Vijdon erkinligi huquqi

 

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyin ma’naviy hayotdagi yangilanish jarayoni, tub islohotlar samarasi o‘laroq — dinga bo‘lgan munosabat ham asliga qaytdi. Sobiq sovet tizimining ateistik siyosatiga barham berildi, vijdon erkinligi qonun orqali kafolatlandi. Davlatchiligimiz demokratik rivojlanish yo‘lini tanladi.

Din va dunyoviy davlat orasidagi munosabat haqida gap ketar ekan, eng avvalo, dinning davlatdan ajratilish tamoyili uning asosini tashkil etishiga aniqlik kiritildi. Bu haqda Konstitutsiyamizning 61-moddasida shunday deyiladi: “Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi”.

Mazkur moddada muhim qoidalar mustahkamlangan. Avvalo, diniy tashkilotlar qaysi konfessiyaga taalluqliligidan qat’i nazar, bir xil huquqiy maydonda faoliyat olib boradi. Qolaversa, diniy birlashmalar faoliyatini tashkil etish ularning ichki ishi hisoblanadi va davlat nazoratidan xolidir.

Shu bilan birga, diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilgani dinning jamiyatdan xoli ekanini anglatmasligini ham ta’kidlash zarur. Bu fuqarolik jamiyatida din o‘z mavqeiga ega bo‘lishini bildiradi. Aytish joizki, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va xalqimizning haqiqiy ma’naviy surati hamda siyratini belgilovchi fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan mehr-oqibat, hamjihatlik, o‘zaro yordam, keksalarga hurmat, sharqona odob-axloq, sharmu hayo kabi eng oliy insoniy tuyg‘ularning tub mohiyatini anglash va ko‘z qorachig‘idek e’zozlashda aynan diniy tashkilotlarning o‘rni katta.

Din va dunyoviy davlat munosabatini belgilab beruvchi boshqa bir tamoyilning mazmuni din sohasida kechayotgan o‘zgarishlarni xolis va ilmiy o‘rganishda namoyon bo‘ladi. Davlatning dinga bo‘lgan munosabatini ifodalovchi yana bir muhim tamoyil shuki, davlat dinni xalq ma’naviyatining uzviy qismi sifatida tan oladi. Shundan kelib chiqib, uning rivoji uchun tegishli shart-sharoit yaratishga harakat qiladi.

Shu nuqtai nazardan, bugun mamlakatimizda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi qabul qilinishining ahamiyati quyidagilarda namoyon bo‘ladi.

Birinchidan, vijdon erkinligi masalasi insonning hayotiy huquqi ekanidan kelib chiqib, demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlagan har bir mamlakat o‘z hayotining bosh mezoni sifatida vijdon erkinligi tamoyili ustuvorligini kafolatlaydi. Mamlakatimizda barpo etilayotgan demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining tamal toshi “vijdon erkinligi” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Fuqaroviy erkinliklar ichida insonning ichki ma’naviy dunyosiga va uning ruhiyatiga bevosita aloqador bo‘lgan vijdon erkinligi — umume’tirof etilgan inson huquqlarining eng asosiylaridan biri hisoblanadi.

Ikkinchidan, fuqarolik jamiyatida kishilar o‘rtasidagi munosabatlar yuksak madaniy saviya va teran ma’naviy zaminga asoslangan bo‘ladi. Muayyan insonning qadr-qimmati, odamlar orasidagi mehr-oqibat, samimiylik, axloqiy poklik, insofu adolat va insonparvarlik kabi eng ezgu umuminsoniy qadriyatlar fuqarolik jamiyatining muhim shartidir. Shuning uchun ham, O‘zbekistonda kechayotgan davlat va jamiyat qurilishi jarayonida tom ma’nodagi vijdon erkinligini ta’minlashga alohida urg‘u berilmoqda.

Davlatimizning vijdon erkinligiga munosabati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega...”, degan qoida bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Demak, “Vijdon erkinligi” degan tushunchaning mazmun-mohiyati xohlagan dinga e’tiqod qilish huquqidan tashqari, hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik ixtiyorini ham beradi. Har bir fuqaro haqli bo‘lgan bunday huquqning buzilmasligi uchun mazkur modda “diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi” degan muhim qoida bilan ham to‘ldirilgan. Shu nuqtai nazardan, ushbu me’yorlarni puxta tahlil etish ham muhimdir.

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida aniq belgilab qo‘yilgan davlat va jamiyat qurilishining bosh maqsadlaridan biri — inson farovonligi ta’minlangan, ijtimoiy adolat va qonuniylik ustuvorlik qiladigan, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lgan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligiga asoslangan jamiyatni barpo etishdir. Bu, eng avvalo, yuksak ma’naviyat va hurfikrlilikka asoslangan, vijdon erkinligi amalda barqaror bo‘lgan jamiyatni barpo etish demakdir. Bunday jamiyatni qurish esa, birinchi navbatda, keng ma’nodagi vijdon erkinligi, jumladan, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashni taqozo etadi. Konstitutsiyamizda ushbu hayotiy masalaga umume’tirof etilgan demokratik tamoyillardan kelib chiqib yondashilgan.

To‘rtinchidan, tom ma’noda vijdon erkinligi huquqini kafolatlash va amalda ta’minlash uchun O‘zbekistonda to‘laqonli huquqiy tizim yaratilishi o‘ta muhim masala hisoblanadi. Negaki, yuqorida ham ta’kidlanganidek, “Vijdon erkinligi” fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilish yoki e’tiqod qilmasligi kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir. Shu ma’noda, huquqiy kategoriya sifatida vijdon erkinligi, bir tomondan, e’tiqod erkinligini, ikkinchi tomondan esa, hech bir dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ifoda etadi. 

Axloqiy nuqtai nazardan, vijdon erkinligi bu muayyan insonning fikrlash tarzi va shaxsiy, ma’naviy e’tiqodiga mos xatti-harakat qilish huquqidir.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, har qanday demokratik rivojlanish yo‘lini tanlagan davlat vijdon erkinligini huquqiy kafolatlash va amalda ta’minlash tadbirlarini ro‘yobga chiqarish bilan bir qatorda, qonun ustuvorligi masalalarini ham oliy darajada ruyobga chiqarishga intiladi. Qonun ustuvorligi eng oliy mezon bo‘lgan fuqarolik jamiyatining har bir a’zosi ushbu qonuniy talabga to‘g‘ri munosabatda bo‘lib, uni hayotga tatbiq etishga hissa qo‘shishi lozim. Chunki eng muhim konstitutsiyaviy huquqlardan biri bo‘lgan vijdon erkinligi huquqining amalda ro‘yobga chiqishi fuqarolik jamiyatining ma’naviy-madaniy rivojlanganlik darajasi ko‘rsatkichi sifatida muhim ahamiyatga ega.

Xulosa sifatida aytish lozimki, bugungi kunda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasining qabul qilinishi, unda ko‘zda tutilgan asosiy yangilik va o‘zgarishlar mohiyatini yuqoridagi omillar nuqtai nazaridan tushunish, tahlil qilish maqsadga muvofiqdir.

 

Nigora YUSUPOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, yuridik fanlar doktori.

www.uzbekistonovozi.uz

← Roʻyxatga qaytish