«NIYATIM – DUNYODAGI ENG ZO‘R UNIVERSITETDA O‘QISH»

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yilida mamlakatimiz bo‘yicha jami 60 oliy ta’lim muassasasi va ularning 30 filialiga o‘qishga kirish uchun 1 million 66 mingdan ziyod talabgor bo‘lgan. Ularning 718 ming 97 nafari kunduzgi ta’lim shakliga, 13 ming 821 nafari kechki ta’lim shakliga, 335 mingdan ziyodi sirtqi ta’lim shakliga hujjat topshirib, o‘z bilim darajasini sinab ko‘rdi. Ba’zi test sinovlari hali ham davom etmoqda.

G‘alvir suvdan ko‘tarildi, yuqori ballga ega bo‘lganlar, to‘lov-kontrakt asosida talaba bo‘lganlar xursand. O‘tolmaganlar hech kimdan xafa emas, test sinovlaridagi shaffoflik yoshlarning bilimi xolis baholanganini ko‘rsatdi. Sinovlardan o‘tolmaganlarda yanada yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, kelgusi yilda orzusiga yetish imkoniyati bor.

Farzandlari oliy o‘quv yurtiga kirgan ota-onalarning quvonchi cheksiz, talaba bo‘lgan yoshlar o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi.

– Farzandim Husanjon Xalqaro Vestminster universitetiga hujjat topshirgan edi. Test sinovidan to‘plagan ballari haqidagi ma’lumotni test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga oldik, – deydi Samarqand tumanilik tadbirkor Narzullo Mamatqulov. – Uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani belgilangan tartib bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinar ekan. Onasi, o‘g‘lim, qizim, hammamiz ana shu javobni hayajonlanib, orziqib kutdik. Bir hafta go‘yo bir asrday tuyulib ketdi nazarimda.

– Vestminster universitetida birinchi imtihonda ingliz tilidan IELTS sertifikati talab etiladi, — deydi Husanjon. – Bu sertifikat o‘quvchining ingliz tilidan bilim darajasini belgilab beradi. Unda eng yuqori ball 9 bo‘ladigan bo‘lsa, men 8 ball oldim. Ikkinchi imtihon esa matematikadan bo‘ldi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tdim va shartnoma asosida talabalikka qabul qilindim. Faqatgina matematikadan biroz qiyin savollar tushdi. Agar yana ikkita masalani to‘liq yechganimda grant asosida o‘qishga kirardim.

O‘qishimizning birinchi yilida talabalar yo‘nalishlarga bo‘linmaydi. Ikkinchi kursdan har bir talaba o‘z xoxishiga qarab fakultetni tanlaydi. Bundan tashqari, men Toshkent Moliya instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga ham hujjatlarimni topshirgan edim. Ularning birinchi imtihonlarida yuqori ball oldim. Lekin Vestminsterda qoladigan bo‘ldim.

– Husanjon bog‘cha yoshidaligida 100 ta she’r yodlagandi. Shunda uning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini e’tiborga olib matematika va fizika faniga ixtisoslashtirilgan davlat unitar maktabiga olib bordim. U yerda turli tanlovlarda, olimpiadalarda qatnashdi. Maktabni qizil diplom bilan tamomladi. Keyin bank kollejida o‘qidi.

Qarindoshlar to‘y qiladi, tug‘ilgan kun yoki boshqa tadbirlar bo‘ladi, bormasdan faqat dars qilardi. Onasi bolam yur ketdik, bir kun darsing qolsa hech narsa qilmaydi, desa, yo‘q, darsimda uzilish bo‘lmasligi kerak, derdi.

Biz topgan pulimizni o‘g‘limni o‘qishi uchun sarflayapmiz. Unga ortiqcha narsa olib bermadik, dabdabadan qochdik. O‘ylaymanki, ota-onalar pulni to‘g‘ri sarflashi kerak.

Aytishlaricha, agar talaba yaxshi o‘qisa, shartnomadagi to‘lovdan 5 million so‘m chegirma qilishar ekan. O‘g‘lim shu imtiyozdan foydalanishga harakat qilaman, deyapti.

– Vestminsterni tugatgandan so‘ng magistraturada AQSh yoki Angliyaga borib o‘qimoqchiman. Iloji bo‘lsa Harvard universitetiga kiraman, – deydi Husanjon. Kelajakda iqtisodiyot yoki turizm yo‘nalishidan biridan ketmoqchiman. Niyatim – dunyodagi eng zo‘r universitetlarda o‘qib, yaxshi malakaga ega bo‘lish.

Astoydil intilgan albatta, niyatiga yetadi. Husanjon ham orzulariga yetishiga ishonchimiz komil.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri,

Bahodir HAMROQULOV, jurnalist.

← Roʻyxatga qaytish