Shu kunlarda jamoatchiligimiz tomonidan Prezidentimizning joriy yil 25 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida ijtimoiy sug'urta jamg'armasi haqida muhim vazifalar belgilangani keng muhokama etilmoqda. Ijtimoiy sug'urta nima ekanini keng jamoatchilikka to'g'ri tushuntirish, albatta, juda muhim.
Moliya vazirligining Aholini ijtimoiy himoya qilish va davlat ijtimoiy xizmatlari tarmoqlarida byudjet siyosati departamenti bosh mutaxassisi Komila Zakirova muxbirimizga ushbu jamg'armadan ko'zlangan maqsadni izohlab, jarayonni tushuntirib berdi.
– Shu yilning avgust oyida Ijtimoiy sug'urta jamg'armasi shakllantirilishi ko'zda tutilgan. Jamg'arma mablag'larini shakllantirish manbasi etib Davlat byudjeti belgilangan. Keyinchalik esa Moliya vazirligining hisob-kitoblariga asosan jamg'armaning qo'shimcha manbalari aniqlanadi. Jamg'armani tashkil etishdan asosiy maqsad nima? Asosiy maqsad bosqichma-bosqich respublikada ijtimoiy sug'urta tizimini joriy etish orqali aholiga bazaviy ijtimoiy ta`minotni kafolatlashdir.
Birinchi bosqichda, ya`ni sentyabrdan boshlab barcha yuridik shaxslarda mehnat shartnomasi asosida rasmiy ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug'ish nafaqasining bir qismi Jamg'arma hisobidan to'lab beriladi.
Nafaqaning bu qismi minimal iste`mol xarajatlaridan kelib chiqib, 2 million so'm miqdorida belgilanmoqda. Ish beruvchi esa faqat nafaqaning Mehnat kodeksiga muvofiq qolgan qismini to'lab beradi. Misol uchun, ayolning o'rtacha oylik ish haqi 1 million 200 ming so'm bo'lishi mumkin. Bunda Ijtimoiy sug'urta jamg'armasi mablag'lari hisobidan unga 4 oy homiladorlik tufayli mehnatga layoqatsizlik davriga jami 2 million so'm nafaqa to'lab beradi. Bir so'z bilan aytganda, Mehnat kodeksiga asosan bu ayol jami 4 million 800 ming so'm miqdorida homiladorlik va tug'ish nafaqasini olishi kerak.
Ya`ni, bu holatda ish beruvchi unga 2 million 800 ming so'm miqdorida homiladorlik va tug'ish nafaqasini to'lab berishi kerak. Bunday tartib, o'z navbatida, ish beruvchilarni ijtimoiy to'lovlarning bir qismidan ozod etadi.
Aholi tomonidan bu nafaqani tayinlash tartibi qanday bo'ladi, degan mazmunda ko'p savollar kelib tushmoqda. Hozirgi kunda homiladorlik va tug'ish nafaqasini tayinlash va to'lash tartibiga oid loyiha ishlab chiqish jarayonida. Loyihaga asosan homiladorlik va tug'ish nafaqasi murojaat talabisiz tayinlanishi ko'zda tutilgan. Bu biron joyga borib yurish kerak bo'lmaydi, degani. Ayolga tibbiy tashkilot (oilaviy polikninika, tug'uruq muassasasi, qishloq vrachlik punkti) tomonidan homiladorlik va tug'ish mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilganidan so'ng tibbiy tashkilotning mas`ul xodimi ushbu varaqani “Ijtimoiy himoya yagona reestri”da elektron ro'yxatdan o'tkazishi rejalashtirilmoqda.
“Ijtimoiy himoya yagona reestri” esa “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integrasiyalashuv platformasi bilan axborot almashuvini qo'llab, ayolning bandligi va ish stajini avtomatik ravishda aniqlaydi va mezonlarga javob bersa, nafaqani tayinlaydi.
Shundan keyin “Ijtimoiy himoya yagona reestri” homiladorlik va tug'ish nafaqasi tayinlanganligi haqida ayolning telefoniga qisqa xabar – SMS yuboradi.
Loyihaga asosan homiladorlik va tug'ish nafaqasi ayolning nomiga ochilgan aktiv plastik kartasi mavjud bo'lsa, nafaqa homiladorlik va tug'ish mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilgan oydan keyingi oyda o'sha kartaga to'lab berilishi ko'zda tutilgan.
Agar ayolning nomida ochilgan plastik kartasi mavjud bo'lmasa, SMSda AT “Xalq banki”ning filialiga murojaat etishi ko'rsatiladi hamda homiladorlik va tug'ish nafaqasi naqd ko'rinishda to'lab beriladi.
Ikkinchi bosqichda homiladorlik va tug'ish nafaqalari ish beruvchi zimmasidan olinadi. Keyingi bosqichlarda Ijtimoiy sug'urta jamg'armasining imkoniyatlaridan kelib chiqib, kasallik varaqalari asosida nafaqa to'lab berish, ish beruvchi tugatilgan hollarda ishdan bo'shatish nafaqasini to'lab berish davlat tomonidan ijtimoiy sug'urta orqali amalga oshiriladi.
Yana bir muhim yo'nalish ijtimoiy yordamga oid. Hozirgi kunda 1,82 million oila bolalar nafaqasi va moddiy yordam bilan qamrab olingan. Ya`ni, respublika bo'yicha oilalarning 22 foizi davlatdan ijtimoiy yordam olmoqda. Farmonda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” orqali oilaning kam ta`minlanganligini aniqlashni raqamlashtirish ishlarini izchil davom ettirish ko'zda tutilgan. Mazkur axborot tizimi orqali kam ta`minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlashga oid me`yorlar doimiy takomillashtirib boriladi. Shuningdek, ariza berish jarayonini soddalashtirishga alohida e`tibor qaratiladi. Bunda elektron ariza berish imkoniyati yaratilishi ustidan ishlar olib borilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qiladigan bo'lsak, Strategiyaning asosiy maqsadi ijtimoiy himoya sohasidagi barcha instrumentlarning samaradorligini oshirish, ya`ni aholiga ko'rsatilayotgan ko'makni yanada kuchaytirishdir.
“O'zbekiston ovozi” muxbiri
Toshtemir XUDOYQULOV tayyorladi.
«O'zbekiston ovozi», 10.08.2022, №32