O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

 

30-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yilning dekabr oyida videoanjuman shaklida o‘tkazilishi rejalashtirilgan davlatimiz raisligidagi MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari koronavirus pandemiyasining tarqalishi oqibatida kelib chiqqan global inqiroz sharoitida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror sur’at bilan rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, o‘zaro tashriflar faol amalga oshirilmoqda, Hukumatlararo qo‘shma komissiya va boshqa hamkorlik mexanizmlari unumli ishlayapti, o‘zaro savdo hajmlari ortib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha ustuvor loyihalar hamda gumanitar almashinuv dasturlari davom ettirilmoqda.

Prezidentlar xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Suhbat har doimgidek samimiy, do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

 

www.president.uz

 
← Roʻyxatga qaytish