O‘ZBEKISTONDA KREDIT OLISH NEGA QIYIN?

Bu tijorat banklari filiallari amalda mustaqil emasligi bilan bog‘liqmi?

Mamlakatimiz ulkan siyosiy voqea – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Mahalliy kengashlariga saylovlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yangi Saylovoldi dasturini har tomonlama pishiq va puxta tayyorlashga e’tibor qaratmoqda. Partiyamiz a’zolari, faol olim va mutaxassislar tomonidan ushbu dasturga takliflar jo‘natilmoqda. Quyida iqtisod fanlari doktori, professor Ashur Qodirovning tijorat banklari faoliyati bilan bog‘liq masalalar haqidagi shaxsiy fikr-mulohazalari e’tiboringizga havola etilmoqda.

Yangi O‘zbekistonni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish avvalo Harakatlar strategiyasida qayd etilgan «Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi», degan tamoyilga asoslanadi. Prezident va hukumatning aholi daromadini oshirib, faravonligini ta’minlashga qaratilgan ko‘plab farmon va qarorlari bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilayapti. Lekin amaldagi ayrim qonun va qonunosti hujjatlari muammolar yechim topishiga xalaqit qilyapti. Fikrimizni aniq misollar bilan asoslashga harakat qilamiz.

 

Tijorat banklari tomonidan beriladigan ta’lim krediti

Ta’lim tizimidagi islohotlar natijasida yangi 2019-2020 o‘quv yilida oliygohlarning birinchi bosqichida yuz mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz o‘qishni boshlashi kerak. Lekin barcha OTMga qabul qilinganlar o‘qishni davom ettira olishadimi? Chunki ulardan katta qismi to‘lov kontrakti asosida qabul qilingan bo‘lib, barchalari ham to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirolmaydi.

Odatda hamma ota-onalar ham shartnoma pulini o‘z jamg‘armalaridan to‘lash imkoniga ega bo‘lmaydi. Ayrimlari dastlab tijorat banklarga kredit uchun murojaat etishadi, lekin fursatni g‘animat bilib, boquvda bo‘lgan qora moli yoki ro‘zg‘origa kerakli bo‘lgan boshqa jihozni sotib, farzandi uchun kontrakt pulini to‘laydi. Bundaylar jami to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlarning taxminan 20-25 foizini tashkil etadi.

Demak, farzandi shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan ota-onalarning ko‘pchiligi tijorat banklaridan ta’lim krediti olishga ehtiyojmand bo‘lishadi.

Keltirilgan tahlilni nisbiy, deb hisoblaylik. Lekin aniq anglashimiz kerakki, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni tashkil etishda yirik moliyaviy muammo turibdi.

Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi 318-sonli qaroriga ilova qilingan «Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risidagi nizom»da ta’lim kreditlari bakalavr yo‘nalishi uchun 10 yilga berilib, qarzdorlik summasi shartnomada ko‘rsatilgan o‘quv muddati tugagandan keyin boshlanadi, deb belgilangan holda tijorat banklari ta’lim kreditlarini aksariyat hollarda ota-onalar yoki vasiy shaxslarga doimiy yashash uchun ro‘yxatga olingan hududdan bir yilga va asosiy qarzni oyma-oy qaytarib borish sharti bilan berishadi.

Masalaning yechimi ta’lim krediti to‘g‘risidagi nizomni qaytadan ishlab chiqish va unda tijorat banklari uchun alohida kredit manbasini aniq belgilash, kreditni bakalavr yo‘nalishida 5 yillik imtiyoz bilan 10 yilga va doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qati nazar, talaba murojaat etgan tijorat bankidan berilishi ko‘rsatilishi kerak, deb o‘ylayman.

 

Tijorat banklari kredit tamoyillari

Tijorat banki kreditlaridan foydalangan shaxsdan yoki bank yo‘nalishida o‘qigan talabadan kredit tamoyillari nima, deb so‘rasangiz, kreditni o‘z vaqtida qaytishi, ma’lum muddatga va foiz bilan berilishi hamda kredit ta’minlangan bo‘lib, ma’lum maqsadlarga ishlatilishi kerak, deb javob beradi. Chunki Markaziy bankning tijorat banklari tomonidan kredit berishga qo‘yilgan talablarida va barcha bank sohasidagi darsliklarda azaldan kreditning yuqorida qayd etilgan beshta sharti, uning tamoyili, deb ko‘rsatilgan. Afsuski, shunday yo‘l bilan iqtisodiyotda ssuda mablag‘idan foydalanish chegaralab qo‘yilgan.

Ma’lumki, Markaziy bankning kredit shartlari sifatida ko‘rsatmalari tijorat banklari uchun tavsiya bo‘lib, har bir kredit beruvchi sub’ekt O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga rioya qilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunining «Bank operatsiyalari» degan 4-moddasini o‘qiymiz: «Banklar o‘z faoliyatlarida quyidagi bank operatsiyalarini amalga oshiradilar: ... kreditlarning qaytarilishi, foizliligi va muddatliligi sharti bilan o‘z mablag‘lari va jalb etilgan mablag‘lar hisobidan o‘z nomidan kreditlar berish». Qonun 1996 yil 25 aprelda qabul qilingan va amalda bo‘lgan 23 yil davomida 12 marotaba (oxirgisi 2019 yil 16 yanvarda) o‘zgartirish kiritilgan. Ammo qonunning 4-moddasi tahririga hech kimning e’tirozi bo‘lmagan va u to‘g‘ri, deb hisoblangan. Demak, tijorat banklari amaliyotida va nazariy fanlarning o‘qitilishida mazkur qonun buzilgan, deb aytish mumkinmi?

«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning muhokamalarida va qabul qilish jarayonlarida qatnashganimiz sababli aytishimiz mumkinki, uning har bir bandi har tomonlama, jumladan, bozor iqtisodi tamoyillariga mos kelishi keng muhokamadan o‘tgan va shuning uchun hali hanuzgacha amalda qo‘llanilyapti. Nima sababdan qonunning 4-moddasi amalda buzilgan bo‘lsa-da, shu paytgacha hech kimda e’tiroz bo‘lmagan? Tijorat banklari amaliyotida kreditning ta’minlanganligi va uni maqsadli ishlatish tamoyillari qonunga xilof tarzda kiritilgan. Tijorat banklari 25 yil o‘z himoyasiga ishlab, turli shartlar qo‘llashgan bo‘lsa, yangi O‘zbekiston iqtisodini tiklash va rivojlantirish davrida ushbu to‘siqlarni bekor qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

 

Kredit berish amaliyotini ikki bosqichga qisqartirish!

Tijorat banklariga shunday topshiriq berilganini ko‘pchilik eshitgan. Shuning uchun ham tijorat banklarining ba’zi e’tirozlarini qabul qilmay, real holatga izoh beramiz.

«Xalq banki» va «Agrobank»da jami 370 dan ortiq filial bo‘lib, butun bank tizimining 43,9 foizini tashkil etadi. Shu holda barcha banklarning respublika apparati yuridik shaxs bo‘lib, viloyat va tuman filiallari bunday maqomga ega emas. Ular bank boshqaruvi raisining ishonchnomasi asosida faoliyat yuritadilar. Mazkur holatga huquqiy bahoni qonun ijodkorlari berishlaridan umid qilib aytish mumkinki, mazkur tajriba tizimda sub’ektivizmga olib keldi va bugungi talabga mutloq javob bermaydi.

Masalan, tuman yoki viloyatda yaratilgan moddiy boylikdan tushgan mablag‘ bank filialidagi mijoz va bankning yagona hisob raqamida qayd etiladi. Ya’ni, mablag‘ respublika banki ixtiyoriga o‘tib, o‘rta pog‘onadagi rahbarning ixtiyori bilan taqsimlanadi. Bunday tajribadan ko‘pchilik mablag‘i bor tadbirkorlar yaqin-yaqingacha zarar ko‘rganligini bilamiz.

Tijorat banklari tajribasidan ushbu holatni to‘liq bartaraf etish, har bir tuman, viloyat rahbarining faoliyatiga baho berish uchun hududda yaratilgan mablag‘ni va bank filialiga ajratilgan ustav sarmoyasi tuman filiali vakillik hisob raqamida saqlanishiga qat’iy rioya qilinishi kerak. Tumanda va viloyatda yaratilgan mablag‘ avvalo ushbu hudud iqtisodiga xizmat qilishi kerak. Ortiqcha mablag‘ni boshqa banklar yoki bankning boshqa filiallariga ma’lum muddat va foizda qarzga berish amaliyoti joriy etilganda bank tizimi hudud manfaatini himoya qilgan holda, bugungi yangi iqtisodiy siyosatimiz talablariga javob berishi mumkin.

Hududda yaratilgan mablag‘ bank filialida saqlanishi va har bir bank filialiga tegishli bo‘lgan ustav sarmoyasi o‘ziga berib qo‘yilishi hamda o‘zida yetishmagan mablag‘ni boshqa moliyaviy tashkilotlardan sotib olishi bilan uning mablag‘ masalasida mustaqilligi ta’minlanadi. Lekin filial asosiy ishi – aholi va xo‘jalik korxonalariga kreditlar berishda hali- hanuzgacha respublika bankiga bog‘lanib qolgan.

Yurtboshimiz «tijorat banklari kreditni rasmiylashtirishni hech bo‘lmasa ikki bosqichga tushirsin», deb ta’kidladi. Chunki kredit berish amaliyotida tuman filiali viloyatga, viloyat respublikaga va respublika banki Markaziy bankka murojaat etar edi. Demak, kredit chiqarilishiga ruxsat berish to‘rt bosqichda olib borilardi.

«Rahbariyatning nazorati bilan ma’lum summagacha tuman va viloyat banklariga mustaqillik berilgan», deb aytamiz-da, lekin amalda kredit berishni eng kamida uch bosqichda amalga oshiramiz.

Bugun tijorat banklari mijozning davlat boshqaruv va huquqni muhofaza etish organlariga murojaatidan keyin kreditni belgilangan 3 kun muddatda bo‘lmasa-da, 4-5 kunda chiqarib berayapti. Boshqa hollarda esa davlat mulkiga tegishli bo‘lgan banklardan kreditlar o‘rtacha bir oyda chiqarilishi kuzatilmoqda.

Respublikamiz tijorat banklari kredit berish amaliyotini kamida uchta bosqichda olib borishadi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, birinchi bosqich bo‘lib hisoblangan bank filiali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit chiqara olmaydi. Sababi, yangi ssuda hisob raqami ochish uchun tijorat banki Markaziy bankning to‘lov tizimi maxsus bo‘limiga talabnoma kiritishi va kredit ta’minoti uchun olingan ob’ektni garov reyestrida qayd ettirishi shart. Demak, kredit chiqarishni rasmiylashtirish jarayonida bank filiali va Respublika Markaziy bankining maxsus bo‘linmalari ishtirok etmoqdalar. Lekin amalda Markaziy bank respublikadagi 852 ta tijorat banki filiallari o‘rnida 30 ta respublika banki bilan ishlashni afzal ko‘radi. Natijada tijorat bankining respublika apparati ham kreditni rasmiylashtirish jarayonida qatnashmoqda.

 Shu holda savol tug‘ilishi mumkin: kredit berish jarayonini avtomatlashtirilgan onlayn tartibda amalga oshirsa bo‘lmaydimi? Bugun qaysi bank rahbaridan so‘rasangiz, aynan shu javobni olasiz va hatto bu amallar ma’lum bir daqiqalarda bajariladi, deb aytishadi. Lekin nima uchun mijoz o‘z vaqtida bankdan kredit ololmaydi? Chunki mazkur jarayonlarda sub’ektivizm, ya’ni inson omili aralashgan, shuning uchun ish haftalarga cho‘ziladi.

Shu kabi muammoli holatlarni hukumat qarori yoki topshiriq bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. Buning uchun yuqorida qonuniy asosga ega emasligi aytilgan kreditning ta’minlanganligi va maqsadli ishlatilishi tamoyillaridan voz kechish kerak. Shu holda kredit mijozning oldindan Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tgan hisob raqamida qayd etiladi va uning qaytarilishi maxsus ta’minotsiz, hattoki ishonch asosida ham berilishi mumkin.

Keltirilgan mulohaza va takliflarni umumlashtirib, ta’kidlash mumkinki, bank tizimi faoliyatini chuqur va har tomonlama isloh qilish kunning dolzarb vazifasi bo‘lib turibdi. U tezroq hal etilsa, makroiqtisodiy siyosat yanada yuqoriroq natijalarni berishi mumkin.

 

Ashur QODIROV,

Iqtisod fanlari doktori, professor.

 

TAHRIRIYATDAN: Ushbu maqolada ko‘tarilgan masala nihoyatda dolzarb, deb o‘ylaymiz. Albatta, muallif keltirgan fikr va tahlillar bahsli bo‘lishi, kimdir ularga qo‘shilmasligi, boshqa qimdir bu mavzuda umuman o‘zgacha fikrda bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun maqola bir olimning shaxsiy nuqtai-nazari, taklifi sifatida berildi. Bu taklif O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturini pishiq-puxta tayyorlashga mas’ul bo‘lgan partiyamiz Markaziy Kengashidagi ishchi guruh tomonidan e’tiborga olinadi, joylarda ish o‘rinlari yaratilishiga bevosita aloqador bo‘lgan bu masala atroflicha o‘rganiladi, degan umiddamiz.

 

www.uzbekistonovozi.uz

← Roʻyxatga qaytish