Xalq demokratik partiyasi Prezident saylovida munosib ishtirok etadi

 

Partiya Markaziy Kengashi plenumida shu haqda qaror qabul qilindi

Hammamizga yaxshi ma’lumki, joriy yil 30 aprel kuni mamlakatimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘lib o‘tdi. Mamlakat tarixida birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamiz qabul qilindi.

Referendumda xalqimiz faol qatnashib, xalq Konstitutsiyasi uchun yuqori birdamlik namunasini ko‘rsatib ovoz berdi.

Yangilangan Konstitutsiya yangi huquqiy makonni yuzaga keltirdi. Bunday muhim tarixiy pallada mamlakat PrezidenTligi uchun saylov o‘tkazilishi katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga egadir. Markaziy saylov komissiyasi joriy yil 9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish masalalari bo‘yicha qaror qabul qildi.

Shu tariqa, O‘zbekiston tarixidagi yana bir katta siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik boshlandi.

Har qanday saylov siyosiy partiyalar, jumladan, Xalq demokratik partiyasi uchun o‘z dasturi, g‘oya va tashabbuslarini boyitgan holda xalqimiz oldiga olib chiqish, hohish-istaklarini bilish, faollar va elektorati safini kengaytirish, va albatta, siyosiy platformasini amalga oshirish nuqtai nazaridan muhim imkoniyatdir.

2023 yil 12 may kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning munosib ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Saylovda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod ko‘rsatish, partiyaning Qurultoyini chaqirish va uning kun tartibi, partiya Qurultoyiga vakillik me’yori va ularni saylash tartibi to‘g‘risidagi masalalar muhokama markaziga qo‘yildi.

Plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi masala muhokama etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiya elektorati, tarafdor va faollari tomonidan tavsiya etilgan Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich nomzodi partiyaning Qurultoyida ko‘rib chiqish uchun ma’qullandi. Shundan so‘ng birin-ketin partiya faollari so‘zga chiqishdi.

 

Ulug‘bek Vafoyev,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari:

– Mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, xalq farovonligiga erishish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda siyosiy-huquqiy islohotlar fundamental ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, keyingi o‘n yillikda dunyo davlatchiligida ijtimoiy yo‘nalish, xususan, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, davlat institutlarining fuqarolar oldida mas’uliyatini kuchaytirib borish tamoyili markaziy o‘ringa chiqmoqda.

Xalqimiz bilan birga muhim siyosiy tadbir – muddatidan ilgari Prezident saylovi arafasida turibmiz.

Saylov bu – fikrlar, qarashlar, g‘oyalar raqobati, xalq xohish-irodasining namoyon bo‘lishi, har bir fuqaroning o‘z kelajagi, Vatani ravnaqi, xalqi farovonligi uchun siyosiy jarayonlarda faol va bevosita qatnashish imkoniyatidir.

Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyani so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni ro‘yobga chiqarish, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy asosda yo‘lga qo‘yishda Prezident saylovi muhim ahamiyat kasb etadi.

Bo‘lajak Prezident saylovi yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy muhitda, partiyalararo raqobat, aholining siyosiy va fuqarolik faolligi kuchayib borayotgan sharoitda o‘tadi.

Partiyamizning saylovdagi ishtiroki bo‘yicha asosiy tadbirlarning kalendar rejasi ishlab chiqildi, partiya markaziy saylov shtabi tuzilib, uning vazifa va vakolatlari belgilab berildi.

Shuni ta’kidlash kerakki, bugungi kunda partiyamiz a’zolari soni qariyb 550 ming kishidan ziyodni tashkil qilmoqda, a’zolar tarkibida respublika darajasidagi davlat boshqaruv organlari rahbarlari, siyosat va jamoat arboblari, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari, bir so‘z bilan aytganda, yurtimiz ravnaqi va taraqqiyotiga o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib kelayotgan fuqarolarimiz juda ko‘p.

Partiyaning 32 yillik siyosiy maydondagi faoliyati, to‘plagan tajribasi hamda siyosiy qarashlarini e’tiborga olgan holda, partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari tomonidan berilgan takliflar, shuningdek, partiya faollari bilan maslahatlashib, partiya Ustavining 6.6.5-bandi talablaridan kelib chiqib, partiya Qurultoyiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod etib, Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Ilyasovich Inoyatovning nomzodini ko‘rsatish taklif etilmoqda.

Ulug‘bek Ilyasovich Inoyatov shaxsiga to‘xtaladigan bo‘lsam, samimiylik, oddiylik, halollik va ochiqlik, o‘z prinsiplariga sodiqlik va professionallikni alohida ta’kidlash zarur.

U kishi qat’iy siyosiy pozitsiyasiga ega, jamiyat manfaatini o‘z shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yishdek noyob fazilat sohibi, fidoyi rahbar, jamiyatning umummaqsadi yo‘lida sobitqadamligi bilan ko‘p sonli partiya a’zolari va aholi o‘rtasida katta hurmat va e’tiborga ega.

Bir so‘z bilan aytganda, Ulug‘bek Ilyasovich davlat boshqaruvi va siyosat sohasida yetarli tajribaga ega, partiyamiz oldida turgan dasturiy maqsad va vazifalarni samarali bajara olish uchun zarur ko‘nikmaga ega hamda saylovchilarimizni o‘z ortidan ergashtira oladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, bir qator partiya faollari, faxriylarining taklif va istaklarini e’tiborga olib, biz Ulug‘bek Ilyasovich Inoyatovning nomzodini Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka bo‘lajak nomzod sifatida ilgari surish haqidagi masalani partiyaning Qurultoyiga kiritish yuzasidan taklif bildirmoqdamiz.

Barcha plenum a’zolari ushbu taklifimizni qo‘llab-quvvatlaydi, deb umid qilamiz.

 

Sharbat Abdullayeva,

Xalq demokratik partiyasi “Faxriylar kengashi raisi:

– 2023 yil mamlakatimiz tarixida yangi bir sahifa ochdi desam, xato bo‘lmaydi. Nega deganda, avvalo xalqimiz o‘z siyosiy irodasini ifoda etib, yangilangan Konstitutsiyani qabul qilgan bo‘lsa, kuni kecha yana bir muhim siyosiy tadbirga start berildi. 9 iyul kuni muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkazilishi belgilandi.

Har qanday saylov – bu siyosiy partiyalar uchun imkoniyat. Bugun siyosiy partiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti tobora rivojlanib, ularning davlat va jamiyat hayotidagi ishtiroki kengayayotgan bir paytda aniq, hayotiy va aholi manfaatlariga mos maqsad-vazifalarni o‘z zimmamizga olishimiz muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, partiyamizning o‘z oldiga qo‘ygan g‘oya va maqsadlari bugungi zamon talabiga mutanosib, davr taqozo etayotgan muhim masalalar ekanligi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu jarayonda partiyamiz yangilangan Konstitutsiyadan kelib chiqib, dasturimizni ham tubdan yangilashimiz, unga xalqimizni hozirgi kunda o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha aniq yechimlarni kiritishimiz kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, partiyamiz o‘zining siyosiy mavqei va imijini hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirishi zarur. Bunda, avvalo, partiyamiz faoliyatini targ‘ib qilish, yetakchilarimizni siyosiy maydonga olib chiqish, yangi nomzod to‘g‘risida elektoratimizni, saylovchilarimizni xabardor qiladigan muhitni yaratishimiz zarur.

Saylovoldi targ‘iboti jarayonlarida, partiyamiz tashkilotlari huzurida tashkil etilgan “Targ‘ibotchilar guruhi”, “Yoshlar” va “Faol ayollar” qanotlari a’zolari imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz zarur. Oldimizda turgan muhim siyosiy jarayonlarda har bir partiya a’zosi, deputatlar, tuman, shahar Kengashlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari barcha imkoniyatlarini ishga solishi, shijoat bilan ishlashi lozim.

Shu o‘rinda partiyamizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilayotgan Ulug‘bek Ilyasovich haqida ham to‘xtalib o‘tsam. U kishi oddiy o‘qituvchilikdan chiqib, ta’lim sohasiga ko‘p mehnati singgan, hayotning past-balandini yaxshi biladigan, kamtarin inson. Siyosatda, davlat va jamoat ishlarida katta tajribaga ega, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi, yurtimiz ravnaqi va taraqqiyotiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelmoqda.

U kishining partiyamizdan Prezidentlik uchun nomzod sifatida ko‘rsatilishini qo‘llab-quvvatlayman. Ulug‘bek Ilyasovichni nomzodlikka har tomonlama loyiq inson, deb bilaman.

 

Erkin Gadoyev,

Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faoli:

– Bir siyosiy jarayonni yakunlab, yana bir muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan uchrashib turibmiz.

Bugungi yig‘ilishimizda partiyamizning ushbu saylov kampaniyasida muvaffaqiyatli ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilinmoqda, rejalar, dasturlar ishlab chiqilmoqda.

Barchamizga ma’lumki, Konstitutsiyamizga binoan Prezident saylovining asosiy subyekti siyosiy partiyalardir.

Demak, mamlakatimiz siyosiy maydonida o‘z o‘rni va mavqeiga ega, barcha saylovlarda faol qatnashib kelayotgan partiya sifatida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylovda o‘z nufuziga munosib tarzda ishtirok etishi lozim.

Partiyamiz tomonidan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich nomzodi ko‘rsatilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Yuqorida ta’kidlanganidek, u kishi ko‘p yillardan beri davlatimiz va jamiyatimiz uchun fidokorona xizmat qilib kelmoqda.

Uning ta’lim va partiyamiz rivojiga qo‘shgan hissasi katta. Shu bilan birga, Ulug‘bek Ilyasovichning bir jihatiga alohida to‘xtalib o‘tmoqchi edim. U kishi juda ham kamtarin va insonparvar shaxs hisoblanadi. Bu holatga shaxsan o‘zim bir necha bor amin bo‘lganman. Shu bois, o‘ylaymanki, aynan Ulug‘bek Ilyasovich partiyamizning eng munosib nomzodi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq qarorlarni hamda partiyaning nomzodini qo‘llab-quvvatlagan holda, reja va dasturlar doirasidagi barcha tadbirlarning yuqori saviyada, saylov qonunchiligining asosiy tamoyil hamda talablariga mos ravishda o‘tishini ta’minlashga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

 

Malika Qodirxonova,

Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faoli:

– Xalqimiz bilan yangi O‘zbekistonga mos va monand, xalqning orzu-umidlarini o‘zida to‘liq mujassam etgan yangilangan Konstitutsiyani qabul qildik.

Yangilangan Konstitutsiyada hokimiyat bo‘g‘inlari to‘liq isloh qilinib, ular o‘rtasidagi muvozanat jiddiy o‘zgardi, barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari oldiga yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalar qo‘yildi. Shu bois muddatidan ilgari Prezident saylovining e’lon qilinishi o‘rinli va ayni vaqtida bo‘ldi.

Galdagi muhim vazifamiz – saylovda faol ishtirok etish. Xalqimiz barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutmoqda. Shunday ekan, partiyamiz ham xalqimiz ishonchini oqlash uchun saylovda o‘zining dasturini qayta ko‘rib chiqib, elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, ularning og‘irini yengil qiladigan, hayotida ijobiy o‘zgarishlar yasay oladigan dolzarb takliflar bilan chiqishi kerak.

Har qanday saylov demokratiyaning ko‘zgusi hisoblanadi. Partiyalar bir-biri bilan o‘zaro raqobatlashib, jamiyatning o‘sishi uchun asosiy turtki, impuls bo‘lib xizmat qiladi. Partiyalar g‘oyalarni ko‘tarib chiquvchi, fikrlar beruvchi va jamiyatni rivojlantirishga undovchi, uni nazorat qiluvchi kuchga ega bo‘lgan siyosiy tashkilot hisoblanadi.

Shuni alohida qayd etishim kerakki, ushbu saylovning barcha jarayonlarida partiyamiz tashkilotlari va deputatlik korpusi faol ishtirok etadi. Ko‘zlangan marralarga erishish uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud. Chunki, barcha saylovlarda qatnashgan partiyamiz yillar davomida katta siyosiy tajriba to‘plagan.

Bizning partiya targ‘ibot va tashviqot jarayonlarida g‘oya va tashabbuslarini saylovchilarga yetkazish va xalq orasiga kirib borish bo‘yicha o‘z strategiyasiga ega. Shunday ekan, Xalq demokratik partiyasi yirik siyosiy jarayon bo‘lmish Prezidentlik saylovida munosib qatnashadi.

Men ham partiyamizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ilgari surilayotgan Ulug‘bek Ilyasovich nomzodini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Men u kishini ko‘p yildan beri yaxshi bilaman. Ulug‘bek Ilyasovich davlat boshqaruvi va siyosat sohasida hamda partiyamiz oldida turgan dasturiy maqsad va vazifalarni samarali bajarish uchun yetarli tajriba va ko‘nikmaga ega.

Bu inson partiyamizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida munosib ishtirok etishi uchun ushbu mas’uliyatli jarayonda partiya tashkilotlari va deputatlik korpuslarini hamjihatlikda, aniq, puxta va uyushqoqlik bilan birlashtirib, o‘z ortidan ergashtira oladi.

 

Sherzod Rahmonov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

– Mamlakatimizda yana bir muhim siyosiy imtihon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Mazkur saylov mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim voqea. Mazkur siyosiy jarayonda partiyamizning munosib ishtirokini ta’minlash, umuman olganda saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasida oldimizga muhim vazifalarni belgilab olyapmiz.

Targ‘ibot va tashviqot jarayonlarida asosiy kuchimiz mintaqaviy, mahalliy va boshlang‘ich darajadagi partiya tashkilotlarimiz hamda targ‘ibotchilarimiz hisoblanadi. Ularning imkoniyat va vakolatlaridan samarali foydalanishimiz lozim.

Xalq demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi hamda xalq deputatlari kengashlaridagi partiya guruhlari partiyaning Prezident saylovida ishtirok etishi jarayonlarida faol qatnashadi.

Partiyamizdan Prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilayotgan Ulug‘bek Ilyasovich haqida ham to‘xtalib o‘tsam. U kishi juda samimiy, oddiy, ochiqko‘ngil inson. Shu bilan birga, o‘z prinsiplariga sodiq, professional, qat’iy siyosiy pozitsiyasiga ega, partiya elektorati manfaatlarini sobitqadamlik bilan ilgari surishiga ishonaman.

 

Nazira Matyakubova,

“Qoraqalpog‘iston tongi gazetasi bosh muharriri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– 2023 yil mamlakatimiz tarixida har taraflama muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarga boy yil bo‘lmoqda. Xalqimiz umumxalq referendumida o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasini va yuksak siyosiy salohiyatini namoyon etib, kelajakda qanday davlatda yashash istaklarini namoyon etdilar.

Barchamiz ushbu jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash va muhokama qilish jarayonlarida keng jamoatchilikning yuksak faolligiga guvoh bo‘ldik.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi davlatning o‘z fuqarolariga bo‘lgan g‘amxo‘rligini yanada kuchaytiradi, davlat institutlarining faoliyatlari samaradorligini yanada oshiradi.

Partiyaning 30 yillik a’zosi sifatida shuni ayta olamanki, partiyamiz o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi demokratik islohotlarda, oshkoralik, erkinlik asosida o‘tkazilib kelinayotgan barcha saylov jarayonlarida faol qatnashib keldi. Bu jarayonlar partiyaning siyosiy tajribasini oshirdi, mafkuraviy, tashkiliy va uslubiy jihatdan mustahkamladi.

Saylov orqali biz partiyamizning dasturini xalq oldiga olib chiqib, xalqimizning xohish-istaklarini bilish, faollar va elektorat vakillarini kengaytirish, shu bilan birga, siyosiy platformamizni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Saylov jarayonlarida, jumladan, partiyamizni qo‘llab-quvvatlovchilar imzosini yig‘ish, nomzod va partiyamiz dasturiy maqsadlarini xalqqa yetkazish, targ‘ibot va tashviqot ishlarida partiyamiz safidagi faol, fidoyi va mas’uliyatli insonlarni jalb etishga, ularni tayyorlashga alohida ahamiyat qaratishimiz lozim.

Shu bilan birga, partiyamiz tomonidan ilgari surilayotgan nomzod Ulug‘bek Ilyasovich Inoyatovni to‘liq qo‘llab-quvvatlashimni ta’kidlamoqchiman. O‘ylaymanki, Xalq demokratik partiyasining Markaziy Kengashi raisi bo‘lajak Prezident saylovida elektoratimiz manfaatini munosib ifoda etadi.

Biz, qoraqalpog‘istonlik partiyadoshlar ishonch bilan aytamizki, bugun qabul qilinadigan qarorlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, saylov jarayonida munosib ishtirok etamiz.

 

Sherali Mamadetsoyev,

O‘zbekiston XDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi:

– Barchamiz guvohi bo‘lyapmizki, bugun dunyo notinch, avvalgidan ancha murakkablashgan. Har qadamda to‘qnashuv, kelishmovchilik yuzaga kelmoqda. Ayrim davlatlar fuqarolar oldidagi tinchlikni asrash bo‘yicha burchini bajara olmayapti.

30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda xalqimiz o‘zining fuqarolik pozitsiyasini namoyon qildi. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz rivojlanishning yangi tarixiy taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilmoqda.

Plenumda muhokama qilinayotgan masalalar mamlakatimizda ro‘y berayotgan siyosiy jarayonlarda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu qarorlarni hamda partiyamiz tomonidan ko‘rsatilayotgan Ulug‘bek Ilyasovich Inoyatov nomzodini qo‘llab-quvvatlagan holda barchamiz hamfikr bo‘lib, oldimizda turgan muhim vazifalarni amalga oshirishda faol bo‘lamiz.

Partiyaning Sirdaryo viloyatidagi barcha darajadagi tashkilotlari va deputatlik guruhlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq qarorlarni hamda partiyaning nomzodini qo‘llab quvvatlagan holda, oldimizda turgan muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada, saylov qonunchiligining asosiy tamoyil hamda talablariga mos ravishda o‘tishini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shadi.

Oldimizda turgan ulkan vazifalarni bajarishda barchangizga kuch-quvvat va omad tilayman.

Yangilangan Konstitutsiyamiz mamlakatimizda barcha sohalarda, jumladan, davlat boshqaruvi, siyosiy-huquqiy islohotlar yo‘nalishida ham yangicha huquqiy makonni yuzaga keltirdi. Mana shunday tarixiy davrda Xalq demokratik partiyasi ustuvor dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, yurtimizda o‘tkaziladigan Prezident saylovida munosib ishtirok etish uchun barcha imkoniyatlarini safarbar qilmoqda.

Ha aytgancha, Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod haqida yakuniy qaror qabul qilishga faqat partiyaning Qurultoyi vakolatli hisoblanadi.

 

Qo‘sh sahifani Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 17.05.2022, №18

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish