Jamiyatda har qanday inson boshqalar bilan muloqot qilishi, o‘zaro munosabatda bo‘lishi tabiiy. Odamlar bir-biri bilan fikrlashadi, bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi... Ba’zan ikki kishidan birining so‘zida turmasligi, va’dasini bajarmasligi ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘ladi. Aytaylik, kimgadir pul zarur bo‘ldi, tanishi qarz berib turdi, qarz vaqtida qaytarildi. O‘rtada hech qanday muammo yo‘q, ikkala taraf ham xursand. Lekin aksincha bo‘lsa-chi, aytaylik, qarz qaytarilmasa-chi? Unda qarz beruvchi va qarz oluvchi o‘rtasida nizo paydo bo‘ladi va bu albatta ortiqcha vaqt, asabbuzarlik va advokat xizmati, davlat boji bilan bog‘liq sarf-xarajatni talab qiladi. Bular-ku mayli, eng yomoni taraflar o‘rtasidagi nizodan do‘stlik, qo‘shnichilik, qavmu qarindoshlik, aka-ukalik, quda-andachilik kabi munosabatlarga putur yetadi.
Nizo kelib chiqmasligining asosiy omili esa, avvalo fuqarolarning huquqiy bilim va onggiga, o‘zaro munosabatda bir-biriga hurmat va e’tibor bilan munosabatda bo‘lishlari hamda qonun ustuvorligini tan olishlariga bog‘liqdir. Bir taraf ikkinchi tarafning huquqlarini tan olmasligi o‘rtada nizo kelib chiqishiga asos bo‘ladi.
Sud amaliyoti qiyosiy tahlilidan ko‘rinishicha, 2019 yilda nizolar sezilarli darajada kamaygan. Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2019 yilning birinchi yarmida 91 ming 744 ish ko‘rilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davrida 119 ming 823 ta ishni tashkil etgan.
Joriy yilning birinchi yarmida Respublika fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan ko‘rilgan 91 ming 744 ta ishning 63 ming 613 tasi da’vo tartibida ko‘rilgan.
Sudlar tomonidan da’vo tartibida 13 ming 21 qarz va kredit shartnomalari bilan bog‘liq nizolar, 14 ming 560 tasi turli bitimlar bilan bog‘liq nizolar, 1 ming 267 tasini mehnat nizolari, 1 ming 347 tasi bola ta’minoti uchun aliment undirish haqidagi, 652 tasi turar joydan ko‘chirish haqidagi, 571 tasi oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqqan nizolar bo‘lib, mazmunan hal etilgan.
O‘tgan olti oyda nikohdan ajralish haqidagi da’vo bo‘yicha jami 18 ming 92 ish sudlar tomonidan mazmunan ko‘rilib, shundan 11 ming 153 (61,6 foiz) da’vo qanoatlantirilgan, 6 ming 939 da’vo talablarining bir qismi rad etilgan, bir qismi yarashganligi sababli ish yuritishdan tugatilgan.
Hisobot davrida jami 4 ming 581 ish taraflar o‘zaro kelishganligi, yarashganligi sababli tugatilgan.
Bundan tashqari, sudlar tomonidan 15 ming 807 ta alohida tartibda yuritiladigan ishlar ham ko‘rilib, 11 ming 719 ariza qanoatlantirilgan.
Sudlar tomonidan qariyb 43 milliard so‘mlik qarzdorlikni undirish bo‘yicha 38 ming 630 ta sud buyruqlari chiqarilgan. 2018 yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 238 ming 166 ta sud buyrug‘ini tashkil etganligi, sud buyrug‘i chiqarish haqidagi talablarning keskin kamayganligi fuqarolarimizning soliq va boshqa to‘lovlarni, xususan, foydalanilgan elektr energiyasi, gaz, suv va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘lash bilan bog‘liq o‘z burchilarini ixtiyoriy bajarishga bo‘lgan munosabati o‘zgarganligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, sudlar tomonidan turli nizolarning oldini olish borasida 2500 dan ziyod xususiy ajrimlar chiqarilgan, aholi o‘rtasida 2 ming 317 marotaba suhbatlar o‘tkazilgan hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali mingdan ziyod chiqish qilingan. 35 ming 209 ish sayyor sud majlislarida ko‘rilgan.
Kuni kecha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning yarim yillik ish faoliyati, sud amaliyoti tahlili muhokama qilinib, sudlarga kelgusidagi faoliyatlarida ishlarni o‘z muddatida va qonuniy hal etishda asosiy e’tiborni taraflarga huquqlarini tushuntirgan holda kelishtirish orqali hal etishga, ayniqsa, oilalar barbod bo‘lishining oldini olish masalasiga qaratish tavsiya qilindi. Chunki har qanday fuqarolik nizosini taraflarga huquqlarini va amaldagi qonun talablarini tushuntirish orqali yarashtirish, kelishuv bitimi tuzish yo‘li bilan hal etish mumkin. Qachonki, taraflar o‘zaro kelishsa, ular o‘rtasidagi munosabatlar ham saqlab qolinadi. Zero, jamiyatimiz insonlar o‘rtasida sog‘lom munosabatlar qaror topishi, fuqarolar bir-birlarini qadrlashi, hurmat qilishidan manfaatdordir.
Xolmo‘min YODGOROV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari.