Iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar belgilandi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-iyun kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo uchun katta sinov bo‘lmoqda. Vujudga kelgan global inqiroz barcha mamlakatlar iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti. Jahon bankining prognozi bo‘yicha 2020-yilda yalpi global mahsulot 5,2 foizga, AQShda yalpi ichki mahsulot 6,1 foizga, Rossiyada 6 foizga, Yevropa Ittifoqida 9,1 foizga tushishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Xitoyda 1 foiz, O‘zbekistonda esa 1,5 foiz iqtisodiy o‘sish bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

O‘tgan uch oyda yurtimizda iqtisodiyot tarmoqlariga 2,3 trillion so‘m soliq imtiyozlari berildi, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 3,6 trillion so‘m ajratildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari yangicha yondashuv va instrumentlarni qo‘llash orqali joriy yil iqtisodiyotda o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar borligini ta’kidlab, shu boradagi 8 ta asosiy yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchi – iqtisodiyot va byudjet barqarorligini ta’minlash;

ikkinchi – kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini oshirish;

uchinchi – bank tizimidagi islohotlarni jadallashtirish;

to‘rtinchi – to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish;

beshinchi – eksport salohiyatini oshirish va valyuta tushumlarini ta’minlash;

oltinchi – sanoatda raqobatbardoshlikni kuchaytirish;

yettinchi – kichik biznesni rivojlantirish;

sakkizinchi – raqamli texnologiyalarni barcha tarmoqlarda keng joriy qilish ustuvor vazifalar etib belgilandi.

Birinchi masala muhokama qilinar ekan, byudjet tushumi va xarajatlarini optimallashtirish topshirildi. Korxonalar faoliyatini qayta tiklash va soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash hisobiga qo‘shimcha daromadlarni ta’minlash, tashqi qarz bitimlarini tuzishda belgilangan cheklovdan oshmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha bu yil 810 mingta doimiy ish o‘rnini qayta tiklash, 310 ming doimiy va 633 mingta mavsumiy ish o‘rni yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Kecha, 8 iyun kuni qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, o‘zini o‘zi band qiluvchi faoliyat turlari soni 24 tadan 67 taga ko‘paytirildi.

Davlatimiz rahbari Xitoy tajribasidan kelib chiqib, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan qishloqlarga vazirlik va idoralarni biriktirib, muhtojlarga ko‘maklashish tizimini yaratish, oilaviy tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Davlat granti hisobiga tahsil olgan talabalarni 3 yil muddatga shunday hududlarga mehnat faoliyati uchun yo‘naltirish taklifi bildirildi.

Ma’lumki, bank tizimida katta islohotlar belgilangan. Yig‘ilishda bu choralarni jadallashtirib, davlat ulushiga ega o‘nta bankda transformatsiya jarayonini o‘z vaqtida amalga oshirish, foiz stavkalarini inflyatsiyaga qarshi siyosat bilan uyg‘unlashgan holda pasaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Joriy yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni  jalb etish va o‘zlashtirish bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlariga topshiriqlar berildi.

Pandemiya sharoitida eksportni oshirish va valyuta tushumlarini ta’minlash juda dolzarb masala. Tashqi bozorlarda talabning keskin kamayishi eksportchi korxonalarimizga jiddiy ta’sir qilmoqda.

Shu munosabat bilan, beshinchi ustuvor yo‘nalish o‘laroq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga eksport ko‘rsatkichini 2019-yilgidan kam bo‘lmagan miqdorda ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda sanoatni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayrim tarmoqlarda xomashyoni chuqur qayta ishlash va qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishning yaxlit zanjiri yaratilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, misni qayta ishlash 25 foiz, ipakchilikda 20 foizga ham yetmaydi. Tarmoqlararo kooperatsiya ham to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. Jumladan, elektrotexnika va qishloq xo‘jaligi sohalarida  o‘zaro kooperatsiya hisobiga kamida 80 million dollarlik mahsulot tayyorlasa bo‘ladi. Yoki kimyo sanoati to‘qimachilik uchun sintetik tola va poliester, avtomobilsozlik hamda qurilish materiallari sohasiga kord va turli bo‘yoqlar, oziq-ovqat sanoatiga aromatizatorlar yetkazib berishi mumkin.

Shu bois zamonaviy texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish, tarmoqlarning energiya samaradorligi va raqobatdoshligini oshirishni nazarda tutuvchi Sanoat siyosati strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektr texnikasi hamda oziq-ovqat sanoatlariga alohida e’tibor qaratish, davlat korxonalarini isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mamlakatimizda kichik biznes iqtisodiyotning o‘sish nuqtasi etib belgilangan. Yig‘ilishda tadbirkorlarga erkin raqobat muhitini yaratish uchun xususiy mulkchilikni himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini isloh etish zarurligi ta’kidlandi.

Yuqori texnologiyali tarmoqlarda kichik biznes hissasi kamligi qayd etilib, bunday sub’ektlarni davlat tomonidan rag‘batlantirish mexanizmini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Hududlarda kichik sanoat zonalari tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ma’lumki, kecha, 8-iyun kuni Prezidentimiz huzurida o‘tkazilgan taqdimot chog‘ida raqamli texnologiyalarni tezkor rivojlantirish, ularni barcha tarmoqlarda keng joriy qilish vazifalari kelishib olingan edi. Bu boradagi ishlarni bugun belgilangan sakkizinchi ustuvor yo‘nalishga muvofiq tashkil qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlar iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qisqa va o‘rta muddatda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

 

www.president.uz

← Roʻyxatga qaytish