BILASIZMI?

Yo‘lning qatnov qismida elektron vositalardan foydalanish taqiqlanadi

Qonunchilikka ko‘ra yo‘lning qatnov qismida, shuningdek, piyodalar o‘tish joylarida harakatlanayotgan piyodalarga telefondan foydalanish, tele- videomahsulotlarni ko‘rish, radio-audiomahsulotlarni eshitish, kitob yoki davriy matbuot o‘qish, hamda e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish taqiqlanadi.

Mazkur talablarga rioya etmaslik esa piyodalarning ma’muriy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.

 

O‘qishni qayta tiklash bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish bir yilda ikki marta amalga oshiriladi

Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini qayta tiklash bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish bir yilda ikki marta amalga oshiriladi:

— o‘qishini kuzgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar;

— o‘qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15 yanvardan 25 yanvarga qadar davom etadi.

Qayta tiklash bo‘yicha qaror qabul qilish:

— kuzgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 5 avgustdan 30 avgustga qadar;

— bahorgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.

Ota-onaga ham aliment to‘lanadi

Qonunchilikka ko‘ra, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shart.

Ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari qaramog‘ida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-ona haqida g‘amxo‘rlik qilish va ularga moddiy yordam ko‘rsatish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ota-ona talabiga ko‘ra, ta’minot sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi.

Bunda ota-onaga aliment miqdorini belgilashda sud voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalarning barchasini hisobga olishi lozim.

 

Yosh oilalarga mikrokreditlar beriladi

— oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish uchun;

— mikrofirmalar, kichik korxonalar, oilaviy korxonalar, fermer xo‘jaliklari, shuningdek, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan dehqon xo‘jaliklari dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyasini shakllantirish uchun;

— yakka tartibdagi tadbirkorlik, mikrofirmalar, kichik korxonalar, oilaviy korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklarini kengaytirish va rivojlantirish uchun.

Kreditlar quyidagi imtiyozli shartlar asosida beriladi:

— oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish uchun mikrokreditlar bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo‘lmagan miqdorda o‘rnatiladi;

— ipoteka kreditlari uch yillik imtiyozli davr bilan foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;

— moliyaviy iste’mol kreditlari olti oylik imtiyozli davr bilan foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

 

Adliya vazirligining telegramdagi

«Huquqiy axborot» kanali

← Roʻyxatga qaytish