Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning yangi bosqichi belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-sentyabr kuni 2020-2030 yillarda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi boʻyicha ulkan salohiyatga ega. Bozorlarimiz toʻkin, xalqimiz rizqi moʻl-koʻl boʻlishidan tortib, eksportdan qoʻshimcha daromad topishgacha boʻlgan juda koʻp masalalar shu yoʻnalish rivojiga bogʻliq.

Lekin uzoq yillar davomida agrar sohaga yetarlicha eʼtibor berilmadi. Na bozor iqtisodiyoti, na yerga munosabat, na manfaatdorlik bor edi. Mablagʻ, ilmiy innovatsiyalar jalb etilmadi. Oqibatda yerlar “charchab”, unumdorlik pasayib ketdi. Mahsulotni qayta ishlash, qoʻshimcha qiymat olish boʻyicha tizim yaratilmadi.

Keyingi yillarda sohani isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Davlat xarid narxlari qariyb 3 barobarga koʻtarilgani natijasida dehqon va fermerlarda manfaatdorlik tuygʻusi oshdi. Paxtachilik va gʻallachilik hashar emas, chinakam daromad manbaiga aylandi.

Yangi texnologiya va innovatsiyalarni joriy qilish, mehnat unumdorligi va ish haqini oshirish maqsadida 76 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etildi. Joriy yilning oʻzida 25 ming gektar paxta maydonlarida suv tejovchi yangi sugʻorish tizimi joriy qilindi. Foydalanishdan chiqqan 1 million 100 ming gektar yerni qayta ishga kiritish boʻyicha katta saʼy-harakatlar boshlandi.

Bular – islohotlarning birinchi bosqichi.

Prezident faqat bugunni emas, balki ertangi kunni ham oʻylab, uzoqni koʻzlab islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish vazifasini qoʻymoqda. Shu maqsadda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu iqtisodiyotimizning asosiy oʻsish nuqtasi, “drayveri” boʻladi. Ming-minglab ish oʻrinlari yaratiladi, odamlarning daromadi oshadi.

Yigʻilishda ishlab chiqilayotgan strategiyani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan muhim vazifalar belgilab berildi.

Yer egalari unumdorlik va hosildorlikni oshirish maqsadida yerga investitsiya kiritishga intilishi uchun ularning ertangi kunga toʻla ishonchi boʻlishi kerak. Shu bois davlatimiz rahbari qonunchilikni butunlay yangilab, yer ajratishning shaffof tizimi va yerga boʻlgan huquqning kafolatlanishini, yerning daxlsizligini taʼminlash, yerga boʻlgan munosabat tushunchasini huquq sohasiga kiritish zarurligini taʼkidladi. Bu nafaqat aholi bandligi, eksport, balki byudjetga qoʻshimcha daromadlar tushumini ham taʼminlaydi.

Bunda, avvalo, qishloq xoʻjaligi yerlarining aniq hisobini yuritish, ulardan foydalanishni takomillashtirish muhimligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, “Davergeodezkadastr” qoʻmitasiga 2021-yil oxiriga qadar respublikaning barcha hududlarida yerni hisobga olish ishlarini yakunlash, yer hisobini yuritish boʻyicha yagona elektron bazani yaratish topshirildi.

Qishloq xoʻjaligida suvdan toʻgʻri foydalanish ham juda muhim masala. Tahlillarga koʻra, yurtimizda ekin maydonlariga milliardlab kub metr suv yoʻnaltirilsa-da, uning faqat 60 foizi ekinlarga yetib boradi, qolgani esa irrigatsiya tizimlarida va sugʻorish jarayonida yoʻqotiladi.

Jahon resurslar instituti taxminlariga koʻra, 2040-yilga borib Oʻzbekiston suv oʻta tanqis boʻlgan 33 mamlakat qatoriga kirishi mumkin.

Shu bois davlatimiz rahbari bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va uning hisobini yuritish, har yili 200 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib borish zarurligini taʼkidladi. Ushbu yoʻnalishlar ishlab chiqilayotgan strategiyada oʻz aksini topishi zarurligi qayd etildi.

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va davlat xaridlari tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilinar ekan, byudjet mablagʻlarining asosiy qismini yerlarning unumdorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ilm-fanni rivojlantirishga sarflash lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Sohaning eksport salohiyatini oshirish va qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish masalalariga alohida ahamiyat qaratilib, bu boradagi jahon tajribasi tahlil qilindi.

Masalan, Turkiyada 1 gektar yerdan 2 ming dollarlik, Misrda 8 ming dollarlik, Isroilda 12 ming dollarlik mahsulot yetishtiriladi. Yurtimizda esa bu koʻrsatkich 300 dollardan oshmayapti. Doim yagona standartdagi tovar yetkazib berish yoʻlga qoʻyilmagani sababli mahsulotlarimiz tashqi bozorda raqobatlasha olmayapti.

Agrar tarmoqdagi eksport hajmi 2018-yilda 2,3 milliard dollarni tashkil etgan. Strategiyada belgilanayotgan vazifalarni amalga oshirish natijasida bu koʻrsatkichni 2030-yilga borib 20 milliard dollarga yetkazish moʻljallanmoqda.

Yigʻilishda mutasaddilarga mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi, Sharqiy Osiyo va arab mamlakatlari standartlari asosida sertifikatlash tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Buni meva navini tanlashdan boshlash kerakligi taʼkidlandi.

Bu borada tomorqa xoʻjaliklari ham katta rezerv ekani, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida joylarda logistika xizmatini keng yoʻlga qoʻyish, kichik ishlab chiqaruvchilarni kooperatsiyaga birlashtirib, mahsulotlar sifati va standartlari bir xilligini taʼminlash lozimligi qayd etildi.

Xizmat koʻrsatish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, bu tizimda raqobat yoʻqligi sababli xizmatlar narxi yuqori, mahsulot ishlab chiqaruvchilarda tanlash imkoniyati yoʻq. Shuning uchun mineral oʻgʻitlarni yetkazib berish, oʻsimliklarni himoya qilish, texnika va boshqa xizmatlar sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat turlarini koʻpaytirish, xususiy korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Joriy yilda boshlangan yerni kosmik zondlash orqali tuproq va ekinlarning haqiqiy holatini tezkor va ishonchli baholash ishlarini 2020-yil yakuniga qadar toʻliq oxiriga yetkazish lozim. Bu tizim vegetatsiya jarayoni, tuproqning meliorativ holati va minerallashuv miqdori, namlik darajasi haqida toʻliq maʼlumot berib, hosildorlikni 25-30 foizga oshirish imkonini yaratadi. Bu faqat davlat uchun emas, fermerlar uchun ham juda foydali. Mazkur tizimga ulanish orqali dehqonlar ham, ekportchilar ham qaysi maydonda qanday mahsulot ekilganini koʻrib turadi, oʻz rejasini va bozor konyunkturasini aniq baholay oladi.

Yigʻilishda mutasaddilarga qishloq xoʻjaligi statistik boshqaruvini isloh qilish, jumladan, ekinlarni joylashtirishdan tortib sotuvgacha boʻlgan jarayonlarni toʻliq raqamlashtirish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Strategiyadagi vazifalarni samarali amalga oshirish, eng avvalo, kadrlar salohiyati bilan bogʻliq. Bu sohaga ixtisoslashgan 7 ta oliy taʼlim muassasasini har yili 3 mingdan ortiq yosh bitirsa-da, hududlarda kadrlar yetishmayapti. Fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi yoʻq, zamonaviy taʼlim uslublari joriy qilinmagan.

Qishloq xoʻjaligi sohasida ilm-fanni rivojlantirishga byudjetning 0,1 foizigina yoʻnaltiriladi. Vaholanki, rivojlangan mamlakatlarda bu koʻrsatkich 2-3 foiz atrofida.

Akademiklarning ilmiy maktablari soni 50 tadan 17 taga kamaygan, sabzavotchilik, gʻallachilik, oʻsimlikshunoslik sohalarida esa bunday maktablar mavjud emas. Oʻsimlikshunoslik, sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik institutlarining laboratoriya jihozlari oxirgi 70 yilda taʼmirlanmagan. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish choralari samarasizligicha qolmoqda.

Masalan, boshqa davlatlar gilos eksportini iyun oyidan boshlaydi. Agar yurtimizda may oyining boshida hosil beradigan gilos navi yaratilsa, uning eksportidan olinadigan daromadni 2 barobar oshirish mumkin.

Shu bois qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutlari ertapishar mahsulot turlarini yaratishga asosiy eʼtibor qaratishi lozim. Chorvachilik tarmogʻida ham ilm-fan yutuqlarini keng tatbiq etish, hududlar iqlim sharoitiga mos chorva zotlarini yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Prezidentimiz strategiyani xalq bilan muhokama etib, oqilona qabul qilish zarurligini taʼkidladi. Uning ijrosini samarali taʼminlash uchun har yilga alohida “yoʻl xarita”lari ishlab chiqish, hududiy qishloq xoʻjaligi boshqarmalari tuzilmasini ham takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Xalqaro tajriba asosida Toshkent davlat agrar universiteti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oʻqitishning mutlaqo yangi metodikasini tatbiq etish, professor-oʻqituvchilar ishtirokida sayyor oʻquv darslari hamda seminarlar tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

Umuman olganda, yangi strategiya qishloq xoʻjaligiga bozor mexanizmlarini joriy qilib, ilmiy asoslangan ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, eksportni koʻpaytirish, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan mahsulotlar hajmini bir necha barobar oshirishga xizmat qiladi.

Yigʻilishda kun tartibiga qoʻyilgan masalalar ijrosini toʻla taʼminlash boʻyicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari axborot berdi.

 

O‘zA

Teglar

Toshkent
← Roʻyxatga qaytish