«O‘ZBEKISTON OVOZI» BOSH MUHARRIRIGA ARIZA

«Hurmatli Bosh muharrir, yaqinda O‘zbekiston telekanalining ma’naviyat va ma’rifat masalalariga bag‘ishlangan «Munosabat» ko‘rsatuvini katta qiziqish bilan kuzatdim.

Afsuski, unda ma’naviyat va ma’rifatning eng muhim omillaridan biri matbuot mutolaasi haqida bir og‘iz ham so‘z aytilmadi. Gazeta va jurnallarda ma’naviyat, ma’rifat masalalari keyingi paytda ko‘p va xo‘p yoritilmoqda. Lekin matbuot tarqatishga e’tibor susayib ketayotganga o‘xshaydi.

Masalan, men o‘zim Buxoro viloyati hokimi Olot tumanida o‘tkazgan sayyor qabulda matbuot do‘konlari masalasini ham ko‘targan edim. Xususan, matbuot do‘konlariga respublika miqyosidagi gazeta-jurnallar kelmayotganini aytgandim. O‘shanda tegishli mutasaddilarga bu muammolarni hal qilishga topshiriqlar berilgan edi. Biroq ahvol hanuzgacha o‘zgarmadi. Hammaning ham oylik maoshi obuna bo‘lishga imkon bermasligi mumkin.

Ba’zida yangiliklarni internetdan o‘qisa ham bo‘ladi, deb gazeta-jurnallarga e’tiborsiz qarab aytilayotgan gaplar quloqqa chalinib qoladi. Internet har qancha rivojlanmasin, matbuot bu — tarbiya, ma’naviyat, mafkura-ku. Matbuotning o‘rni bo‘lakcha.

Bir paytlar hatto Moskvada chop etiladigan gazetalar ham o‘sha kunning o‘zida matbuot do‘konlariga yetib kelardi. Bugun pochta yoki matbuot tarqatuvchi tashkilotlar nega sust ishlayapti?

Menimcha, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi va boshqa mas’ul tashkilotlar hukumat oldiga matbuot tarqatish tizimini qayta ko‘rib chiqish masalasini qat’iy qilib qo‘yishi kerak.

Sizga samimiy hurmat bilan Beshimov Laziz. Buxoro viloyati, Olot tumani, Eski bozor ko‘chasi, 19-uy.

Buxoro viloyat nasos stansiyalari energetika boshqarmasi Olot uchastkasi elektrotexnika laboratoriyasi chilangari».

Tahririyatdan: To‘g‘risi, viloyatlar markazlaridan uzoqroqdagi tumanlardagi matbuot do‘konlari kamligi yoki borlari ham doim ishlamasligi, ularning aksariyatida ijtimoiy-siyosiy gazetalar yo‘qligi to‘g‘risida e’tirozlarni birinchi marta eshitayotganimiz yo‘q. Bu masala haqida Respublika matbuot tarqatuvchi idorasi rahbarlari bilan ko‘p fikrlashgandik. Ammo bu tizim takomillashishi o‘rniga holdan toyib bo‘ldi. Keyingi to‘rt-besh yilda bu idora rahbari bir necha bor almashtirildi. Ko‘pchilik hamkasblar yaxshi biladi. Bu idorani uzoq yil boshqargan, katta tajribaga ega Rustam Qosimov degan kishi ishdan olingach, «Matbuot tarqatuvchi» idorasi har tomonlama inqirozga yuz tutdi. Yangi kelganlar muammolarga yechim topolmay, hayotiy takliflar bildirmadi, bu tashkilot faoliyatini muvofiqlashtiruvchi mexanizm yaratilmadi. Bozor iqtisodiyoti bahonasida viloyatlardagi matbuot tarqatish tashkilotlari o‘ziga o‘zi xo‘jayin bo‘lib ketdi. Ular orasida shartnoma asosida yil bo‘yi tahririyatlar gazetalarini olib, ammo pulini to‘lamay kelayotganlari bor. «Matbuot tarqatuvchi»ning viloyat bo‘limlari ustidan sudga, prokuraturaga murojaat qilgan tahririyatlar oz emas. Afsuski, bu tizimni tartibga soladigan, rivojlantiradigan vaqt allaqachon kelgan. Matbuot do‘konlarida gazeta-jurnallar nega yo‘qligi so‘ralsa, turli bahonalarni ro‘kach qilishadi. Vaholanki, har bir tumanda ijtimoiy-siyosiy gazeta va jurnallarni oladigan ozmi, ko‘pmi odam topiladi. Chunki hamma tumanda ham davlat idoralari xodimlari, deputatlar, o‘qituvchilar, ijodkorlar, adabiyot, san’at, sport muxlislari bor, siyosatga qiziqadiganlar bor.

Bugungi gazeta va jurnallar bundan besh-olti yil avvalgi nashrlardan keskin farq qiladi. Tanqidiy maqolalar sezilarli darajada ko‘paymoqda, turli sohalardagi muammolar haqida ochiq fikrlar aytilmoqda. Bahs-munozaralar kuchaymoqda. Afsuski, matbuot tarqatish tashkilotlari faoliyati bugungi talabga javob bermayapti, deyishga asos yetarli. Bu holatni ko‘rib-bilib turib sukut saqlab o‘tirsak, ko‘p narsa yo‘qotamiz, aniqrog‘i, jamiyatga xiyonat qilgan bo‘lamiz.

← Roʻyxatga qaytish