Ishonchli vakil bilan Navoiy shahrida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

 

O‘zXDPdan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Baxtiyor Toshev bilan Navoiy shahar Ftiziatriya va Pulmonologiya markazida saylovchilarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ishonchli vakil Baxtiyor Toshev saylovchilarni prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturida belgilangan tibbiyot sohasiga oid tashabbuslar bilan tanishtirdi.

Xususan, fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash huquqini ta’minlash maqsadida birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish, tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy qilish, shifokorlarning dorilarni tayinlashda elektron retsept tizimiga o‘tish kabi tashabbuslar yuzasidan batafsil ma’lumotlar va tushuntirishlar berdi.

Shuningdek, uchrashuvda ishtirok etgan saylovchi – tibbiyot xodimlari dori-darmonlar narxlarining arzonlashtirilishi borasida nomzod dasturida nimalar qayd etilganligi bo‘yicha ishonchli vakilga savol berishdi.

Ishonchli vakil Baxtiyor Toshev esa O‘zXDPdan Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturida “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish tashabbusi ilgari surilganini ta’kidladi.

Saylovoldi dasturi bo‘yicha berilgan boshqa savollarga ham ishonchli vakil tomonidan aniq va batafsil javoblar berildi.

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish