«O‘zbekiston ovozi» gazetasining 2019 yil 13 avgust sonida Toshtemir Xudoyqulovning «Tadbirkor o‘z haq-huquqini talab qilayapti, Namangan shahar hokimligi nimani istaydi?» sarlavhali hamda Nurulloh Dostonning «Maqolani o‘qidingizmi?..» sarlavhali maqolasini o‘qib chiqib, haqiqat bor ekan-ku, deya to‘lqinlanib ketdim. Bunga sabab Prezidentimizning insonparvar siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi ijodkorlarning borligidan xursand bo‘ldim. Men Prezidentimizning har bir nutqini kuzatib boraman, xalqimiz bugun yaxshi yashashi kerakligini qayta-qayta ta’kidlayotganidan hammamiz xabardormiz va bu fikrni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shuningdek, joylardagi rahbarlarga xalqni rozi qilish, ularning muammosini joyida hal etish lozimligini doimo uqtirib keladi. Ammo ba’zi rahbarlar mening aytganim bo‘ladi, deb ko‘ngli tusagan ishni qilayotganini ko‘rib, bilib turibmiz.
Birinchi maqolada keltirilishicha, Namangan shahar hokimligi tadbirkorning qonuniy haqqini tan olgisi kelmasdan, yo‘q joydan muammo yaratmoqda. Ikkinchi maqolada esa bir yolg‘iz ayolning uy-joyi noqonuniy qurilgan deb, buzib tashlanganiga Andijon viloyat hokimligi befarq qarab kelayotganiga munosabat bildirilgan. Meni juda xursand etgan jihati tahririyat jurnalistlari bu yolg‘iz ayolni himoya qilib uchinchi bor maqola bergani bo‘ldi.
O‘ylanib qolasan, jurnalistlar uchinchi bor maqola e’lon qilmoqda, tuman hamda viloyat rahbarlari esa bir yolg‘iz ayolning muammosini hal etib berishni unchalik istashmayotganga o‘xshaydi. Prezidentimiz inson haq-huquqi va uning manfaati har narsadan ustun turishini katta-katta minbarlardan turib gapirmoqda. Buning ijrosini ta’minlashda joylardagi rahbarlar sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani achinarli holdir. Bugun jurnalistlar joylardagi kamchiliklarni ro‘y-rost matbuotga olib chiqmoqda. Bu bilan qanchalab nohaqlikka uchrayotgan odamlarning og‘irini yengil qilishga harakat qilinmoqda. Ammo mas’ul amaldorlar muammoning yechimi topilishiga to‘sqinlik qilayotgandek, nazarimda.
Biz bugun korrupsiyaga qarshi kurashishga jiddiy kirishganimizni hamma joyda e’lon qilmoqdamiz. Ammo bunga mansabdorlar qanchalik darajada amal qilmoqda? Bu ikki maqolada ko‘tarilgan masalalar nimaga o‘zining ijobiy yechimini topishi qiyinlashmoqda. Balkim, bunga ham korrupsiya yoki tanish-bilishchilik aralashayotgandir?..
Zotan, bu korrupsiya degan illat har qanday davlatning ichki dushmani hisoblanadi. Hattoki, tashqi dushmandan ham dahshatliroq qudratga egadir. Ularga qarshi kurashish uchun butun matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari birgalashib, bir yoqadan bosh chiqarib, o‘zlarining tahliliy, tanqidiy maqolalari bilan kurashishlari lozimga o‘xshaydi. Men bugun ushbu ikki maqolani «Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi», deb bekorga nomlamadim, bugun bo‘lmasa, ertaga albatta haqiqat qaror topishiga ishonganim uchun shunday nomladim.
Har holda, bizni yaratgan Alloh taolo bunday nohaqliklarni ko‘rib, bilib turibdi. Shu sababli har kim o‘z mansabidan foydalanib, nohaqliklarga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa, buning jazosi muqarrardir.
Bir so‘z bilan aytganda, «O‘zbekiston ovozi» gazetasining muxbirlari joylardagi kamchiliklarni ro‘y-rost yoritayotganidan mamnun bo‘ldim. Kamchiliklarni oshkor qilishdan maqsad ularni bartaraf etish, odamlarning og‘irini yengil qilishdir. Amaldorlar buni to‘g‘ri tushunishsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Haqnazar ABDURAHMONOV,
pensioner.