QISHLOQ XO‘JALIGIDAGI YANGI ISLOHOTLAR

ko‘pdan-ko‘p muammolarni hal etadi, yerga munosabatni o‘zgartiradi, yangi ish o‘rinlari yaratadi, hosildorlikni va daromadni ko‘paytiradi, mamlakat iqtisodiy quvvatini oshiradi. Xalq hayoti farovonlashadi...

O‘tgan haftaning 6 sentabr kuni mamlakatimiz qishloq xo‘jaligiga doir muhim voqea bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligidagi ulkan imkoniyatlar, kiyingi yillarda sohani isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritildi. Xususan, yangi texnologiya va innovatsiyalarni joriy qilish, mehnat unumdorligi va ish haqini oshirish maqsadida paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilayotgani, bular — islohotlarning birinchi bosqichi ekani ta’kidlandi.

Eng muhimi faqat bugunni emas, balki, ertangi kunni ham o‘ylab, uzoqni ko‘zlab, islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ishlab chiqilayotgani aytildi. Buning uchun esa bir-biridan muhim ishlarni bajarish kerak bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Yerning meliorativ holatini yaxshilash, kuchini oshirish, hosildorlikni ko‘tarish, yer ajratishning shaffof tizimini yaratish, yerga bo‘lgan huquqning kafolatlanishi, yerning daxlsizligini ta’minlash kabi o‘ta muhim vazifalar ilgari surildi.

To‘g‘risi, qishloq xo‘jaligida yillar davomida to‘planib qolgan, sohaning rivojiga to‘siq bo‘lib kelayotgan muammolar oz emasdi. Ayniqsa, yerni talon-taroj qilish, yer ajratishda ta’magirlik, korrupsiya avj olib, ko‘p adolatsizliklarga ham yo‘l qo‘yilgandi. Buning oqibatida yerdan samarasiz foydalanish, qishloq xo‘jaligi sohasida katta yo‘qotishlar davom etayotgandi.

2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqilib, hayotga joriy etilsa, qishloq xo‘jaligida yangi davr — yuksalish davri boshlanadi. Ming-minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, hosildorlik oshadi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘payadi, odamlar daromadga yolchiydi, hayoti farovonlashadi, davlatning iqtisodiy quvvati ham oshadi, albatta.

Demak, qishloq xo‘jaligi taraqqiyotiga bag‘ishlangan bu yangi strategiyadan ko‘zlangan maqsad juda yuksak va ulug‘. Ayni kunlarda mutaxassislar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari Prezidentimiz ilgari surgan vazifalarni katta qiziqish bilan o‘rganib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishmoqda.

 

Abdimurod BOZOROV, O‘zbekiston Qahramoni, Qamashi tumanidagi «Bozor o‘g‘li Abdi» fermer xo‘jaligi rahbari:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev biz fermerlarning e’tiborini hamisha mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi sohalaridan biri – qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va samaradorligini oshirish masalasiga qaratib keladi. Yaqinda, aniqrog‘i 6 sentabr kuni qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlatimiz rahbari yana bir bor agrar sohadagi kamchilik va nuqsonlarga e’tiborimizni jalb etdi. To‘g‘ri ta’kidlandi, o‘tgan yillar mobaynida na bozor iqtisodiyoti, na yerga munosabat, na manfaatdorlik oshdi. Qaysi fermer bilan gaplashmang, goh mablag‘ yetishmovchiligi, goh xarajatlar ko‘payib ketgani yoki ob-havodan, hosildorlik pastligidan noliydi. Sabab nimada, kimda?!

Mana, videoselektor yig‘ilishida sohaga zamon talablaridan kelib chiqib yondashilmagani, mablag‘, ilmiy innovatsiyalar jalb etilmagani, oqibatda yerlar «charchab», unumdorlik pasayib ketgani ochiq-oydin tahlil etildi.

Shuni ham alohida aytish kerakki, biz fermerlar keyingi yillarda sohani isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilishi natijasida biroz bo‘lsa-da manfaat ko‘ra boshladik. Fermerlarimiz hisoblarida qanchadir miqdorda mablag‘lar ham yo‘q emas. Ammo ular hali fermer xo‘jaliklari qanotni keng yoyib ishlarni tashkil etishlari uchun yetarli emas. Hali-hamon eskicha usulda yerlarni shudgorlayapmiz. Yerga ishlov berishning arzonroq usullaridan foydalanib, kunini zo‘rg‘a ko‘rayotgan fermerlar ham kam emas. Traktorlarimiz kuchsiz. Eski zamondan qolgan traktorlarni yamab-yasqab ishlatib turibmiz. Yerga agrotexnika qoidalariga mos ravishda, zamon talablaridan kelib chiqib, mo‘l-ko‘l ishlov bera olmayamiz. Qisqacha aytganda, fermerlarga yangi tipdagi kuchli texnik vositalarni olishda amaliy ko‘mak zarur. Bundan tashqari, dehqonchilikda uzoq vaqt shakllanib kelgan o‘z vaqtida shudgorlash an’analarini tiklashimiz, keksa avlod tajribalariga tayanib ish tutishimiz kerak. Axir, ota-bobolarimiz «Dehqon bo‘lsang shudgor qil», « Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang, yuz hayda» degan maqollarni bejiz aytishmagan.

Mazkur yig‘ilishda alohida ta’kidlanganidek, yer egalari unumdorlik va hosildorlikni oshirish maqsadida yerga investitsiya kiritishga intilishi uchun avvalo ularning ertangi kunga ishonchi to‘la bo‘lishi kerak. Buning uchun davlatimiz rahbari aytganidek, qonunchilikka o‘zgartishlar kiritib, yer ajratishning shaffof tizimi va yerga bo‘lgan huquqning kafolatlanishini, yerning daxlsizligini ta’minlash, yerga bo‘lgan munosabat tushunchasini huquq sohasiga kiritish zarur.

Hosildorlik suv, meneral o‘g‘itlar, yerga o‘z vaqtida ishlov berish bilan chambarchas bog‘liq. Dunyo tajribasida suvdan unumli foydalanishning eng zamonaviy usullari qo‘llaniladi. Hozir o‘zimizda ham ayrim bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklarida tomchilatib sug‘orish an’analari joriy etila boshlandi. Ammo, buning uchun tajriba, qolaversa, mablag‘ talab qilinadi. Bugun fermerlarimiz o‘z sarf-xarajatlarini ana shunday talablardan kelib chiqib, shakllantirsa, hosildorlik ham, foyda ham ko‘payadi. Xalqimizda «Odam qilgan ishni odam qiladi», degan gap bor. Biz ham bugun yangicha o‘ylashimiz va yangicha ishlashimiz kerak bo‘ladi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va davlat xaridlari tizimini takomillashtirish masalalari batafsil muhokama qilingani, yerlarning unumdorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ilm-fanni rivojlantirishga byudjet mablag‘laridan ko‘proq ajratish masalasiga e’tibor qaratilgani biz fermerlarga katta umid bag‘ishladi. Kengashli to‘y tarqamas, deganlaridek, mazkur videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan vazifalar haqida har bir qishloq xo‘jalik xodimi o‘ylashi va o‘z takliflarini bildirishi qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

← Roʻyxatga qaytish