegishli tarmoq resurslaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlovchi, aholiga qonunlar hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi viloyat, tuman va shahar idoralarining fuqarolar manfaatiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlari matni bilan tanishish imkonini beradigan shoxobchalar tarmog‘ining tashkil etilishiga erishishga harakat qiladi.

Partiya o‘zining ijtimoiy hamkorlari — Respublika «Nuroniy» jamg‘armasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, nogironlar jamiyatlari va boshqa tuzilmalar bilan yaqindan hamkorlikni mustahkamlash niyatida.

Sud-huquq sohasida partiya fuqarolarning, ayniqsa, aholining kam ta’minlangan qatlamlarining, o‘z haq-huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, xususan, da’vo arizalari kiritilganda olinadigan davlat boji miqdorlarini maqbullashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Partiya sud va sud protsessi ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro samarali aloqa o‘rnatilishini, jumladan, sud hujjatlari va xabarnomalarini yetkazishning zamonaviy uslublarini joriy etish orqali protsessual mexanizmlarni takomillashtirish lozim, deb hisoblaydi.

Partiya sud hokimiyati samaradorligining asosiy mezonlaridan biri — sud qarorlarining sifatli ijrosini ta’minlash, deb hisoblaydi va sud qarorlari bajarilishi ustidan sudlarning nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini ilgari suradi.

 

JAMIYATDAGI IJTIMOIY BARQARORLIKNING YUQORI DARAJASI — DEMOKRATIK ISLOHOTLARNI MUVAFFAQIYATLI AMALGA OSHIRISHNING MUHIM SHARTIDIR

O‘zbekiston XDP, axborot xuruji xavfi ortib borayotgan hozirgi sharoitda unga qarshi kurashda jamiyatning ijtimoiy birdamligini kuchaytirish juda muhim, deb hisoblaydi.

Bizningcha, jamiyatdagi barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida samarali hal qilish uchun mahalliy va boshlang‘ich partiya tashkilotlari tomonidan joylarda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va partiya elektorati kayfiyatining tizimli monitoringini tashkil etish lozim.

O‘zbekiston XDP mahalliy partiya kengashlarida faoliyat yuritayotgan Jamoatchilik qabulxonalarining ish samaradorligini oshirish, yirik boshlang‘ich partiya tashkilotlarida bunday qabulxonalar tarmoqlarini kengaytirish va ularning xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi O‘zbekiston XDP guruhlari bilan o‘zaro aloqasini mustahkamlash bo‘yicha choralar ko‘rishni maqsad qilib qo‘ygan.

Partiya islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish, ularni ochiq, oshkora va ijobiy ruhda muhokama qilish, o‘z vazifa va burchlarini uddalay olmayotgan davlat, xo‘jalik boshqaruvi idoralari, nazorat va huquqni muhofaza qilish tizimi rahbarlarini asosli tanqid qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.

 

TENG HUQUQLI MULOQOT VA O‘ZARO MANFAATLI HAMKORLIKKA ASOSLANGAN TASHQI SIYOSAT UCHUN

O‘zbekiston XDP dunyoda sodir bo‘layotgan murakkab jarayonlarni qayd etib, quyidagilarga yo‘naltirilgan davlat tashqi siyosatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi:

— mamlakatimiz milliy manfaatlarini amalga oshirish va himoyalashni ta’minlashga qodir o‘zaro manfaatli davlatlararo aloqalarning mustahkam tizimini yanada rivojlantirish;

— xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, kuch ishlatish yoki u bilan tahdid qilishdan voz kechish;

— boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;

— tinchlikparvar siyosatni amalga oshirish va harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmaslik, harbiy-siyosiy blokka aylantirilgan taqdirda, har qanday davlatlararo tuzilmadan chiqish;

— Markaziy Osiyoda tajovuzkor aqidaparastlik, millatchilik va ekstremizm g‘oyalari tarqalishining oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘rish;

— Markaziy Osiyo mintaqasida mojaroli vaziyatlar va keskinlik ortishining oldini olish, mavjud yoki yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishda siyosiy-diplomatik va xalqaro-huquqiy mexanizmlar, shu jumladan, preventiv diplomatiya vositalaridan foydalanish.

Partiya O‘zbekiston Respublikasi o‘zining yaqin qo‘shnilariga nisbatan ochiq, xayrixoh va pragmatik siyosat yuritishi tarafdori va mintaqaning barcha dolzarb siyosiy, iqtisodiy va ekologik muammolarini o‘zaro manfaatlar, xalqaro huquq me’yorlari va tamoyillarini hisobga olgan holda hal etish tarafdoridir. Markaziy Osiyoda vujudga keladigan muammolar mintaqadagi davlatlarning o‘zlari tomonidan tashqi kuchlar aralashuvisiz hal qilinishi lozim.

O‘zbekiston XDP Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishishga ko‘maklashish, Markaziy Osiyoni yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish hamda transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi mamlakatimizning mintaqaviy va xalqaro siyosatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.

***

O‘zbekiston XDP o‘z oldiga mazkur Saylovoldi dasturida bayon etilgan maqsad va vazifalarni qo‘yar ekan, uning siyosiy qarashlari va dasturiy maqsadlariga qo‘shiladigan barcha hamyurtlarimizni ushbu saylovlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy samaradorligini yanada oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan nomzodlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.

 

 

 O‘ZBEKISTON XALQ DEMOKRATIK PARTIYASI

SHIORLARI:

1. Maqsadimiz - xalqimiz turmush darajasini yanada oshirish!

2. Har bir inson uchun munosib ish o‘rni!

3. Keksalarimizning farovon hayoti uchun mas’ulmiz!

4. Iqtisodiy islohotlarga - ijtimoiy samaradorlik!

5. Ijtimoiy ko‘mak - tashabbuskorlikka yo‘l ochmog‘i darkor!

6. Kuchli ijtimoiy himoya - asosiy maqsadimiz!

7. Kam ta’minlanganlarning kuchli ijtimoiy himoyasi uchun kurashamiz!

8. Aholi bandligi - ijtimoiy himoyaning eng maqbul yo‘li!