Trillionlik dastur

 

Oʻzbekistonda yaxshi niyat bilan yangi boshlangan yilga nom beriladi. Avvallari yilga berilgan nomdan hamma bilardiki, yil davomida maʼlum darajada boʻlsa ham oʻsha sohada yangiliklar qilinardi. Lekin keyingi yillarda nomlar ham, rejalashtirilgan ishlar ham keng qamrovli boʻlmoqda. Yaʼni, inson ham yuksalgan sari rejalarini kengroq va puxtaroq tuza boshlagani singari davlatchiligimiz yuksalgan sari rejalari ham teranlashmoqda.

2022–2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda Prezidentning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarga muvofiq, aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, taʼlim sifatini ilgʻor jahon standartlariga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish hamda kambagʻallikni qisqartirish borasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da quyidagi rejalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Dastur loyihasi (https://2023.strategy.uz/83-2/) jamoatchilik muhokamasi va takliflari uchun ochiq.

 

Davlat xizmatlari boʻyicha

2023 yil 1 iyuldan boshlab, barcha davlat organlari va tashkilotlarida “Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish” chora-tadbirlari belgilanishi. Vazirlar 15 kun muddatda oʻz tizimida masofadan turib, shu jumladan, mobil ilovalar orqali koʻrsatiladigan xizmatlarni koʻpaytirish, undiriladigan toʻlovlar miqdorini kamaytirish, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, koʻrib chiqish jarayonlari va muddatlarini keskin qisqartirish, shaffoflikni oshirish, aholi va tadbirkorlar bilan doimiy muloqot maydonchalarini tashkil etish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishga oʻqitish boʻyicha tadbirlar dasturini tasdiqlab, aholi va tadbirkorlarga eʼlon qilish.

Adliya vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bir oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarining aholi va tadbirkorlarga koʻrsatiladigan servis xizmati sifatini oshirish borasidagi faoliyatini reyting baholash tizimini joriy etish.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan anʼanaviy tarzda koʻrsatiladigan qoʻshimcha 200 ta davlat xizmatlarini davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish.

Natijada elektron shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni 73 foizga yetkaziladi. Hozirda esa, mavjud 770 dan ortiq davlat xizmatlaridan 262 tasi davlat xizmatlari markazi, 370 tasi (50 foiz) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida koʻrsatiladi.

 

Ijtimoiy himoya boʻyicha

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi boʻlgan shaxslar, ogʻir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali koʻrsatilgan xizmat uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmagan holda koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish.

Natijada mazkur shakldagi davlat xizmatlari bilan 4 mln.ga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qamrab olinishi taʼminlanadi.

Elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda (xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning oʻz tashabbusi bilan fuqaro murojaatini kutmasdan) koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish.

Natijada yiliga oʻrtacha 300 mingta ariza boʻyicha elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichini qiyoslashdan oʻtkazish xizmatlari proaktiv tarzda koʻrsatilishi taʼminlanadi.

Byudjet mablagʻlari hisobidan jismoniy va yuridik shaxslarga subsidiya ajratish bilan bogʻliq barcha xizmatlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatish, subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini maxsus elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimini yoʻlga qoʻyish.

Masalan, 2022 yilda nodavlat bogʻchalar uchun elektron tizim orqali subsidiya ajratishga oʻtish orqali har oyda 20 mlrd. soʻm iqtisod qilingan.

Fuqarolarning pensiya taʼminotini yaxshilash va pensionerlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin oʻz vaqtida olinmagan pensiyani toʻlash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytirish koʻzlangan.

Natijada 2,4 ming nafardan ortiq fuqaroga 21,7 mlrd soʻm miqdordagi pensiya toʻlab berilishi imkoniyati yaratiladi.

 

Nogironlikni belgilashga qoʻshimcha yengilliklar

Shu maqsadida 2023 yil 1 martdan boshlab nogironlik idoralararo elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida fuqarolar kasalligining ogʻirligi va uning asoratlaridan kelib chiqib ularning ishtirokisiz belgilanadi.

Natijada yillik 27 ming nafar fuqaro (25 foiz) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga bormaydi va ularga nogironlik sirtdan belgilanadi. Nogironlikni belgilashda davolash muassasalaridan kasallik tarixi koʻchirmalari elektron qabul qilinadi (Toshkent shahrida aprobatsiyadan oʻtkazilgan) hamda ushbu maʼlumotlar asosida nogironlik fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.

2023 yil 1 martga qadar nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasi loyihasi kiritilishi, unda:

fuqarolarning mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik darajasidan kelib chiqib nogironlikni belgilash amaliyotidan voz kechilib, uning oʻrniga jahon standartlari asosida nogironlikni belgilashga hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning hayotga ijtimoiy moslashuvi va ularning sogʻligʻini qayta tiklashga;

mustaqil harakat qilish imkoniyati boʻlmagan shaxslarning barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlariga (jamoat va ishlab chiqarish binolariga, sogʻliqni saqlash va sport obyektlariga, madaniyat va tomosha muassasalariga) moneliksiz kirishi uchun qulay sharoitlar yaratilishiga;

nogironligi boʻlgan shaxslarning qulay formatlardagi axborot texnologiyalaridan foydalanishi, imo-ishora tilidan hamda muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratishga eʼtibor qaratish rejalangan.

Ijtimoiy modelga oʻtish tavsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyada belgilangan. Konsepsiyaning qabul qilinishi natijasida nogironlikni belgilashda xalqaro klassifikatsiyaga asosan axborot texnologiyalar joriy etiladi (kasalliklar shifrlanadi), nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zaruriy sharoitlar yaratiladi (panduslar, koʻtarma liftlar, surdo tarjimalar, tovushli va vizual signalizatsiyalar va boshqalar) hamda ularni reabilitatsiya qilish boʻyicha shaxsiy dasturlar ishlab chiqiladi.

 

Tashabbusli byudjet

Ushbu amaliyotni hamda mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirish maqsadida:

2023 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 8 trillion soʻm, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trillion soʻm yoʻnaltirish;

2023 yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 4 trillion soʻm ajratish kutilmoqda.

Natijada mazkur tadbirlarga ajratilayotgan mablagʻlar miqdori qariyb 2 baravar koʻpaytirilishiga erishiladi. Masalan, 2022 yilda ushbu tadbirlar uchun 4,3 trln. soʻm mablagʻ ajratildi.

2024 yil uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturidan boshlab, davlat organlari tomonidan taklif etilgan ijtimoiy hamda muhandislik infratuzilma obyektlarini ushbu dasturga “Ochiq byudjet” portalida ovoz berish jarayonida toʻplangan ovozlar soniga koʻra kiritish amalga oshirish amaliyoti joriy etish nazarda tutilgan.

Natijada tashabbusli byudjet jarayoni orqali taqsimlanadigan mablagʻlar miqdori 8 trln. soʻmdan 23 trln. soʻmga (+15 trln. soʻm) yetadi.

 

Sogʻliqni saqlash boʻyicha

Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish va uni sifatli tibbiy xizmatlar bilan taʼminlash, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, shuningdek, bemorlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida:

Sogʻliqni saqlash vazirligi 2023 yilda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish;

18-40 yoshli 12,6 million nafar aholini profilaktik koʻrikdan oʻtkazish, 40 yosh va undan katta yoshdagi surunkali kasalligi boʻlmagan 6,3 million nafar aholini yurak qon-tomir kasalliklari va qandli diabet, 3 million nafar aholini onkologik kasalliklarni erta aniqlash boʻyicha skrining tekshiruvlardan oʻtkazish;

spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan 112 nafar bolalarni dori vositalari bilan taʼminlash;

eshitish zaifligi mavjud boʻlgan 250 dan ortiq bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyalarini oʻtkazish, shuningdek, bunday operatsiyalar oʻtkazilgan 132 nafar bolalarda nutq protsessorlarini almashtirish choralarini koʻrish moʻljallangan.

Natijada mazkur amaliy tadbirlarga 308,4 mlrd. soʻm mablagʻ ajratiladi.

 

Qonun ustuvorligi boʻyicha

Adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash borasida quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish belgilanmoqda:

Jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qoʻllash amaliyotini yanada kengaytirish maqsadida tintuv oʻtkazish, telefon soʻzlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga oʻtkazish.

Soʻnggi 3 yilda fuqarolarga tegishli 4 mingga yaqin mulklar tergovda xatlangan boʻlib, ishni koʻrish natijasi boʻyicha sud tomonidan ularning atigi 1,3 mingtasiga undiruv qaratilgan, 2,7 mingta mulk tergov davrida ortiqcha xatlangani sababli, keyinchalik bekor qilingan.

Jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibini joriy etish.

Hozirda jinoyat ishlari sudlarga faqat ayblov xulosasi bilan beriladi, natijada sudyalarda ish bilan tanishish jarayonining oʻzida ayblovga moyillik paydo boʻladi. Jinoyat protsessida tomonlar tengligini taʼminlash maqsadida himoyachi fikrini ham sudga kiritish belgilanadi.

Oliy sud, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar boʻyicha tegishli qonun loyihalarini Davlat dasturida belgilangan muddatlarda ishlab chiqib, kiritilishini taʼminlashi kutilmoqda.

 

Taʼlim sifati boʻyicha

Sohani ilgʻor xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida:

2023 yil 1 sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida oʻquvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga oʻrgatish amaliyotini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish.

Natijada 76 ta maktabda fransuz tili, 76 tasida nemis, 37 tasida ingliz, 10 tasida koreys, 6 tasida xitoy va 3 tasida yapon tillari ikkinchi xorijiy til sifatida oʻqitiladi. Shuningdek, oʻquvchilar 10-sinfdan boshlab 64 ta ishchi kasblar, 21 ta sohada tadbirkorlikka, 10 ta IT va “kreativ industriya” yoʻnalishidagi kasblarga oʻrgatiladi.

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻyish.

Natijada, joriy yilda bepul ovqat berish tizimi bilan 2,5 mln. nafar oʻquvchini qamrab olish va ushbu maqsadlarga 2,7 trln. soʻmga yaqin mablagʻ ajratish taʼminlanadi.

 

Ahmad Qurbonov

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 8.02.2022, №5

 

 

 

 

Teglar

Davlat dasturiga takliflar
← Roʻyxatga qaytish