Mehnat qilib, halol yashasa bo‘lardi. Ammo...

...Sud zalida hozir bo‘lganlarning ayrimlari panjara ortida o‘tirgan 20 yoshli yigitlarga achinish bilan qarasa, boshqalarining nigohida nafrat ko‘rinadi. To‘g‘risi, ularga bir tomondan achinasan kishi. Lekin bir nechta jinoyatga qo‘l urgani uchun ularga g‘azab bilan qaraladi.

Sodiq Yarashov hamda Botir Saidov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 17-20 yoshida jinoyatga qo‘l urgan edi. Biroq ular xulosa chiqarmadi. Yoshlikning kuch-g‘ayratidan unumli foydalanib, hayot kechirish o‘rniga yana jinoyatga qo‘l urishdi.

Sodiq va Botir o‘rtoqlari bilan Chilonzordagi kafeda yarim tungacha ko‘ngilxushlik qilishdi. Ular kafedan chiqib, avtomashina haydovchisidan Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan uyga eltib qo‘yishni so‘rashdi. Manzilga yetishgach, old o‘rindiqda o‘tirgan Sodiq haydovchiga qarab, do‘stlari hozir uydan pul olib chiqishini aytadi. Haydovchi kutishga rozi bo‘ladi.

— Aka, telefoningizdan uyga qo‘ng‘iroq qilsam maylimi, — deb so‘raydi Sodiq payt poylab.

Haydovchi uyali telefonini uzatadi. Shu paytda Sodiq mushti bilan haydovchining ko‘ziga uradi. Telefonni olib ko‘p qavatli uylar orasida g‘oyib bo‘ladi. Ertasi kuni mushtumzo‘rlar uchrashib, uyali telefonni 120.000 so‘mga sotishadi. Chilonzordagi kafega kirib, yarim tungacha aroq ichishadi. Ko‘chaga chiqib, yana mashina to‘xtatishadi, — deyishadi.

— Qo‘yliqqa olib borsangiz.

“Spark”avtomashinasi haydovchisi bilan savdolari pishgach, kelishilganidek, Sodiq old o‘rindiqqa o‘tiradi. Yo‘lda haydovchining telefonidan 3-4 marta foydalanib, kimlar bilan gaplashganday bo‘ldi. Manzilga yetishgach, dastlab orqa o‘rindiqdagilar tushib, ko‘zdan uzoqlashishadi. Sodiq esa haydovchining telefonini olib qochib ketadi. Tabiiyki, haydovchi o‘g‘rining orqasidan quvadi. Biroq yeta olmaydi. Ertasi kuni ular yana uchrashib, telefonni 520.000 so‘mga pullashadi. 5 noyabr kuni esa “Kobalt” rusumli avtomashina haydovchisining telefonini olib qochib, 300.000 so‘mga sotishadi. Ularning qilmishlari shu bilan tugamaydi.

O‘sha kuni X. Alimov kech soat 22:00 larda avtomashinasiga gaz quydirib olish maqsadida rulni shoxobchaga buradi. Shu payt “Lasetti” rusumli avtomashinadan Sodiq va uning do‘stlari mast holatda kelib qolishadi, Sodiq begona odamdan sigaret so‘raydi. Yo‘q, degan javobni olgach, X.Alimovni haqorat qiladi. Keyin uning yuziga to‘satdan musht tushiradi. X.Alimov yiqilib tushadi Sodiqning nariroqda turgan sheriklari ham yetib kelishadi. Ular birgalashib, uni urib, tepkilashadi...

 Sud sudlanuvchilarga jazo tayinlashda aybiga iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, oilaviy sharoiti hamda yoshligini inobatga oldi. Ammo jinoyatga jazo muqarrar.

Ular turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Endi yoshlikning eng gullagan payti qamoqxonalarda o‘tadi.

 

Ravshan SHODIYEV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

← Roʻyxatga qaytish