Axborot texnologiyalari sohasidagi ishlar muhokama qilindi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida 8-iyun kuni axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar ijrosi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Shu yil 28-aprelda davlatimiz rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Qarorda belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish va koordinatsiya qilish uchun Bosh vazir maslahatchisi lavozimi joriy etildi.

Bugungi tadbirda sohadagi maqsadlarga zamonaviy dasturchilar tayyorlashni jadallashtirish orqali erishish mumkinligi qayd etildi.

“Bir million dasturchi” loyihasining dastlabki bosqichida 62 mingdan ziyod o‘quvchi qamrab olinib, ularning 5 ming 400 nafariga malaka sertifikati berildi.

Joriy yil yakuniga qadar 100 mingta va 2021-yilning birinchi yarmida yana 150 mingta o‘quvchini o‘qitish, talabalarning dasturiy ta’minot bo‘yicha malakasini oshirish vazifasi belgilandi. 5-sinfdan o‘qitib kelinayotgan “Informatika” fanini zamonaviy texnologiyalardan kelib chiqib takomillashtirish, ushbu fanga “Bir million dasturchi” loyihasiga doir yo‘nalishlarni kiritish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot, “Elektron hukumat” xizmatlariga talab kundan-kunga oshib bormoqda. Lekin hozirda 780 tur davlat xizmatidan bor-yo‘g‘i 185 tasidan “elektron portal” orqali foydalanish imkoni mavjud. Aksariyat tashkilotlarda ish jarayonini raqamlashtirish faqat hujjat almashinuvini elektronlashtirish bilan cheklanib qolmoqda.

Shu bois “Elektron o‘qitish dasturi” orqali o‘qib, diplom olgan dasturchilarni davlat va xo‘jalik muassasalariga IT mutaxassis sifatida ishga olish zarurligi ta’kidlandi. Ular tashkilotlarning barcha faoliyatini an’anaviy elektron formatdan raqamli ko‘rinishga o‘tkazishga mas’ul bo‘ladi.

Misol uchun, bugungi kunda kambag‘al oilalarga kredit va subsidiyalar berish masalasini maxsus elektron dastur aniq mezonlar asosida avtomatik ravishda belgilashi kerak.

Bosh vazir maslahatchisiga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, tashkilotlarda ruxsat berish va qaror qabul qilish jarayonlarini elektron formatga o‘tkazish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqish topshirildi. 

IT infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish davr talabidir.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga barcha hududlarda raqamli texnologiyalar bo‘yicha kamida 100 ta o‘quv markazi ochish vazifasi qo‘yildi. Bu dargohlarda dasturlash asoslari, elektron savdo va grafikli dizayn kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Soha mutaxassislariga sharoit yaratish masalalariga ham e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki bunyod etilgan edi. Andijon va Marg‘ilon shaharlarida mazkur IT parkning filiallari tashkil qilindi. Poytaxtimizda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabi hududida yana bir filial binosi qurilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar Guliston, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida shunday filiallar tashkil etish rejalashtirilgan.

Taqdimotda mutasaddilar mazkur IT parklar qurilishi, optik tolali liniyalar qamrovi, mobil internet tezligi va sifatini oshirish ishlari yuzasidan axborot berdi. 

 

www.president.uz

← Roʻyxatga qaytish