HUQUQ VA BURCH MAS’ULIYATI

Biz vatanparvarlik, fidoyilik haqida ko‘p gapirganimizdanmi, bu tushunchalar ba’zida shunchaki balandparvoz gaplardek tuyuladi. O‘zini vatanparvar ko‘rsatib, gapni ko‘pirtirishdan nariga o‘tmagan ayrim shovvozlardan «Baraka topkur, vatanparvarlik, fidoyilik haqida gapirishdan oldin o‘ylab ko‘r, o‘z konstitutsiyaviy burchingni, majburiyatingni bajarayapsanmi, mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlarga o‘zingni daxldor deb his qilayapsanmi? Hech bo‘lmasa, gaz va elektr energiyasi uchun to‘lovlarni vaqtida to‘layapsanmi?» deb so‘raging keladi...

Kasbimiz bo‘yicha ishlayotgan yoki biror vazifani bajarayotgan bo‘lsak, buning uchun davlat ish haqi to‘layapti, kasbga doir ayrim turdagi soliqlardan ozod qilayapti, imtiyozlar berayapti.

Xo‘sh, bu jarayonlarda kim qanday qatnashyapti? To‘g‘ri, o‘z vazifasini va burchini sadoqat bilan bajarayotganlar oz emas. Ammo tani-joni sog‘, kattagina tomorqa yeriga ega bo‘lgan ba’zi kishilar moddiy yordam so‘rab turli idoralarga murojaat qilishi kishini o‘yga toldiradi. Ro‘zg‘or muammolari bilan Xalq qabulxonasiga borishni bilamizu, lekin uy-joylarimiz, tomorqalarimiz imkoniyatlaridan foydalangan holda sharoitimizni yaxshilashimiz mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Kam ta’minlangan oila sifatida nafaqa olish uchun murojaat qilamizu, biroq oila byudjetini yaxshilashga qaratilgan imtiyozlar yoki ko‘rsatilayotgan xizmatlardan foydalanmaymiz. Nega?

Joriy yilning boshidan aholini imtiyozli shartlarda kreditlashdek noyob tizim amaliyotga kiritildi. Banklar xodimlari uyma-uy yurib, aholiga tomorqalarida dehqonchilik yuritish, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanish, oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish va boshqa bir qator loyihalar bo‘yicha imtiyozli kreditlar olish mumkinligi haqida tushuntirish olib bordi.

Xo‘sh, nega ushbu tadbirlar uchun banklar, mahalla faollari va korxona-tashkilotlar rahbarlari javobgaru, aslida bundan manfaatdor bo‘lgan o‘zimiz «Olma pish, og‘zimga tush» qabilida kun kechirayapmiz?

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bizning Yuqorichirchiq tumani bo‘yicha joriy yilning 1 iyul holatiga 176 ta yordamga muhtoj oila tomorqalariga ekishlari uchun mahalliy byudjet hisobidan 9 million so‘mlik sabzavot, 12 million so‘mlik meva ko‘chatlar tarqatildi hamda 45 oilaga 101 million 900 ming so‘m moddiy yordam berildi. Bu yordamdan qanday foydalanildi? Har joyda har xil. Kam ta’minlanganlarga nafaqalar berilishiga qarshi emasman, lekin bu maqomdan chiqish imkoniyatlaridan foydalanish mumkinmi-yo‘qmi? Nega turmushimizni yaxshilashga o‘zimiz harakat qilmaymiz? Davlat byudjeti ham cheksiz va tubsiz xazina emasku.

Har bir yig‘ilishda tuman rahbarlari fermerlarga o‘z burchidan kelib chiquvchi vazifalar haqida takror va takror uqtirmagungacha yer egasining o‘zi biror tashabbus bilan chiqmaydi. Fermer shartnomaviy majburiyatlarini bajarishi kerakligini o‘ylab ko‘rmasa, izlanmasa, takliflar bilan chiqmasa, uning uchun boshqalar o‘ylashi kerakmi?

Yana bir gap. Ayrim fuqarolar tomonidan kundalik hayotimizdagi munosabatlarda qonunlarni buzish, tartib-intizomga rioya qilmaslik yoki ularni mensimaslik odatiy holga aylanib bormoqda. Yaqinda xizmat taqozosi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tumani sudida noqonuniy qurilgan uy-joylarni buzish bilan bog‘liq nizo muhokamasida ishtirok etishimga to‘g‘ri keldi. Bir qator fuqarolar tuman hokimining qarorisiz fermer xo‘jaligi balansidagi yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, uy-joy qurib olishgan ekan.

Hayratga solgani shuki, bu fuqarolar qonunni buzganliklaridan hatto uyalmasdan, «Nega shu paytgacha noqonuniy uy-joy qurganligimizni bizga hech kim aytmagan», deb sudga e’tiroz bildirishdi. O‘zboshimchalik bilan qilingan harakat oqibatida nafaqat qonun buzildi, balki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solindi. Chunki, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamiz bo‘yicha bugungi kunda qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvli yer maydonlari miqdori har bir fuqaroga o‘rtacha 0,12 gektardan to‘g‘ri kelgan, bu esa aholi soni ortib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladigan yerlar kamayib bormoqda degani, axir. Xo‘sh, har kim o‘zi xohlaganicha yerlarni talon-taroj qilsa, ertangi avlod uchun nima qolishi, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ahvoli qay darajaga tushishi mumkinligini o‘ylab ko‘rganmizmi?

Dorixonalar tizimini olaylik. Davlatimiz aholi manfaatlaridan kelib chiqib, dori vositalari bilan savdo qilishni tartibga solishga kirishgan edi, bir zumda peshtaxtalardan ayrim turdagi dorilar yo‘q bo‘lib qoldi. Ko‘chalarda ochiqchasiga valyuta ayirboshlashimiz, plastik kartalardan pul yechishni «biznes»ga aylantirib olganimiz haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Yo‘llarda harakatlanish masalasi esa borgan sari o‘ta muammoli bo‘lib qolmoqda.

Bundan ancha yillar avval xizmat bo‘yicha tajriba almashish uchun Yaponiya davlatida bo‘lgan edim. Meni qoyil qoldirgan jihatlardan biri shu bo‘ldiki, yapon haydovchilari yo‘llarda harakatlanuvchi boshqa ishtirokchilarga xalal berishi mumkin bo‘lgan birorta harakatni qilishmaydi. Buni ularda «haydovchilik madaniyati», deyishadi. Bizda-chi, haydovchilarning bir-biriga va piyodalarga nisbatan hurmatsizligi, qoida buzish holatlari haqida istalgancha misol keltirish mumkin.

Albatta, bularni nazorat qiladigan, tegishli chora ko‘radigan idoralarimiz bor. Lekin bizchi? Jabrdiyda bo‘lganimizda "Prokuror, ichki ishlar yoki soliq qayoqqa qarayapti?" deb dod solishni bilamiz, lekin jamoat nazorati hisoblangan fuqarolik burchimizni ado etishdan ko‘ra, «Menga nima?» deya, ko‘rib ko‘rmaslikka, eshitib-eshitmaslikka olishni afzal bilamiz.

Bir qarashda bu gaplar kundalik mayda muammolar bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq Navoiy bobomiz "Qatra-qatra yig‘ilib, daryo bo‘lur", deganlaridek, yirik oqibatlar aynan mayda muammolardan kelib chiqishi ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. Shu bois o‘z haq-huquqimizni talab qilish barobarida fuqarolik burchimizni qanday bajarayotganimiz to‘g‘risida ham o‘ylab ko‘rsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

 

Muhiddin QIYOMOV,

Yuqorichirchiq tumani hokimligi huquqshunosi.

← Roʻyxatga qaytish