O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Saylovoldi dasturidagi asosiy g‘oyalardan hisoblanadi
Mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga sanoqli kunlar qolmoqda. Hozirda Prezidentlikka nomzodlar Saylovoldi dasturidagi maqsad hamda vazifalariga asoslanib, jamiyatimiz taraqqiyoti va kelajagi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Xalq hokimiyatchiligi – demokratik ijtimoiy davlatni barpo etishning muhim sharti
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Saylovoldi dasturining VII yo‘nalishi “Ijtimoiy tenglikka va xalq hokimiyatchiligiga asoslangan demokratik boshqaruv” deb nomlangani ham bejiz emas. Unda belgilangan maqsad va vazifalar aynan jamiyatimizda dolzarb masalalarga bag‘ishlangani bilan ajralib turibdi.
Dasturda “Biz mamlakatda ijtimoiy tenglikka asoslangan xalq hokimiyatchiligi prinsipini mustahkamlash orqali demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish tarafdorimiz” degan fikr ilgari suriladi.
Xo‘sh, xalq hokimiyatchiligi deganda nima tushuniladi? U qanday xususiyatlarga ega? Avvalo, xalq hokimiyatchiligi fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi bevosita va bilvosita ishtiroki demakdir. Uyushqoqlik, bir-birining fikrini eshitish, o‘zaro hurmat va birdamlikda harakat qilish xalq hokimiyatchiligining muhim jihatidir.
Ta’kidlash lozimki, xalq hokimiyatchiligi – demokratiyaning mazmuni hamda ajralmas sharti. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining II bobi ham aynan “Xalq hokimiyatchiligi” deb nomlanib, uni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muhim qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan.
Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir. O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan organlar tomonidangina amalga oshiriladi”, degan qoida belgilangan.
O‘zXDPdan nomzodning Saylovoldi dasturida ta’kidlanganidek, barcha insonlarning yoshi, jinsi, jismoniy imkoniyati, millati, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotda faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish zarur.
Albatta, xalq hokimiyatchiligi prinsipi fuqarolarning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda bevosita va o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqida ham namoyon bo‘ladi.
Bosh Qonunimizga muvofiq, bu o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish hamda davlat organlarini demokratik tarzda tashkil qilish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish hamda takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Xalq hokimiyatchiligi prinsipi bilan bevosita bog‘liq ustuvor qoidalar mavjud bo‘lib, ular davlat hokimiyati tizimida o‘zaro tiyib turish hamda muvozanatni saqlash, ijtimoiy-siyosiy xilma-xillikni ta’minlash, muhimi, inson manfaatlarining davlat manfaatlaridan ustuvorligini kafolatlashga xizmat qiladi.
Xalq hokimiyatchiligi – bu jamiyatda qonun ustuvorligi va huquqiy madaniyat nechog‘lik yuksak darajada ekanini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos indikator ham deyish mumkin. Agar kishilar o‘z huquqlaridan to‘liq foydalanishga intilmasalar, eng oliyjanob va mukammal qonunlar ham ularni demokratik muhitda yashashga o‘rgata olmaydi.
Shu nuqtai nazardan biz mamlakatda ijtimoiy tenglikka asoslangan xalq hokimiyatchiligi prinsipini mustahkamlash orqali demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish tarafdorimiz. Bu aholining barcha, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining davlat, jamiyat hayoti, sud-huquq tizimida tenglik asosida ishtirok etishini kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fuqarolik jamiyati – inson huquqlarini ta’minlashning muhim kafolati
Dasturda “Fuqarolik jamiyati institutlari mamlakatda demokratiya, huquqiy davlat va shaxs erkinliklarini ta’minlashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Biz mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish tarafdorimiz”, degan fikrlar ilgari suriladi.
Milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga qaratilgan kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tish masalasi mamlakatimizda olib borilayotgan faol demokratik yangilanish va modernizatsiyalash jarayonlarining ajralmas qismi bo‘lishi lozim.
Fuqarolik jamiyatida:
- nodavlat, jamoat tashkilotlari, xususan, siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat tizimini mustahkamlashga, saylovchilarning, o‘z a’zolarining va davlatning manfaatlarini uyg‘unlashtirib, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi;
- markazlashgan boshqaruv bilan xalq hokimiyatchiligining boshqa subyektlari o‘rtasida ijtimoiy murosa, ahillik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash ta’minlanishi;
- inson manfaatlari davlat manfaatlaridan ustun turishi, davlat organlari insonlarga xizmat qilishi;
- ma’muriy boshqaruvdan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruviga o‘tish muhimdir.
Shu nuqtai nazardan nomzodimiz Saylovoldi dasturida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishini yanada kengaytirishni ham taklif etmoqda.
Fuqarolik jamiyati davlat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarilmaydigan fuqarolar, jamoat tashkilotlari va ko‘ngillilar uyushmalarining o‘zaro samarali ijtimoiy aloqalari tizimidan tashkil topgani sababli bu institut o‘ziga xos qonuniyatlar – tenglik, birdamlik, ochiqlik, o‘zaro hurmat, ishonch asosida rivojlanadi.
Huquqiy davlatni fuqarolik jamiyati rivojlanishining natijasi,deb hisoblash mumkin. Huquqiy davlatchilikning shakllanish jarayoni, hech shubhasiz, asta-sekinlik bilan, bosqichma-bosqich davom etib, fuqarolik jamiyati shakllanishi bilan birga uyg‘unlashib boradi.
Mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalarda yuz berayotgan o‘zgarishlarga uyg‘un ravishda fuqarolik jamiyati institutlari tobora rivojlanib bormog‘i lozim. Bu, bir tomondan, fuqarolarning siyosiy tafakkuri yuksalayotgani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan fuqarolik jamiyati institutlari faoliyat ko‘rsatadigan huquqiy makonning kengayib borishi bilan bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Ulug‘bek Inoyatov o‘z Saylovoldi dasturida fuqarolik jamiyati va nodavlat institutlar faoliyatigaalohida e’tibor qaratayotgani shu omillarga muvofiqdir.Nomzod ta’kidlayotganidek, fuqarolik jamiyati institutlari mamlakatda demokratiya, huquqiy davlat va shaxs erkinliklarini ta’minlashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Dasturda nazarda tutilgan yana bir masalalardan biri – davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga berib borish orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirish, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy sheriklik asosida xizmat ko‘rsatishga o‘tishdir.
Bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga davlat funksiyalarini berib borish zamirida ijtimoiy masalalarni yanada samarali hal etish, bu jarayonda nodavlat institutlar faolligi va ta’sir kuchini oshirish g‘oyasi mujassamdir. Bu birinchi navbatda fuqarolarning siyosiy-huquqiy xabardorligi va madaniyati yuksalib borishiga qulay sharoit yaratadi. Ayniqsa, odatda uncha faol hisoblanmaydigan, jamiyatdagi voqea-hodisalar bo‘yicha o‘z fikri, takliflarini har doim ham bildiravermaydigan ehtiyojmand qatlam uchun bunday sharoit muhim hisoblanadi.
Aholining turli ijtimoiy qatlamlari o‘rtasida muloqot muhiti rivojlanib borishi natijasida davlat funksiyalarining bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga o‘tishi jarayoni tabiiy ravishda kengayadi. Bu ayni paytda fuqarolarning nafaqat siyosiy-huquqiy, shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy faolligi oshishiga muhim asos bo‘ladi. Ijtimoiy boqimandalik kayfiyati o‘rniga, muammoli holatlarda fuqarolarda ijtimoiy birdamlik hissi bilan harakat qilish, eng muvofiq va tezkor yechimlar topishga intilishni kuchaytiradi.
Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari nuqtai nazaridan asosiy ustuvorlik shundaki, turli yo‘nalishdagi maslahat yordamlari, hunar o‘rganish, kasb tanlash, qayta malaka olish bilan bog‘liq masalalar fuqarolik jamiyati intitutlari orqali tezroq va samaraliroq hal etiladi. Shu nuqtai nazardan ham davlatning ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga berib borish g‘oyasi muhimdir.
Bu o‘rinda tashkiliy-huquqiy masalalar ham alohida e’tiborga molik.Fuqarolik jamiyati tuzilmalari yuqoridan turib emas, balki fuqarolarning tashabbusi bilan, ixtiyoriy asosda, tabiiyki, muassislarning manfaatlari, qiziqishlari va moyilliklariga muvofiq tuziladi. Ularning erkinligi o‘zini o‘zi boshqarish faoliyatida namoyon bo‘ladi va aynan shu yo‘l bilan ular jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.
Saylovoldi dasturda ilgari surilgan yana bir muhim masala –fuqarolik jamiyati institutlarini mahalliy miqyosda qo‘llab-quvvatlash, tumanlardagi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini kengaytirish. Ushbu tashabbus joylarda fuqarolik jamiyati institutlarining yanada faol ishlashi, fuqarolarni o‘ylantirayotgan, qiziqtirayotgan ijtimoiy masalalarni fuqarolarning takliflari va bevosita ishtirokida hal etish uchun muhim rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.
Ijtimoiy qiziqishlar va manfaatlar uyg‘unligi fuqarolarni bir-biriga tez yaqinlashtiradi. Buning uchun birinchi navbatda ular o‘rtasida yuzma-yuz va bevosita muloqot shakllanishi va rivojlanishi muhim. Bunday muloqot muhiti ma’lumki dastlab mahallalar, tuman, shaharlar miqyosida yuzaga keladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlariga ko‘ra har bir hudud o‘ziga xosdir. Mana shu o‘ziga xoslik fuqarolarni tez birlashtiradi, ijtimoiy masalalarni birgalikda hal qilish ko‘nikmasini rivojlantiradi. Shuning uchun fuqarolik jamiyati institutlari mahalliy miqyosda rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish muhim hisoblanadi.
So‘z fuqarolik jamiyati haqida borar ekan, tabiiyki, bu jabhada yetakchi bo‘lgan davlatlar tajribasiga to‘xtalib o‘tish lozim. Masalan, AQShda fuqarolik jamiyatining dastlabki institutlari turli uyushmalar, maktablar va turar joylar bo‘yicha xavfsizlik va tartibni ta’minlovchi ijtimoiy guruhlar sifatida faoliyat olib borgan. G‘arbiy Yevropada esa bundan farqli ravishda fuqarolik jamiyati institutlari iqtisodiy sohada o‘z-o‘zini namoyon qilib, bu yangi va eski tipdagi, oldingi uyushmalar va korporativ birlashmalar asosida tashkil topgan mustaqil bozor tashkilotlari sifatida faoliyat yuritgan.
Germaniyada fuqarolik jamiyati institutlarining o‘ziga xos faoliyati hunarmand va savdogarlarning o‘z-o‘zini himoya qilish va shaharlarni boshqarishga ma’lum darajada ta’sir o‘tkazishning dastlabki shakli sifatida qaror topgan.
Hozirgi davrda rivojlangan G‘arb davlatlarida faoliyat olib borayotgan fuqarolik jamiyati institutlari demokratik siyosiy faollikni nazarda tutgan holda davlat ustidan nazoratni amalga oshiradi. Bunda siyosiy partiyalar ta’siri va o‘zini o‘zi boshqarish institutlari faolligi tobora ortib boraveradi. Ya’ni, shaxs erkinligi oliy qadriyat sifatida baholanadi. AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliyada mazkur tamoyil sabab davlatning fuqarolik jamiyati hayotiga aralashuvi cheklangan.
Umuman olganda, rivojlangan davlatlarda faoliyat olib borayotgan demokratik institutlar zamonaviy fuqarolik jamiyati modelini yaratish, uning davlat boshqaruvidagi samarali ishtirokini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shu ma’noda, nomzodning Saylovoldi dasturida jamiyat va davlat boshqaruvida fuqarolik institutlarining o‘rni hamda ahamiyatini mustahkamlash, jamoatchilik tuzilmalari va davlat organlarining ijtimoiy sheriklik asosidagi hamkorligini yanada rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Bunda davlatning nodavlat institutlar bilan hamkorligi ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslanishiga katta urg‘u berilmoqda.
Siyosiy partiyalar – demokratik taraqqiyotning zaruriy sharti
O‘zXDPdan nomzodning Saylovoldi dasturida fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida siyosiy partiyalar va ularning birlashmalarining vakolatlarini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, ijro hokimiyati tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy hayotning eng muhim masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish mexanizmini joriy etish to‘g‘risidagi taklif muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.
Zero, ijro etuvchi hokimiyatning aholining manfaatlariga taalluqli, ijtimoiy-iqtisodiy hayotning eng muhim masalalari bo‘yicha xalq vakillari bilan maslahatlashuvi bunday dolzarb masalalar yuzasidan har tomonlama puxta o‘ylangan, barcha taraflarning manfaatlariga mos keluvchi qarorlar qabul qilish imkonini beradi hamda xalq hokimiyatchiligi prinsipiga to‘laqonli mos keladi.
Buning natijasida aholining turli qatlamlari huquq va manfaatlariga mos ijtimoiy jihatdan samarali qarorlar qabul qilinishi bo‘yicha huquqiy asoslar mustahkamlanadi. Siyosiy partiyalar, ularning deputatlik birlashmalari dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib, o‘z elektorati manfaatlarini himoya qilishga intiladi.
Fikrlar, qarashlar, pozitsiyalar xilma-xilligi ijro hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning sifati oshishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu xalq hokimiyatchiligi tamoyili mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahalla – noyob demokratik institut
Milliy qadriyatlarga asoslangan mahalla xalqimizning turmush tarzini ifoda etuvchi, ruhiy-ma’naviy ehtiyoji, mafkurasi, tafakkuri, insonlarning o‘zaro qo‘shnichilik aloqalari, oilaviy munosabatlarni shakllantiruvchi ma’naviy-ma’rifiy maskan, serqirra ijtimoiy tuzilma hisoblanadi.
Mahalla o‘zining ta’sir ko‘rsatish usullari orqali inson huquqlarini himoyalash, fuqarolik jamiyatining muhim elementi sifatida katta ahamiyatga ega. Bugungi kunda mamlakatimizda 10 mingga yaqin o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ya’ni mahallalar fuqarolarimizning ijtimoiy munosabatlardagi ishtirokining barcha jabhalarini qamrab olgan.
Xususan, fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirokini ta’minlash, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga ko‘maklashish (bag‘rikenglik, mehr-oqibat, hashar, o‘zaro yordam, muruvvat, hamjihatlik kabi milliy qadriyatlarni saqlab qolish va keyingi avlodlarga yetkazish, oilalardagi ma’naviy muhitni mustahkamlash) shular jumlasidandir.
Shu bois nomzodning Saylovoldi dasturida belgilangan aholi muammolarini hal etishning eng samarali va adolatli shakli sifatida mahalla tizimini rivojlantirish, ma’muriy, ijtimoiy, ekologik, madaniy va boshqa muammolarni hal etishda uning ishtirokini yanada kengaytirish borasida ilgari surilgan g‘oyalar alohida diqqatga molik.
Ushbu tashabbus mahallaning noyob demokratik institut sifatida davlat va jamiyat hayotidagi maqomini yanada mustahkamlashga va shu orqali fuqarolarning muammolarini mahallaning o‘zida, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz hal etish uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Mahalla instituti hayotimizning barcha jabhalari bilan uzviy bog‘langanini alohida ta’kidlash joiz. Fuqarolarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, kasbga yo‘naltirish, turli masalalarda malakasini oshirishni tashkillashtirishda dolzarb ijtimoiy funksiyani bajaradi.
Chunki mahalla nafaqat fuqarolar, balki oilalar, turli soha vakillari o‘rtasida ijtimoiy muloqot muhitini mustahkamlash imkoniyatlariga ham ega. Kim vaqtincha ishsiz, nega ishsiz, uning mehnat faoliyatiga qiziqishi, ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun qanday choralar ko‘rish mumkinligi mahalla doirasida tezroq hal etilishi mumkin.
Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, mahalla instituti davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish, shu orqali turli ijtimoiy dasturlar sifatli bajaralishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda beqiyos imkoniyatlarga ega hisoblanadi. Bitta hudud miqyosidagi har bir mahallada jamoatchilik nazorati faol yo‘lga qo‘yilganda, mahalliy ijro hokimiyati faoliyatida mas’uliyat va hisobdorlik ortadi.
Ko‘rinib turibdiki, nomzodimiz Saylovoldi dasturidagi muhim g‘oyalarning amalga oshishi, elektorat manfaatlari samarali himoya qilinishida mahalla institutining ahamiyati beqiyosdir.
Yoshlar – fuqarolik jamiyatining tayanchi
Mamlakatimizda ilg‘or, demokratik me’yorlarni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy munosabatlarga keng va faol tatbiq etishda yoshlar muhim o‘rin tutadi.
Shuning uchun Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod dasturida xalq hokimiyatchiligini mustahkamlashda yoshlar masalasiga ham e’tibor qaratilgan.
Xususan, dasturda salohiyatli yoshlar siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tizimida faol ishlashini rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlanadi.
Darhaqiqat, dunyoviy taraqqiyotdan ma’lumki, yoshlar barcha davrda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etilgan. Shu jihatdan bu qatlamni doimiy rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash muhim hisoblanadi.
Navqiron avlod vakillarining manfaatini boshqa ko‘pchilik qatlamlar vakillarining manfaatiga qarshi qo‘ymasdan, umummilliy manfaat bilan uyg‘unlashtirish yoshlar siyosatining o‘zagi hisoblanadi. Qayd etish joizki, yoshlar masalalariga alohida e’tibor qaratish va ularning muammolarini o‘rganish mamlakat istiqbolini yanada yuksaltirishga zamin yaratadi.
Jamiyatni isloh qilishning hozirgi bosqichida yoshlarda o‘z bilimlarini mustaqil boyitish, professionalizm va zamonaviy ko‘nikmalarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojlarini o‘rganish va ularning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri tashkil etish, g‘ayrat-shijoatidan mamlakatimizning umummanfaati yo‘lida foydalanish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish bugun har qachongidan dolzarbdir.
Bir so‘z bilan aytganda, yoshlar – el-yurt ertasini belgilab beruvchi kuch. Xalq hokimiyatchiligiga asoslangan boshqaruvni qaror toptirish, fuqarolik institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy tenglik hamda ijtimoiy barqarorlik asosi bo‘lgan demokratik qadriyatlar ustuvorligi ko‘p jihatdan aholining katta qismini tashkil etuvchi yoshlarimizga bog‘liq.
Umuman, Xalq demokratik partiyasi siyosiy platformasiga muvofiq shakllantirilgan nomzod Saylovoldi dasturidagi asosiy taklif
va tashabbuslarning samarali amalga oshishi mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Nomzod dasturining asosiy g‘oyalaridan bo‘lgan huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qat’iy nazar, barcha insonlarning davlat boshqaruvida erkin, faol ishtirok etishini kafolatlash fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyat yuritishiga chambarchas bog‘liqdir.
Alohida ta’kidlash joizki, nomzod dasturida barcha yo‘nalishlarda ilgari surilgan taklif-tashabbuslar bir-birini to‘ldiradi, albatta, ijtimoiy davlatchilik konsepsiyasiga har tomonlama muvofiq keladi.
Shu bois, saylovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz!
Hech birimiz befarq bo‘lmasligimiz, konstitutsiyaviy huquqlarimizdan foydalangan holda, qat’iy fuqarolik pozitsiyamizni ko‘rsatishimiz, davlatimiz ravnaqi, yurtimiz kelajagimiz uchun Prezident saylovida faol ishtirok etishimiz zarur.
Sherali Mamadetsoyev,
Baxtiyor Tashev,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakillari.
«O‘zbekiston ovozi», 5.07.2022, №25