O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

O‘tgan davr mobaynida uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy talablariga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, iqtidorli yoshlar bilan ishlashning yagona va samarali tizimini yaratish, yosh avlodning iste’dodi va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun bunday yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or xorijiy tajribalar talablari asosida darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni, shu jumladan, elektron shaklda nashr etish, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakatimiz manfaatlarini professional va yuqori darajada munosib ifoda eta oladigan, talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur bo‘lmoqda.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash, yosh iste’dodlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlash va nashr etishdagi muammolarni bartaraf qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, umumta’lim muassasalari faoliyatini boshqarish va tashkil etishning maxsus tizimini yaratish maqsadida:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tashkil etilsin.
  2. Quyidagilar Agentlikning idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkazilsin:

Prezident maktablari;

tasdiqlangan shtat jadvalini va ularni moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Xalq ta’limi vazirligining hududiy organlari huzuridagi Abdulla Oripov, Hamid Olimjon va Zulfiya, Muhammad Yusuf, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy, Halima Xudoyberdiyeva va Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktablari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi (keyingi o‘rinlarda – ijod maktablari);

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati va Abu Ali Ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati (keyingi o‘rinlarda – ixtisoslashtirilgan maktablar).

  1. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirish;

davlat ta’lim standartlariga muvofiq Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yagona shaklda muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quv-tarbiyaviy jarayoniga ilg‘or ta’lim shakllari, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarida vatanparvarlik va Vatanga muhabbat, bag‘rikenglik tuyg‘ularini, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmatni shakllantirish, ularning ma’naviy, axloqiy, intellektual va jismoniy rivojlanishi darajasini yanada oshirish;

xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni jalb qilgan holda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar pedagogik kadrlarini tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ushbu muassasalardagi bino va inshootlardan foydalanish bo‘yicha ishlarni monitoring qilish va muvofiqlashtirish.

  1. Belgilab qo‘yilsinki:

Agentlik respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

Agentlikning o‘z vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun o‘rnatiladigan davlat ta’lim standartlari Agentlik tomonidan tasdiqlanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshidagi «O‘qituvchi» ilmiy-uslubiy nashriyot markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlash va nashr etish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtiradi;

Markaz Agentlik buyurtmasi asosida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning, shu jumladan, elektron ko‘rinishda tayyorlanishi va nashr etilishini ta’minlaydi va ular keyinchalik Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.

  1. Agentlik ish samaradorligining quyidagi eng muhim ko‘rsatkichlari belgilansin:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quvchilarida, shu jumladan, vatanparvarlik, Vatanga beqiyos muhabbat va sodiqlik tuyg‘ularini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan chuqur hurmatni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini oshirish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining davlat va chet tillarini mukammal bilishi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga malakali va tajribali, chuqur bilimlarga ega, davlat va chet tillarini, zamonaviy pedagogik texnologiyalari va o‘qitishning innovatsion uslublarini biladigan pedagoglarni jalb qilish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishni davom ettirishlari uchun, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim tizimining faoliyat yuritishi orqali kerakli sharoitlarni yaratish;

Prezident maktablari bitiruvchilarining kamida 20 foizi xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida dastlabki 1 000 ta pog‘onani egallagan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilariga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga ega boshqa tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, yirik kompaniya va birlashmalarga ishga joylashishda ko‘maklashish;

o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy qilgan holda talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar sonini ko‘paytirish;

barcha Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda milliy va jahon adabiyoti, musiqa, kino, haykaltaroshlik, amaliy san’at va boshqa ijodiy yo‘nalishlardagi asarlarga ega bo‘lgan zamonaviy kutubxonalarning ishlashi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quv-uslubiy jarayonni avtomatlashtirishni ta’minlash va ularni yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulash;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quv jarayoniga ta’limning ilg‘or shakllarini, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish maqsadida xorijiy ta’lim tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni zamonaviy sport zal, inventar, uskuna va boshqa jihozlar bilan ta’minlash.

Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu bandda nazarda tutilgan maqsadli ko‘rsatkichlarni o‘z vaqtida bajarish va ularga erishish bo‘yicha choralar ko‘rsin.

  1. Agentlik huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin va uni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘mak ko‘rsatish mablag‘lari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan olingan daromadlar;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

Bunda mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan Agentlik bo‘ysunuviga o‘tkaziladigan tashkilotlarni ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan mablag‘lar ajratiladi.

Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltiriladi:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shu jumladan, zarur hollarda o‘quv ustaxonalari va laboratoriyalari, sport zallari, maydonchalar va boshqa infratuzilma ob’ektlarini tashkil etgan holda o‘quv korpuslarini kengaytirish ishlarini moliyalashtirish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni zamonaviy talablarni hisobga olgan holda va tasdiqlangan me’yorlardan kelib chiqib, eng yangi o‘quv-laboratoriya, ilmiy, ishlab chiqarish va sport jihozlari, musiqa asboblari, kompyuter texnikasi, mebel va asbob-uskunalar bilan jihozlash (qo‘shimcha jihozlash) ishlarini moliyalashtirish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va dasturiy mahsulotlarni joriy etish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quv-uslubiy rahbarlikni ta’minlash, ta’lim jarayonini yuritish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar xizmatiga haq to‘lash;

Agentlikka yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni va chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlash uchun jalb qilish;

Agentlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar.

  1. Belgilansinki, Agentlik Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘larning tasarruf etuvchisi hisoblanadi.
  2. Agentlik, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni o‘rnatish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

ijod maktablarida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga qabul qilish esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida amalga oshiriladi;

ijod maktablarida o‘quvchilar sonidan qat’iy nazar, 1 shtat birligida kutubxonachi lavozimi kiritiladi;

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari muntazam ravishda ijod maktablarida o‘quvchilarning ijodiy iste’dodini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar olib boradi;

ijod maktablarida o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari mehnatiga haq to‘lash umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari mehnatiga soatbay haq to‘lashga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga bir oy muddatda ijod maktablarini milliy va jahon adabiyoti, musiqa, kino, haykaltaroshlik, amaliy san’at va boshqa ijodiy yo‘nalishlardagi 100 ta eng yaxshi asarlar (bestsellerlar) bilan ta’minlash tavsiya etilsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvarga qadar ijod maktablarining kutubxonalarini Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi axborot-resurs bazasiga ulanishini ta’minlasin.
  2. Toshkent viloyati hokimligi va «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi» DUK Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari uchun yozgi sport-sog‘lomlashtirish oromgohi, shuningdek, Agentlik va Markaz xodimlari uchun dam olish zonasi qurilishi uchun qulay tabiiy sharoitlarga ega yer uchastkasini ajratish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
  3. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Agentlik faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.

Xalq ta’limi vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

  1. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2019 yil 9 sentabr

← Roʻyxatga qaytish