BILASIZMI?

Ishga qabul qilishda quyidagi toifadagi shaxslarga dastlabki sinov muddati qo‘llanilmaydi

— homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga;

— korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslarga;

— o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilarga;

— xodim bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilgan hollarda.

 

Ta’lim krediti qay tartibda beriladi?

Banklar tomonidan oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limlariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalarning o‘qishi uchun ularning o‘zlariga, ota-onalari yoki vasiylariga ta’lim kreditlari berilishi mumkin.

Ta’lim kreditlari talabalar uchun bakalavriatga o‘qishga qabul qilinganda 10 yilgacha va magistraturaga o‘qishga qabul qilinganda 5 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.

Banklar tomonidan berilgan ta’lim kreditlari bo‘yicha:

— chin yetimlar, Mehribonlik uylarida tarbiyalanganlar hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga – nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);

— talabalarning qolgan toifalariga – Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan foiz stavkalari belgilanadi.

Ta’lim krediti uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  1. a) ariza;
  2. b) to‘lov-kontrakt shartnomasi (kontrakt);
  3. g) kreditni qaytarishning ta’minlanishi to‘g‘risida hujjat;
  4. d) imtiyozli ta’lim kreditlari olish huquqiga ega bo‘lgan chin yetimlar, Mehribonlik uylarida tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.

Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportini shaxsan ko‘rsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur ko‘chirmalar va nusxalar olishga haqlidir.

 

Asarlardan nusxa olish, ularni tarqatish mumkinmi?

Qonunchilikka ko‘ra, asarlardan yoki turdosh huquq ob’ektlari (ijro, fonogramma, ko‘rsatuv va eshittirishlar)dan qonunga xilof ravishda foydalanish, takrorlash, tarqatish taqiqlanadi.

Buning uchun aybdor hisoblangan shaxslar tegishli javobgarlikka tortiladi.

 

Maktablarda kimlar bepul darsliklar bilan ta’minlanadi?

Birinchi sinf, Mehribonlik uyi, maxsus maktab, maktab-internatlari va ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar o‘quvchilari maktabning kutubxona jamg‘armasi tomonidan darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadi.

Bunda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar o‘quvchilari ro‘yxati 1 sentabrgacha fuqarolar yig‘ini iltimosnomasi va ota-onalar qo‘mitasi xulosasi asosida maktabning pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Adliya vazirligining telegramdagi

«Huquqiy Axborot» kanali.

← Roʻyxatga qaytish