YULDUZLARGA YETGUNCHA…

yoxud kechagi va bugungi kun xayoli

U yillari barcha yangilik radio orqali yangrardi:

«Diqqat! Diqqat! «TASS» axborot beradi: Bugun, 1966 yil, 26-aprel, ertalab, O‘zbekiston sovet sotsialistik respublikasi poytaxti Toshkentda yer qimirlashi sodir bo‘ldi…».

Nonushta paytidagi radio ovozi barchamizning yelkamizga sovuq suv quygandek, junjitdi, buvim shivirlab, yuziga fotiha tortdi.

Toshkent zilzilasidan so‘ng ancha o‘tmasdan Xo‘jaylidagi o‘rta maktabning 9-sinfida ertalabdan bahs boshlandi.

– Yer kattakon ho‘kizning shoxiga joylashgan, o‘sha ho‘kizning bitta shoxi tolib, yer ikkinchisiga o‘tganida qimirlaydi, barchasi Ollohning irodasi bilan bo‘ladi, – dedi Raim mullaning o‘g‘li Murod.

– Yer yumaloq, u shoxning ustida turishi mumkin emas, – deya e’tiroz qildi a’lochi Sarsanboy.

Bahslarimiz qizib, zilzila sabablarini bila olmay, bolalar jo‘g‘rofiya muallimimiz Jumaboy og‘ani kutdik. Sababi, Jumaboy og‘a yer tagida ilon qimirlasa bilardi, uning bilmaydigan balosi yo‘q, deb hisoblardik bizlar.

– Yer kurrasi sharsimon ekanligini va uning yadrosi qaynoq magmadan, tepasi esa bir necha qatlamlardan iborat ekanligini bilasiz. O‘sha qatlamlar siljishlari to‘g‘risida darsda o‘tganmiz. Toshkentdagi zilzila ham o‘sha qatlamlar siljishi oqibati. Bunga vahima qilish kerak emas, – dedi muallim soatiga qarab. – Hozir SSSR Ministrlar Kengashi raisi Aleksey Ivanovich Kosыgin Toshkentga uchib keldi. Zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi ish boshladi…

Zilzila barchaning og‘zidagi bosh mavzuligi ancha davom etib, yozgi ta’tilda maktabimiz a’lochilaridan tuzilgan bitta guruhning Toshkent-Almati sayyohlik marshruti bilan yakunlandi. Biz Jumaboy og‘a rahbarligida Toshkentni o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘rib tinchidik…

O‘sha yili zilziladan jabr ko‘rgan Toshkentga yordam qo‘llarini cho‘zayotgan saxovatli odamlar, hukumat qarori asosida yangi Toshkent qurilishlari radio, matbuotda keng yoritildi. Saxovatlar orasida toshkentlik jajji Diloromning muzqaymoq uchun yig‘ib yurgan tiyinlarini in’om etganligi to‘g‘risida Erkin Vohidovning «sening tiyinlaring shohlarning in’omidan afzaldir, singlim» degan ma’nodagi satrlari hamon yodimda.

Kelgusi yili Toshkentda talabalik baxti boshlandi. Barcha oliygohlarda kunduzgi o‘qishlarga qo‘shimcha kechki va sirtqi ta’lim bo‘limlari ochilib, kamina Toshkent Davlat universitetida yangidan tashkil etilgan jurnalistika fakulteti kechki bo‘limiga qabullandim. Kechki o‘qishning sharti kunduzi ishlab, kechqurun o‘qish ekan, biz ko‘pchilik talabalar «Glavtashkentstroy» degan boshqarmaning har xil qurilish trestlarida har xil kasblarda ishlardik. Oramizda matbuot, radio, televideniyeda ishlaydiganlar ham bor edi va ular asosan Toshkentda yashaydiganlar edi.

Men talabalik baxtini zilziladan so‘ng Chorsuga yaqin mahallada, Qiziltovush ko‘chasi, 34-uyda bir muddat ijarada turib, markazdagi jin ko‘chalar va eskirgan uylarning vayronagarchiligini ko‘rganman. Tiklanayotgan Toshkent bunyodkorligida ishtirok etganimdan va poytaxt markazidagi S-raqamli majmualar, Chilonzordagi turar-joy imoratlari, Tarix muzeyi, Vazirlar Mahkamasi, eng baland – 19 qavatli ma’muriy binolar qurilishlarida va keng guzarlarda mening ham barmoq izlarim borligi bilan faxrlanaman.

Eslash – ertak, xotira – xayol. Talabalik taassurotlarimga ham ellik yil bo‘layapti. Lekin bugun yangilanayotgan poytaxt jamolini kuzatarkanman, hatto ko‘zlarimga ham ishonmayman. Chunki bunaqangi osmonga talpingan imoratlar, ko‘pdan-ko‘p mahobatli qurilishlar ilgari bo‘lmagandi.

O‘tgan asrning yarmida «Osmondagi yulduzni sanab yetaman, dema» deya kuylashgan qizlar, bizning talabalik yillarimizga kelib, «TashGU desam darhol tushadi esga, Sening yigit vaqting, mening qiz vaqtim» deya kuylasha boshlashdi. O‘sha zilzila arafasida paydo bo‘lgan bu ajoyib ashulaning dastlabki ijrochilari allaqachon kampir bo‘lib qolgan, Ibroyim Yusupovning seviklisi Bibisoraga atalgan ushbu ashulani endi o‘sha kampirlarning nevaralari kuylamoqda. Toshkentning qiyofasi ham o‘zgargandan-o‘zgarib bormoqda, odamlar ham o‘zgarmoqda, avlod yangilanmoqda. Yangi avlod dunyoga o‘z ovozi bilan kelayapti. Yangi avlod dunyoni yangilantiradi, o‘ziga qulay shahar quradi. U buvilariga o‘xshab «osmondagi yulduzlarni sanabgina» qo‘ymaydi, u yulduzlarga intilib, yaqinlashib yashashni ma’qul ko‘radi.

Toshkentning bugungi osmonlarga intilgan bunyodkorligi yangi avlodning yangi turmush tarziga intilishi deb o‘ylayman.

Men keng dunyoning ancha ajoyib shaharlarini ko‘rganman. London, Tokio, Istambul, Karachi, Qohira guzarlarini kezganman. Lekin hech biridan Toshkentchalik mehr va joziba topmaganman. Rostini aytsam, mustaqillik yillari yangidan poytaxt qurgan Qozog‘istonga, Ashxobodni ajoyib me’morchilik namunalari asosida qurgan turkman qardoshlarimga havasim kelgan paytlar bo‘lgan. Toshkentni yaqin qo‘shnilarimiz poytaxtlari bilan taqqoslardim...

Toshkent ko‘lami va ahamiyati bilan allaqachon Markaziy Osiyoning katta megapolisi darajasida tan olinsa ham, poytaxt shaharsozligi sohasida orzularimiz ko‘p edi. Toshkent yanada go‘zal, ulug‘vor bo‘lishini istardik.

Bultur Misr poytaxti Qohira ko‘chalarini kezib, uni o‘zimizning Toshkent bilan qiyosladim. Shaharda 30 milliondan ortiq odam istiqomat qilarkan. Bu mamlakatimiz aholisi soni bilan deyarli teng degani. Qohiraning har bir hududi o‘ziga xosligi bilan ajralib turarkan. Misr xalqi ming-minglab yillar qudratli Nil daryosining quyi oqimini makon qilib kelgan. Buyuk Gerodotning bir paytlar «O, Nil! Sen Misrning in’omisan!» degan so‘zlari bugun ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Misr hududi qancha keng sahrolardan iborat bo‘lsa ham, uning barcha aholisi o‘sha hududning atigi 3 foizidan iborat daryo va dengiz sohillarida yashaydi.

Yana Toshkentga qaytaylik..

Bu yerga har safar kelganim sayin zilziladan so‘ng o‘zim qurgan ko‘chalarda o‘zim adashib, yo‘l so‘rayman. «Humo» sport arenasini necha marta g‘ururlanib tomosha qilganimni bilmayman, chunki ko‘rgim kelaveradi. «Toshkent siti» qurilishini xayolga cho‘mib, kelajagini ko‘z o‘ngimga keltirib, ich-ichimdan quvonaman. Bu shaharcha ertaga Toshkentning ko‘zmunchog‘i bo‘ladi, gavhari bo‘ladi. Oldin ko‘chalar nomini so‘rab, manzilni topardim, endi baland imoratlarni, baland manzillarni bilishim shart shekilli. Sababi, poytaxt tepaga, odamlar esa balandga intilmoqda.

 

O‘rozboy ABDURAHMONOV,

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston

xalq yozuvchisi.

 

Do‘rmon bog‘i, Toshkent.

 

www.uzbekistonovozi.uz

← Roʻyxatga qaytish