Prezidentlikka nomzod andijonlik saylovchilar bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovchilar bilan uchrashuvlari faol davom etmoqda. Nomzod uchrashuvlarning yangi haftasini Andijon viloyatidan boshladi. Andijon shahrida o‘tgan uchrashuvda partiya elektorati, ijtimoiy soha vakillari, yoshlar va mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashi raisi Bahrom Qurbonov olib bordi. Nomzodning ishonchli vakili saylovchilarni nomzodning tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi.

Shundan so‘ng nomzod o‘z saylovoldi dasturidagi asosiy yo‘nalishlar, taklif va tashabbuslar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Andijon viloyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda nomzod asosiy e’tibor ijtimoiy siyosat masalasiga qaratildi.

Ta’kidlanganidek, dasturda “Kuchli ijtimoiy siyosat – ijtimoiy davlatchilik poydevori, barqaror jamiyat va farovon turmush asosi” shiori ostida aholi manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Shuningdek, dasturda oilalar, bolalar, ayollar, qariyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga g‘amxo‘rlik qilish bilan bog‘liq masalalar ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, dasturda odamlarning hayot sifatini yaxshilashning muhim omili sifatida uy-joy va sifatli kommunal xizmatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush qo‘shgan holda qurishda ishtirok etish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish ham muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.

Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildilar. Saylovchilar dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda o‘z fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda faol ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish