«Yarmini 4 kishi, qolganini bir kishi…»

 

Energetika vazirligi mutasaddisi tizimdagi o'zgarishlar haqida

Cable.co.uk portalining britaniyalik ekspertlari tomonidan tuzilgan eng arzon elektr energiyasiga ega mamlakatlar reytingida O'zbekiston 7-o'rinni egalladi. Mamlakatda bir kilovatt-soat elektr energiyasi 0,027 dollar turar ekan.

Buning sababi bugun yurtimizda subsidiyalangan tizim amal qiladi. Ya`ni, kim qancha elektr energiyasi ishlatsa ham, uning 40 foizi davlat tomonidan qoplanadi. Masalan, kimdir oyiga 1 million so'mlik elektr energiya iste`mol qilsa, buning 40 foizi yoki 400 ming so'mi subsidiya hisobiga to'g'ri keladi. 100 ming so'mlik elektr energiya sarflagan uchun ham shu tartib, ya`ni 40 ming so'm davlat hisobidan qoplanadi. Kim qancha ko'p elektr energiyasidan foydalansa, shuncha ko'p davlatdan pul olyapti. Vaholanki, ko'p energiya manbalarini iste`mol qilgan shaxs o'ziga to'q oilalar, uylarida qo'shimcha daromadi bo'lgan kishilardir. Ular davlatning himoyasiga, ijtimoiy ko'makka muhtoj emas. Shuni inobatga olgan holda shu kunlarda yangi tartib joriy etilishi kutilmoqda. Energetika vazirligi elektr energetika sohasini isloh qilish loyiha ofisi direktori o'rinbosari Bahrom Umarbekov bilan ana shular haqida suhbatlashdik.

— Iqtisodiyotimizni nafaqat o'stirish, balki uning sur`atini ham ko'tarishimiz kerak. Masalan, Xitoy ko'p yillar 10-11 foizda o'sib keldi. Bizda ham ana shunday imkoniyatlar bor. Faqat ulardan to'g'ri va samarali foydalanishimiz zarur. Buning uchun avvalo, energetika sohasini rivojlantirish talab etiladi. Afsuski, ayni paytda tizimda muammolar ko'p. Ulardan asosiysi ko'p yillar davomida tariflar past bo'lgani uchun soha zaruriy investisiyalarni amalga oshira olmaganidir. Sababi, mamlakatning YaIM kam edi va qarz olish qobiliyati, imkoniyati past, elektr ta`minotida defisit yuqori bo'lgan. Hozirda ancha qisqartirishga erishdik, lekin hali ham ko'rsatkichlar me`yorda emas, defisit, ya`ni taqchillik saqlanib qolgan. Chunki elektr energiyasi va gazga bo'lgan talab biz prognozlashtirgan yillik 7-5 foizdan ham oshib ketyapti. Demak, bu tezlikka mos ravishda o'sish uchun sohada islohotlarni amalga oshirish lozim.

Shu kungacha o'tkazilgan islohotlar birinchi bosqich edi. Bu sohada davlat siyosatini yurituvchi organ sifatida Energetika vaziriligi tashkil etilishi bilan boshlandi. Shundan so'ng ikkita vertikal integrallashgan kompaniya — «O'zbekneftgaz» va «O'zbekenergo» kompaniyalari iqtisodiy zanjirga, ya`ni ishlab chiqarish bosqichlariga muvofiq ravishda bo'lindi. Bundan tashqari, texnik o'zgarishlar ham amalga oshirildi. Ya`ni, «Hududiy elektr tarmoqlari» va «Hududgazta`minoti»da birdek aqlli hisoblagichlar o'rnatildi. Natijada nafaqat iste`molga aloqador ma`lumotlarni yetkazib berish, balki ularni yig'ib borish imkoniga ega axborot tizimi ishga tushdi. Butunlay yangi baza shakllandi. Mazkur ma`lumotlar evaziga tahlillar o'tkazildi.

Ayon bo'ldiki, aholi tomonidan elektr hamda gaz iste`moli bir xil emas va o'rtada kuchli nomutanosiblik yuzaga kelgan. Ya`ni, butun O'zbekiston bo'yicha elektr ta`minotini eng kam iste`mol qiladiganlardan eng yuqori ko'rsatkichgacha tahlil qilinganda, raqamlar oydinlashdi. Xususan, oyiga 200 kVt. soatgacha sarflaydigan xonadonlar iste`molchilarning 80 foizini va ular umumiy iste`molning yarmini, qolgan 20 foizi yana 50,2 foizini tashkil qilishi ma`lum bo'ldi. Soddaroq qilib tushuntiradigan bo'lsam, 5 kishi uchun mo'ljallangan ovqatning yarmini 4 kishi, qolganini esa bir kishi yegani bilan barobar. Buning oqibatida adolat mezonlari buziladi.

Xuddi shunday holat tabiiy gaz ta`minotida ham kuzatiladi. Faqat u yerda ahvol bundan ham past. Ya`ni, oylik sarfi o'rtacha 500 kub metrgacha bo'lgan xonadonlar 85 foiz bo'lib, ular umumiy iste`molning atigi 35 foiziga to'g'ri kelmoqda. Bundan ko'rinadiki, biror me`yor va mezon ishlab chiqilishi shart. Chunki, O'zbekistonda bu ikki soha subsidiyalanadi. Ya`ni, katta miqdorda gaz va elektr energiya sarflovchi korxonalarga tariflar oshirib qo'yilishi evaziga aholiga arzonlashtirilgan narxlar tayinlangan.

O'rganishlar natijasida iste`molning katta qismi ikki xil toifadagi xonadonlar hissasiga to'g'ri kelmoqda. 200-300 kvadrat metrli xonadonlar va unda qo'shimcha iste`mol talab qiluvchi ob`ektlar, masalan, basseyn, parli hammom kabilar qurilganda energiya sarfi oshadi. Bundan tashqari, uyida issiqxona, limonariya tashkil qilganlar, tikuv sexi, bir necha 10 bosh qora mol boquvchi va yana boshqa turdagi ishlab chiqarish bilan shug'ullanuvchilarning sarfi katta. Vaholanki, ular yuridik shaxs sifatida ro'yxatdan o'tishi va ana shu asosiga orttirilgan narxda energiya uchun haq to'lashi lozim. Muhimi, ular davlatning ko'magiga muhtoj emas. Biroq odamlar ana shu to'lovdan qochadi.

Aholiga yetkazib berilatyogan elektr energiyasi uchun taxminan 420 so'm xarajat qilinsa, iste`molchi buning 300 so'mini to'laydi. Yuqoridagilar inobatga olinsa, subsidiyalar to'g'ri taqsimlanmayapti. Shu sababli muvozanatni saqlash uchun yangi tizim joriy etildi. Unga ko'ra, oylik iste`mol me`yori 200 kVt. soat etib belgilandi. Mazkur miqdorgacha bo'lgan taqdirda eski tariflar deyarli o'zgarmagan holda to'lov qilinadi. 201 kilovattdan boshlab energiya yetkazib berishning hamma xarajatlarini to'liq qoplaydigan, subsidiyalanmagan hajmda, ya`ni tarifning ikki barobari miqdorida to'lov amalga oshiriladi. Natijada ijtimoiy himoyaning qaysidir darajada manzilliligi ta`minlanadi. Bu to'g'ridan-to'g'ri ko'makka nisbatan ideal tizim bo'lmasligi mumkin. Biroq dastlabki bosqichda ushbu usuldan foydalanish afzalroqdir.

Misol uchun, shartli ravishda subsidiyalangan tarifni 300 so'm, deb olsak, oyiga 400 kVt. soat elektr energiyasi ishlatgan xonadon uning teng yarmiga arzonlashtirilmagan narxda to'lov qiladi. Umumiy hisobda esa o'rtacha narxi har kilovatt uchun 450 so'mga teng bo'ladi. Ana shunda sarflanayotgan xarajatlar va uning qarshiligi uchun to'lanadigan haq miqdoridagi muvozanatning buzilishiga yo'l qo'yilmaydi.

— Sohani isloh qilish uchun yana qanday chora-tadbirlar rejalashtirilgan?

— Sohadagi muammolarni hal qilishga qaratilgan ishlar shu bilan chegaralanmaydi. Chunki bu juda mayda qadamlar bo'lib, yillar davomida amal qilganda natija ko'rinishi mumkin. Eng asosiy maqsad esa elektr energiyasi va gazga bo'lgan erkin bozorni o'rganishdan iborat.

Xo'sh, bozor qanday shaklda bo'ladi? Elektr energetika ishlab chiqarish bozorida xususiy, shuningdek, ayrim davlatga tegishli bo'lgan korxonalar hamda elektr ta`minotiga muhtoj bo'lgan yirik va o'rta bizneslar ulgurji bozorda bir-biri bilan ko'rishadi. Shu orqali oldi-sotdi qiladi.

Yangi tartibga ko'ra, ikki xil shartnoma bo'ladi. Birinchisi, quvvatlar, ikkinchisi, amalda ishlab chiqariladigan keyingi kun elektr energiyasi uchun bo'ladigan bozordir. Xonadonlar va kichik biznes bilan ulgurji bozor o'rtasida chakana elektr sotish korxonalari faoliyat yuritadi. Ular bozorga chiqib, ulgurji energiya sotib oladi va aholi hamda kichik biznesga yetkazib beradi.

Shu o'rinda tabiiy monopoliya hisoblangan yuqori kuchlanishli elektr energiyasini uzoq joylardan iste`molchilar turgan joylarga yetkazib beruvchi «O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati asosiy operator sifatida saqlanib qoladi. Hududlarda esa elektr energiyasini yuqori kuchlanishdan past kuchlanishgacha sozlab berish vazifasini bajaruvchi operator sifatida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ham o'z ishini davom ettiradi. Ushbu tartib gaz ta`minotida ham amal qiladi.

Bundan ko'rinadiki, ta`riflash tizimidagi o'zgarish qaysidir ma`noda masalalar yechimiga turtki bo'ladi. Lekin uning uzoq muddatli ta`siri ancha kuchliroq. Chunki kelajakda yaratiladigan erkin bozorda investorlar kelishiga sharoit yaratish uchun maksimal darajada shaffoflikni ta`minlash zarur. Bunda eng maqbul yo'l tariflarga nisbatan to'g'ridan-to'g'ri ijtimoiy ko'makni amalga oshirishdan iborat. Ya`ni, tariflar bozor mexanizmlari bilan belgilansa va bizda mavjud ehtiyojmand aholi xonadonigacha yetib borsa, natija ko'rinadi. Asosiysi, bu na bozorga, na ijtimoiy himoyaga xalaqit beradi.

— Ushbu tizimning amaliyotga tadbiq etilishi korrupsiyaga yo'l ochib bermaydimi? Noqonuniy foydalanishlar, o'g'riliklar avj olmasligi uchun qanday nazorat olib boriladi?

— O'zimning misolimda aytaman. Yaqinda uyimizdagi elektr hisoblagich buzilib qoldi. Bundan xabarimiz ham bo'lmabdi. Qanchadir vaqt o'tib, hisoblagich ishlamayotganini sezib qoldim va tuman elektr korxonasiga murojaat qildim. Avvalo, uskunani yangisiga almashtirib berishlarini va hisoblagich ishlamay qolgan vaqt uchun to'lovni qay tartibda amalga oshirish kerakligini tushuntirishlarini so'radim. Shunda korxona xodimlari bizning o'rtacha iste`mol xarajatlarimiz haqida ma`lumotga ega ekanliklarini aytdi va mazkur usuldagi to'lov eng adolatli yo'l edi. Ya`ni, zamonaviy texnologiyalar xonadonlarning o'rtacha kunlik sarfini ham belgilab bera oladi.

Agar tarif bo'yicha ijtimoiy me`yorlar kiritilgach, kimdir nimadir o'zgartirmoqchi, o'g'rincha yo'llar bilan gaz va elektrdan foydalanmoqchi bo'lsa, hududiy korxonalarda har bir xonadonning ma`lumoti bor. Ana shular asosida kamaytirishga urinishlar nazorat organlari, inspeksiyalar ko'magida tekshiriladi. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda kerakli choralar ko'riladi. Chindan ham, iste`mol kamayganda, ishlab chiqarish ochib olgan odam ish joyini boshqa joyga ko'chirgani tasdiqlanganda, iste`molchi haqligi tasdig'ini topadi.

Bundan tashqari, aqlli elektr hisoblagichlar faqatgina xonadonlarga yoki oxirgi iste`mol nuqtalariga emas, transformatorlarga ham o'rnatilgan. Ya`ni, hududiy elektr tarmoqlar korxonasi har bir hududda iste`mol qanday bo'lyapti, yo'qotishlar bormi yoki ortiqcha sarflanishlar haqida alohida ma`lumotlar bazasi bor. Sarflanayotgan ta`minot bilan to'lovlar o'rtasida tavofut yuzaga kelsa, o'rganish, holatni bartarf etish imkoni bor. Endilikda o'g'riliklarni amalga oshirish ancha qiyin. Zero, javobgarlik ham, nazorat ham hududiy mas`ullarda bo'ladi va ulardan talab qilib olinadi.

— Energetika ta`minotini yaxshilashdagi keyingi qadam qanday bo'ladi?

— Amaldagi «Elektr energiyasi to'g'risida»gi qonunni yangi tahrirda ishlab chiqqanmiz. Rejamizga ko'ra, joriy yil yakuniga qadar mazkur qonun qabul qilinishiga erishish kerak. Chunki unda islohotlarni amalga oshirish yo'llari, usullari, erkin bozorga o'tish bosqichlari va u haqidagi tasavvur batafsil bayon qilingan. Erkin bozorning qoidalarini yozuvchi va qaysidir darajada hakamlik hamda rivojlantirish vazifalarni bajaruvchi mustaqil bozor regulyatori tashkil topishi ham belgilangan. Islohotlar konsepsiyasi hamda shu asosidagi «yo'l xaritasi»ni tasdiqlovchi Prezident qarori loyihasi ham ishlab chiqilgan. Yaqin kunlarda uning amaliyotga tadbiq etilishi kutilmoqda. Umuman, qilinadigan ishlar bisyor. Mayda qadamlardan boshlangan ishlarimiz katta rejalarga poydevor bo'lishiga umid qilyapmiz.

 

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

Zilola UBAYDULLAYEVA suhbatlashdi.

«O'zbekiston ovozi», 25.05.2022, №21

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish