Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida O'zbekiston mamlakatda osoyishtalik va birlikni saqlashga qodirdir

 

Ma`lumki, ayni kunlarda O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida Konstitusiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi davom etmoqda.

Ayrim joylarda masalaning mohiyatini talqin qilishda tushunmovchilik holatlari ham uchradi. 1 iyul kuni Nukus shahrining markaziy ko'chalarida noqonuniy namoyishlar uyushtirildi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini noqonuniy egallashga urinish harakatlari sodir etildi.

Davlatimiz rahbari Nukus shahriga yetib borib, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoev konstitusiyaviy islohotlar Vatanimizning bugungi va kelajak hayoti uchun g'oyat muhim ahamiyatga ega bo'lgan masala ekani, muhokamalarda ko'pmillatli xalqimiz ko'plab taklif va tavsiyalarini bildirayotganini ta`kidladi.

Xalqimiz hukmiga havola etilgan mazkur Konstitusiyaviy qonun loyihasi hali qabul qilinmagan, umumxalq muhokamasiga qo'yilgan, xolos. Shu bois davlatimiz rahbari Qoraqalpog'istonning o'ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e`tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog'iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o'zgartirishsiz qoldirish zarurligini ta`kidladi. Ya`ni, Konstitusiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini o'zgarishsiz qoldirish taklif etildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Nukus shahridagi Jeketerak mahallasida bo'lib, xalq bilan ham muloqot qildi. “Qoraqalpog'istonda amalga oshirilayotgan ijobiy o'zgarishlar bundan buyon ham albatta davom ettiriladi. Chunki Qoraqalpog'istonning taqdiri – bu O'zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun o'zbek xalqining baxti va farovonligidir”, dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev.

Shu bilan birga, Jo'qorg'i Kenges deputatlariga murojaatida soxta axborotlarni tarqatishning sinalgan texnologiyalaridan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalangan holda, buzg'unchi kuchlar aniq maqsadni ko'zlab, fuqarolarni Konstitusiyaga xilof xatti-harakatlarga jalb etayotganiga urg'u berildi.

Ularning asosiy niyati jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo'lgan ishonchni susaytirish, O'zbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iboratligi qayd etildi.

Prezident farmoni bilan fuqarolarning xavfsizligini ta`minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida 2022 yil 3 iyul kuni soat 00:01 dan 2022 yil 2 avgust kuni soat 00:00 ga qadar bo'lgan davrda favqulodda holat joriy etildi.

Qoraqalpog'istonda vaziyat iziga tushdi, fuqarolarning tinchligi, xavfsizligini ta`minlash bo'yicha barcha choralar ko'rilmoqda.

Shu kunlarda turli xalqaro tashkilotlar, davlat arboblari, Prezidentlar ushbu voqeliklar haqida o'z munosabatlarini bildirmoqda.

Masalan, Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi o'z bayonotida O'zbekiston Qozog'istonning qardosh davlati, ishonchli ittifoqchisi va strategik hamkori ekani hisoblashi bayon qilingan.

«Shu bois Qozog'istonda qo'shni do'st mamlakatdagi voqealar xavotir bilan qabul qilindi. Biz O'zbekiston rahbariyatining Qoraqalpog'istondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan qarorlarini olqishlaymiz va qo'llab-quvvatlaymiz.

Eng muhim siyosiy voqea – Konstitusiyaga o'zgartirishlar kiritish bo'yicha referendum arafasida qardosh O'zbekistonda tinchlik va osoyishtalik hukm surishiga ishonchimiz komil», deyiladi munosabatda.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo'mitasi joriy yilning 1 iyulida Qoraqalpog'istonda sodir bo'lgan voqealar munosabati bilan Konstitusiyaga zid ko'rinishlar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlarni qoralab, barqarorlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni saqlash tarafdori ekanini bildirib, huquq-tartibotni ta`minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, millatlararo totuvlik va ko'p millatli O'zbekistonning barcha xalqlarining tinch-totuv yashashi bo'yicha O'zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan ko'rilayotgan chora-tadbirlarni qo'llab-quvvatlashini bildiradi.

Prezidentimiz 4 iyul kuni ­Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

O'zbekiston — Qirg'iziston do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining keng ko'lamli kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilar ekan, Qoraqalpog'istondagi voqeliklarga ham munosabat bildirdi.

Prezident Sadir Japarov Qoraqalpog'istondagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlarga chek qo'yish maqsadida O'zbekiston rahbari tomonidan ko'rilgan qat`iy choralarni to'liq qo'llab-quvvatladi. Boshqa davlatning ichki ishlariga aralashishga yo'l qo'yib bo'lmasligini alohida ta`kidlandi.

Bu kabi muloqotlar va munosabatlar qatorida davlatimiz rahbarining Evropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqotini ham olish mumkin. Suhbat davomida Yevrokengash Prezidenti, o'z navbatida, O'zbekistonning kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat barpo etish sari ochiq islohotlar yo'lini davom ettirish borasidagi sa`y-harakatlarini qo'llab-quvvatladi.

Qoraqalpog'istondagi vaziyatning ba`zi buzg'unchi kuchlar tomonidan izdan chiqarilishiga yo'l qo'yib bo'lmasligi alohida qayd etildi. Sharl Mishel jinoiy unsurlar tomonidan uyushtirilgan tartibsizliklar natijasida qurbon bo'lganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik so'zlarini yetkazishni so'radi.

Bundan tashqari, Yevrokengash o'z saytida bayonot bilan chiqdi. Yevropa Ittifoqi O'zbekiston Konstitusiyasiga o'zgartishlar kiritish taklifi ortidan Qoraqalpog'istonda ro'y bergan qonli voqealarni ochiq va mustaqil tergov qilishga chaqiradi. Biz qurbonlar borligidan chuqur afsusdamiz va voqealar rivojini yaqindan kuzatishda davom etamiz. Biz taklif etilgan konstitusiyaviy o'zgarishlarga nisbatan jamoatchilik xavotirlariga Prezident Mirziyoev tomonidan tezkor reaksiya bildirilganini olqishlaymiz. Barcha tomonlarni nizo keskinlashishi va zo'ravonliklar davom etishining oldini olish maqsadida o'z harakatlarida vazminlikka chorlaymiz, deyiladi Yevropa kengashi saytida.

Manbalarda yozishicha, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qoraqalpog'istondagi voqealarga munosabat bildirgan. Kreml O'zbekiston hukumatining faol harakatlari bilan muammolar hal etilishiga shubha yo'qligini ta`kidlagan.

Xususan, “O'zbekiston bizning ittifoqchimiz, u do'st mamlakat, u bizning juda muhim hamkorimiz. O'zbekistonda sodir bo'layotgan hamma narsa shu davlatning ichki ishidir hamda respublika rahbariyatining faol harakatlari bilan mavjud muammolar hal qilinishiga shubhamiz yo'q”, deb javob bergan Peskov jurnalistlar bilan suhbatda.

Rossiya TIV ham so'nggi voqeliklarga nisbatan munosabatini aytgan. Xususan, Nukus shahrida sodir bo'lgan tartibsizliklar qonunbuzarlar tomonidan qo'zg'atilib, zo'ravonlik va buzg'unchilik harakatlariga sabab bo'lgani qayd etiladi. Qurbonlar va jarohatlanganlar, jumladan, O'zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari orasida ham borligi aytib o'tilgan.

Shavkat Mirziyoev Emomali ­Rahmon­ bilan telefon orqali muloqot qildi.

Tojikiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qoraqalpog'iston Respublikasida barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlash bo'yicha sa`y-harakatlarini qo'llab-quvvatladi.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Liszyan XXR TIV brifingida xitoylik jurnalist savoliga (Qoraqalpog'istondagi voqealarga Xitoyning munosabati qanday?) javob tariqasida Xitoy hukumatining munosabatini quyidagi bayonot bilan izohladi:

“Xitoy tomoni bir necha kun avval O'zbekistonda bo'lib o'tgan voqealardan xabardor. O'zbekistonning do'st qo'shnisi va keng qamrovli strategik hamkori sifatida Xitoy O'zbekiston Hukumatining milliy osoyishtalikni ta`minlash borasidagi harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi. Xitoy tomoni shunga aminki, Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida O'zbekiston mamlakatda osoyishtalik va birlikni saqlashga qodirdir”.

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog'istonda sodir bo'lgan voqealardan xavotirdaligini bildirib, O'zbekiston hukumatining sa`y-harakatlarini qo'llab-quvvatladi. Shu mazmundagi tegishli bayonot vazirlik saytida e`lon qilindi.

Unga ko'ra, Turkmaniston O'zbekiston rahbariyatining mamlakatda Konstitusiyaviy tuzum va huquq-tartibotni, xalq xavfsizligi va tinchligini himoya qilish bo'yicha o'z vaqtida va qat`iy harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi.

Turkmaniston O'zbekistonning yaqin qo'shnisi sifatida bu davlat bilan qardoshlik, do'stlik va yaqin hamkorlik rishtalari bilan bog'lanib, unga zarur yordam va ko'mak ko'rsatishga tayyorligini bildiradi, deya munosabat qoldirilgan.

Turkiya tashqi ishlar vaziri M.Chavushog'lu O'zbekiston tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasida tinchlik, xavfsizlik va jamoat osoyishtaligini ta`minlash, ushbu hududning barqaror rivojlanishini har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilgan qat`iy chora-tadbirlarni Turkiya qat`iy qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

 

 

 

Teglar

Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish