Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 sentabr kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti haykali poyiga gulchambar qo‘ydi, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Yetuk siyosat va jamoat arbobi Islom Karimov 2016 yil 2 sentabr kuni vafot etgan edi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning qaroriga ko‘ra, bu sana har yili Xotira kuni sifatida nishonlanmoqda.
Shuni alohida ta’kidlamoq joizki, yurtimiz mustaqillikka erishishi va taraqqiyot yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishida Birinchi Prezidentimizning benazir qat’iyati, ulkan azmu shijoati va beqiyos jasorati muhim ahamiyat kasb etgan edi.
Birinchi Prezidentimizning mamlakatimizni hozirgi rivojlanish darajasiga ko‘tarish yo‘lidagi ulkan xizmatlarini xalqimiz doimo yodda tutadi va uning nomini hamisha alohida ardoq va mamnuniyat bilan tilga oladi.
Shavkat Mirziyoyev ko‘p bor ta’kidlaganidek, Islom Karimovning xotirasini qanchalik ko‘p e’zozlasak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ma’naviyatini shunchalik boyitgan bo‘lamiz.
Ushbu marosim ham Islom Karimov xotirasiga davlatimiz va jamoatchiligimiz hurmat-ehtiromining yana bir ifodasi bo‘lmoqda.
Taomilga binoan Qur’on tilovat qilindi. Birinchi Prezidentimizning hayot yo‘li va serqirra faoliyati, orzu-istaklari, davlat va jamiyat qurilishi borasidagi ezgu maqsadlari, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash yo‘lidagi buyuk xizmatlari yodga olindi.
Gul qo‘yish marosimida parlament va hukumat a’zolari, fan va madaniyat namoyandalari, ziyolilar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘zA