Har gal biror maqolaga qo‘l urishdan oldin tanlangan mavzu haqida izlanaman, yangi so‘z topishga harakat qilaman. Lekin bu safar ko‘p marta aytilayotgan, qayta-qayta ta’kidlanayotgan masalaga to‘xtalmoqchiman. Ko‘rinmas dushman qarshisida insoniyat hamon ojiz qolyapti. Atrofimizda sodir bo‘layotgan voqealar, yaqinginamizdagi dahshatlardan negadir hali-hamon xulosa chiqarib ololmayotganimiz achinarli.
Yurtimizda COVID-19 infeksiyasi ilk bor tasdiqlanganiga mana 6 oydan oshdi. O‘tgan kunlar davomida biz bilgan va bilmagan ko‘plab insonlarni hayotdan olib ketgan virus oramizda borligiga hanuz shubha bilan qaraydiganlar oz emas. Davlat rahbari, mutaxassislar, tibbiyot olimlari, ijro hokimiyati aholi hayotini asrab qolish, iqtisodiy ahvolni yaxshilash, inqirozdan eng kam talafot bilan chiqib olishi uchun jon-jahdi bilan kurashayotgan bir paytda biz — odamlar nimalar bilan ovora bo‘layapmiz? Pandemik vaziyat sabab o‘rnatilgan karantin talablariga bepisandlik bilan qarash, joriy etilayotgan yengilliklarni noto‘g‘ri talqin qilish, xastalikni mensimaslikning ayanchli oqibatlari haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rayapmizmi?
Yaqinda bir uzoqroq qarindoshim 60 yoshga to‘ldi. Bu shunchaki raqam emas. Uning ortida ne-ne bedor tunlar, hasratu tashvishlar, oqargan sochlar, yuzlarda esa yillar suroni solgan izlar bor, albatta. Ammo bugungi sharoitdan kelib chiqib, bu qutlug‘ yoshni oilaviy dasturxon atrofida nishonlash, Yaratganga shukronalik aytish o‘rniga dabdabali yubileyni istagan yurak bugun urishdan to‘xtaganiga siz ishonmassiz, lekin bu achchiq haqiqat.
Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, majburiyat, zarurat yuzasidan nikoh to‘yi yoki a’za marosimlari o‘tkazilishiga ruxsat berilgani barchaga ma’lum. Tug‘ilgan kun, gap-gashtaklar, maqsadsiz banketlar tashkil etish ko‘ra-bila turib o‘zini o‘tga otish bilan barobar. Ming afsuski, shunday hollar bo‘lyapti.
Voqeani qisqacha bayon qilsam. Dugonalari, qarindosh-urug‘larini 60 yoshini nishonlash marosimiga taklif qilgan ayolning quvonchi uzoqqa bormadi. Mehmonlar orasida tojdor virus bilan kasal bo‘lgani hamda 3 kundan buyon o‘zini yaxshi his qilmayotganini aytgan ayolning gapi hech kimning diqqatini tortmadi. O‘yin-kulgu avjiga chiqqan paytda na karantin talablari, na sanitariya qoidalari esga keldi. Qarabsizki, oradan uch kun o‘tib, yubiley nishonlagan ayolning qo‘shnisi COVID-19ning o‘tkir ko‘rinishi bilan hayotdan ko‘z yumdi.
Shunda ham tantanani o‘tkazgan ayol shifokor ko‘rigidan o‘tish haqida o‘ylab ko‘rmadi. 60 yoshni nishonlagan ayol hamda uning mehmonga kelgan qudasida ham virus alomatlari paydo bo‘ldi. Isitma, bosh va tanadagi og‘riq, holsizlik, nafas olish bilan bog‘liq muammolar asta-sekin avj ola boshladi. Biz ismini hamda manzilini sir tutishni istagan inson yubileydan so‘ng 21 kun o‘tgach, bu yorug‘ olamni tark etdi. Buning ustiga, dafn marosimida ishtirok etgan ayolning tug‘ishgan ukasi ham ko‘p o‘tmay aynan shu ko‘rinmas dushman domiga tushib, olamdan o‘tdi. Bu vaqt oralig‘ida marosimga kelgan bir qancha odamda kasallikning turli darajadagi holatlari kuzatildi.
Kuni kecha marhumaning qudasi bilan gaplashdim. Hol-ahvol so‘radim. Uning aytishicha, qudasi tabiatan g‘ayratli, shijoatli bo‘lgan. Uning o‘limi 3 nafar pahlavondek o‘g‘illarni esankiratib qo‘ygan. Ota-onasidan keyin ularga tirgak bo‘lar, deb kutilgan tog‘asi ham vafot etganini alam-afsus bilan aytdi.
Telefon orqali bir necha daqiqa davom etgan suhbatimiz soatlab cho‘zilgandek tuyuldi. Bu voqea men uchun ham yana bir saboq vazifasini o‘tadi. O‘tgan haftada to‘yiga taklif qilgan tanishimga uzrimni bildirishga qaror qildim. Tinchlik va sog‘lik bo‘lsa, to‘y-tantana, bazmu ziyofatlar hali ko‘p va xo‘b davom etaveradi. Faqat murakkab vaziyatda o‘zimiz hamda atrofdagilar hayotini xatarga qo‘ymaylik. To‘y-u tomosha, tug‘ilgan kun, gap-gashtaklar, mehmondorchiliklardan bugun o‘zimizni tiyib tursak, nafaqat salomatligimizni, balki hayotimizni ham asragan bo‘lamiz.
Zilola UBAYDULLAYEVA