HAYOT – ULKAN DARSXONA

Vatan bilan, yurt bilan bog‘lansa, har qanday tushuncha qudrat, teranlik, yuksalish kasb etadi. Bu haqiqatga ko‘p bor amin bo‘lganman.

Xizmat safariga chiqqanimizda cho‘l xududida joylashgan xonadonlardan biriga to‘xtab o‘tdik.

 — Suv muammosi yaqinda hal bo‘ladi. Hozircha suv talab qiladigan ekinlarni ekmay turibmiz. Albatta, o‘zbek xonadoni atirgulu rayhonsiz o‘ziga o‘xshamaydi. Shuning uchun bir juft atirgul parvarishlayapmiz. Qo‘lingizni gul ostiga yuva qoling mehmon, harna suv ichgani...

Uy bekasi xiyol maydaroq g‘unchalari ochilay-ochilay deb turgan atirgulni menga ko‘z-ko‘zlaganday ko‘rsatdi. O‘sha munis gullar go‘yo kun bo‘yi ko‘nglimga o‘z iforini sochib, yurgan yo‘llarimni fayziyob etgandek bo‘ldi.

Ha, yurt nomi bilan bog‘lansa, bir juft gul ham bo‘ston shodligini beradi. Ehtimol, hamma ham Vatan, yurt bilan bog‘liq qalbidan kechayotgan haroratli tuyg‘uning nima ekanini tushuntirib bera olmas, lekin aynan shu hissiyot insonni jamiyatda ham, oilada ham ustun kabi ushlab turadi. Unga maqsad, harorat, intilish beradi.

 O‘zbekiston Qahramoni, Andijonning Oltinko‘l tumanidagi «Oltinko‘l — vodiy gulshani» fermer xo‘jaligi rahbari Siyosatxon Abdullayeva hayotlik paytida bir suhbatimizda aytgan gaplarini doim eslayman:

— Odam bitta o‘zi uchun qahramonlikka qadam tashlamaydi, tavakkal qilmaydi. Bir yili uchquloq bo‘lib turgan g‘o‘zalarim ustidan yomg‘iru do‘l sharros quyib o‘tdi. Ularning bir-ikki soniyada shalpayib yotganini ko‘rib, isitmam qirqqa chiqib, o‘zimni o‘nglay olmay qolganman. Keyin menga ishonch bildir¬gan elu yurtim, rizqu ro‘zi shu yer, shu hosil bilan bog‘liq odamlarni o‘yladim. O‘rnimdan turib ketdim. «Odam uddalay olmaydigan ish bormi?! Qayta ekamiz», — dedim. Behalovatligimiz xudoga xush keldimi, hosil b-i-ir bo‘lib berdi...

Darhaqiqat, ortida yelkasidan suyaydigan eli, kuzatib turgan mehrli ko‘zlari bo‘lmasa, isitma bandi-bandidan bo‘shashtirgan ayol o‘zini rohatbaxsh bir go‘shaga tashlagan bo‘lmasmidi? Ayol boshi bilan etik kiyib, nam yerlarga kirarmidi?!

«Fidokorona mehnatlari uchun» ordeni sohibi, boks bo‘yicha Jahon va Osiyo chempioni O‘tkirbek Haydarov, Xyuston shahrida o‘tkazilayotgan musobaqada qattiq jarohatlanadi. O‘shanda u 25 yoshda edi. Sog‘lig‘ini o‘ylab olishuvni to‘xtatsa, o‘zini ehtiyot qilsa bo‘lardi. Lekin uning ortida g‘alabasini kutayotgan Vatani, non-tuz berib katta qilgan el-yurti bor edi. Shu bois O‘tkirbek ringni tashlab keta olmadi, jarohatlangan holida jangni davom ettirib, g‘alaba qozondi.

Vatan, vatandoshlaring haqida suyunib o‘ylasang, o‘ylaring gavhar shodasiday tizilib kelaveradi. O‘zbekiston xalq artisti, betakror ovoz sohibasi Munojatxonim Yo‘lchiyeva istiqlol yillarida jahonning eng nufuzli sahnalarida mumtoz ashulalarimizni mahorat bilan kuylab, xalqimiz ruhiyati naqadar baquvvat, ko‘ngli go‘zallikka to‘la ekanini namoyon etdi. Chet elliklarni ham shunga ishontirdi, san’atimizni sevdirdi.

— Sahnada kuylayotganimda yurtimizning bog‘lari, gulzorlari ko‘z oldimdan o‘tadi, — deydi Munojatxonim. — Soylarning novvot rangli mavjlari, xuddi qorachig‘imda to‘xtab qolgandek bo‘ladi. Shamollar shiviri, otlar dupiri qulog‘imga eshitiladi. Uyimni, yaqinlarimni eslasam, yuragim xapriqib ketadi...

Naqadar qalbga yaqin so‘zlar. Demak, vujudimizdagi bor jonli, haroratli hissiyotlar Vatan bilan bog‘langan. Azaldan shunday yaralganmiz. Shuning uchun Vatan bilan bog‘lik har bir so‘z, har bir suvrat yuragimizdan o‘tadi.

Xalqimiz qalbida og‘ir jarohatlar qoldirgan Andijon voqealaridan keyin bir azador xonadonga hamdardlik bildirish niyatida kirgandik. Yosh joni zavol topgan yigitning xizmat kiyimi xonadon to‘riga osib qo‘yilgan, yulduzchalari yelkasida yaraqlab turibdi. U go‘yo bir necha daqiqaga qayergadir chiqqan u hozir kelib kiyimlarini kiyadi-da, onasining duosini olib, vazifasini ado etishga ketadigandek... O‘g‘lining bo‘yini gullarga tenglab o‘stirgan, yigitlar qatoriga kirganida Allohga ming shukrlar aytgan, kuyovlik sarposini tayyorlab, katta orzu havas bilan to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotganida... Ayriliqdan jigari titilib, bag‘ri sitilgan onaga qanday tasalli beramiz? Fotihaga kelib-ketuvchilar uchun qo‘yilgan xontaxta atrofida bir siqim bo‘lib o‘tirar ekanmiz, har birimizning qalbimizdan shunday o‘ylar kechardi. Shu topda yomg‘irlar shodasidan bukilib turgan majnuntol shoxlariga o‘xshardik. Bitta sharpa tegsa, to‘kilib ketadigan holda edik go‘yo ...

Motam libosidagi ayol (rahmatli yigitning onasi) kirib keldi. Duoi fotiha, tilovatdan so‘ng ayol dedi:

 — Vatan uchun hayotini berdi. Shuni o‘ylasam, dardim yengillashganday bo‘ladi. Lekin bolam bekorga jon bermadi... Har bir ota-ona o‘z bolasidan yaxshilik kutadi. Afsuski, ba’zilar ota-onasiga isnod keltiradi. Turli jinoiy ishlarga qo‘l urib, ota-onani kuydiradi.

Motamsaro ayolning so‘zlarini eshitib, ko‘ksimizda yerbag‘irlab yotgan hissiyotlar tik turganday bo‘ldi. Onaizorga so‘z aytmadik, aytolmadik. Xayrlashayotib, bir-bir bag‘rimizni bag‘rimizga bosdik. Kim-kimdan kuch oldi...

— Ha, Vatan bilan bog‘lansa, yurt bilan bog‘lansa, taskinlar ham kuchli bo‘larkan, — dedi qaytishda oramizdagi yoshi ulug‘ olima.

Bir odam taqdir taqozasi bilan yurtdan ketib, xorijda istiqomat qilib qolgan ekan. O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilganda u Vatanga qaytishni istagan, lekin sog‘lig‘i, keksaligi tufayli buning ilojini topa olmabdi. So‘ngra «Yurtimizdan bir hovuch tuproq olib kelinglar», — deb O‘zbekistonga borib-keluvchilardan iltimos qilibdi. Otaxonning istagi bajarilibdi. O‘sha qariya har kuni choyiga bir chimdim tuproq solib ichar ekan. Buning sababini so‘raganlarga:

 — Choyimdagi tuproqdan kelib turgan is sog‘inch, hijronda ado bo‘lgan qalbimga mador bo‘ladi, — der ekan.

Istiqlol sharofati bilan xorijda o‘qiyotgan bir yigit xatida: «Onajon, bu yerda hamma narsa bor, faqat O‘zbekiston yo‘q», — deb yozadi.

Hijronzada chol va talabaning tuyg‘ulari qanchalar bir-biriga yaqin, o‘xshash! Demak, «Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!», — degan gap zamirida olam-olam ma’no-mazmun bor. Shu yurt haqida o‘ylaydiganlar nafaqat atrofimizda, balki xorijda ham borligi qalbda jonbaxsh tuyg‘ularni uyg‘otib yuboradi. Yaponiyalik taniqli olim, yozuvchi, sayohatchi Akio Kavatoning jurnalistlarga bergan intervyusini o‘qidim. «O‘sha mahallar xalq o‘zini vaqtincha yeb-ichishdan, kiyinish, ko‘ngil ochishdan, valyutani chetga chiqarmaslik maqsadida sayohatdan ham chek¬lagan. Bir so‘z bilan aytganda, millat Yaponiyani tiklash, oyoqqa turg‘azish yo‘lida birlashdi», — deydi u ikkinchi jahon urushidan so‘nggi yillarni xotirlab.

 Bunday fidokorlik bizga begonami? Yo‘q, aslo! Fashizm¬ga qarshi jangu jadallar borayotgan paytda momolarimiz qo‘l qovushtirib o‘tirmagan, dalaga chiqib mehnat qilgan, hatto sandig‘idagi meros zeb-ziynatgacha «Askarlar uchun», deb berib yuborgan.

O‘zi yupun nimchada qolsa ham, paxtalik kamzulini frontga jo‘natgan. Bir burda nonini urush maydonlaridan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan turli millat vakillari bilan baham ko‘rgan. Qanchalab yetim bolalarni o‘z oilasi bag‘riga olgan.

Vatan muhabbati, vatanparvarlikning zamoni yo‘q, u hamisha zamonaviydir. Hayot — ulkan darsxona. Vatan esa uning har kungi o‘qitilishi, o‘qilishi kerak bo‘lgan mavzusi. Shuning uchun Boburning Andijon qovuni orqali aks etgan Vatan sog‘inchini qanday tushunsak, bugun yurtdoshimiz, musiqashunos, lug‘atshunos olima Dilorom Karomatning hind diyorining Lakxnou shahridan ota-onasiga yozgan maktubidagi intizorlikni shunday tushunamiz.

Yaqinda bir kollejda uchrashuv o‘tkazildi. Unda talabalardan biri shunday deb qoldi:

— Shoira opa, men uncha yaxshi o‘qimayman. Siz vatanparvar bo‘lish uchun yaxshi o‘qish, yaxshi ishlar qilish kerak, dedingiz. Demak, mendan vatanparvar chiqmaydimi?

Bir qaraganda oddiy, lekin kutilmagan savol. Gap Vatan va vatanparvarlik haqida borar ekan, har bir so‘z va jumlaning zalvori bo‘ladi.

— Vatan uchun buyuk ishlar qilish har kimning imkonidagi ish emas. Buning uchun tarixning burilish nuqtalarida taqdir o‘zgacha shaxslarni yaratadi. Lekin Vatan uchun xizmat qilish har birimizning imkonimizda bor. Masalan, o‘zimizni yomonliklardan asrab, halol, to‘g‘ri inson bo‘lib yetishsak, o‘zimiz sevgan kasbkor bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘orimizni peshona teri evaziga tebratsak ham yurt uchun yaxshi ish qilgan, Vatan uchun chiroyli yashagan hisoblanamiz, — deb javob qaytardim.

Keyingi paytlarda «Vatan» demasdan ham yurtni sevish mumkin, hadeb aytilaversa, ohori to‘kiladi, degan mazmundagi gaplar paydo bo‘ldi. Vatan libos emas, kiysa, ohori to‘kiladigan. U dunyo ichidagi dunyomiz. Tovushlarida viqor, muhabbat, harorat bor. Nega «Men nechun sevaman O‘zbekistonni» — deya she’r o‘qisak, «O‘zbekiston Vatanim manim,» «O‘zbegim» deb kuylasak, o‘zimizni oddiy Munavvara yo Munisa emas, buyuklikning bir qismiday tasavvur etamiz?! O‘sha so‘z salobatidan, o‘sha so‘z mehri, sehridan emasmi bu ulkanlik!

Vatan, deb aytamiz.

Vatan, deb kuylaymiz.

Vatan, deb yashaymiz.

Va shu tuyg‘ular ichra ulg‘ayamiz, yuksalamiz.

 

Munavvara USMONOVA,

«Saodat» jurnali Bosh muharriri, shoira.

← Roʻyxatga qaytish