RAHBARLIK VA MAS’ULIYAT

Mansabdorlarning tafakkurini o‘zgartirish eng dolzarb vazifalardan bo‘lib qolmoqda

Maqsuda VORISOVA, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati a’zosi:

— «Si?satnoma» asapi bilan Sharqu G‘arbda o‘chmas iz qoldirgan Ali Tusiy Nizomulmulk rahbar va rahbarni tanlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan. Kishilarni ishga tayinla?tganda nimalarga e’tibop bepish lozimligi haqida fikr yuritib, amaldoplapni to‘g‘pi tanlash, ularga qo‘llaridan keladigan vazifalarni topshipish, ijposini o‘z vaqtida talab qilish lozimligini kayd etgan.

Nizomulmulk o‘z davrida davlatni boshqarish jarayonida vazirlar, boshqa kichikroq lavozim egalarini o‘z ishlariga jiddiy munosabatda bo‘lishga, zimmasidagi vazifalarni halollik va poklik bilan bajarishga da’vat etgan. Bu o‘gitlar hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Har bir jamiyat siyosiy hayotidagi jiddiy islohot ma’naviy-madaniy yuksalishlar bilan parallel sodir bo‘lishi kerak, degan fikr yuradi. Bunday uzviylik islohotlarning muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Biroq bu ko‘p, qat’iy va tizimli ma’rifiy ishlarni talab qiladi. Tafakkurni o‘zgartirish eng og‘ir vazifalardandir.

Jamiyatda yangilanishni amalga oshirish, insonlar ong-tafakkurida o‘zgarish yaratishda jamiyatni boshqarib turgan katta-kichik rahbarlar yetakchilik qiladi. Chunki har qanday tashkilot, korxona yoki muassasaning rahbari shu mehnat jamoasidagi kayfiyatni, xodimlarning o‘z ishiga, hamkasblariga, mehnati natijasiga, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga, alal oqibat jamiyatga va davlat siyosatiga munosabati shakllanishiga muhum ta’sir ko‘rsatadi.

Bu masalada Yaponiya tajribasi alohida ahamiyatga molik. Mamlakatda rahbar xodimlar asosan psixologik yondashgan holda, ehtiyotkorlik bilan odamlarning ruhiyatini o‘rganarkan, xizmatchilarning ish sharoitini doimo yaxshilashga urinarkan, har qanday yordamni ayamasdan muomala qilishga harakat qilarkan. Bunday madaniyatli yondashuv mamlakat ravnaqida qanday samara berganiga bugun guvoh bo‘lyapmiz.

Rahbar xonada o‘tirmasdan, o‘z faoliyatini ishchilar orasida olib borishi ishchi xodimlarning mehnatga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshiradi.

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha sohalarida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Lekin ijtimoiy sohadagi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan, Davlat dasturlarida belgilangan vazifalar har doim ham kutilgan natijani bermayapti. Mening fikrimcha, bunga asosiy sabab tashkilotlar rahbarlarining islohotlar mohiyatini to‘liq anglab yetmasdan, faqat shakl o‘zgarishiga e’tibor qilishidadir.

Ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga uchrayotgan xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash sohasida ham aholimiz kutgan ijobiy natijalarning kamligi asosan boshqaruvning to‘g‘ri tashkil etilmaganidan, deb bilaman. Fikrimcha, jamiyatda inqilobiy o‘zgarishlarning tezlashuviga tuman darajasidagi rahbarlarning ko‘pchiligi tayyor emasligi, ba’zi hollarda esa ana shu o‘zgarishlarni amalga oshirishni istamasligi sabab bo‘lmoqda. Fikrimcha, bunday holat yillar davomida rahbarlik lavozimlariga tayinlash aniq bir me’yorlarsiz, tizimli tayyorgarliksiz, ochig‘ini aytganda, tanish-bilishchilik «texnologiyasi» asosida olib borilgani oqibatida kelib chiqdi.

Ba’zida ota-onalar, umuman, aholimiz o‘qituvchilarning bilimi sayozligi, ma’suliyatsizligidan shikoyat qilib, ularni attestatsiyadan o‘tkazishni talab qiladilar. Attestatsiya o‘tkazdik, bilimi sayoz deb topilgan muallimlarni ishdan chetlatdik, deb faraz qilaylik. Nimaga ega bo‘lamiz? Birinchidan, shundoq ham yetishmayotgan o‘qituvchilar yanada kamayadi, ikkinchidan, rahbarlik yondashuvi o‘zgarmasa, eski avtoritar boshqaruvni davom ettirsa, ta’lim sifati yaxshilanish o‘rniga pasayib boraveradi.

Shu o‘rinda hayotiy misol keltirmoqchiman. Onam 15-16 yoshlarida o‘sha vaqtda (1937-1938 yillar) pedagogika texnikumini tugatib, (Toshkent viloyati) To‘ytepaga o‘qituvchi bo‘lib borganlar. Kunduz kuni bolalarni maktabda, kechki payt kattalarni «savodsizlikni tugatish» guruhlarida o‘qitganlar. Ikkinchi jahon urushi davrida maktabni boshqarganlar. Tasavvur qiling, mushtdekkina qiz butun boshli qishloqda yolg‘iz muallima! Lekin bolalarda ham, kattalarda ham o‘zlashtirish darajasi yaxshi bo‘lgan. Menimcha, buning sababi boshqaruv to‘g‘ri tashkil qilinishi, kadrlarga bildirilgan ishonch, ijodiy imkoniyat berilishida, deb bilaman. Bugun maktablarda o‘qituvchilar qat’iy ramkaga solib qo‘yilgan, hudud xususiyatlari, maktab imkoniyatlari inobatga olinmaydi. Aksariyat ishlar faqat hisobot uchun bajariladi, o‘qituvchi har bir bajargan ishi uchun hisobot yozishga, yana kamiga fotosuratlar ilova qilishga, son-sanoqsiz fayllarni to‘ldirishga, darsdan bo‘sh vaqtida ham maktabda o‘tirishga majbur. Axir bo‘sh vaqtda ustoz o‘z ustida ishlasa, madaniy hordiq chiqarsa, kutubxonada yoki internetda shug‘ullansa, bilimi kengayib, darslar sifatiga ijobiy ta’sir qiladi-ku!.. Albatta, bu ham maktablarda boshqaruv masalasi qanday yo‘lga qo‘yilgani bilan bog‘liq masala.

Xuddi shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida ham tibbiyot xodimlari xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarni bajaradilar, ko‘p hollarda asosiy vaqt bemor uchun ham, tibbiyotchi uchun ham foydasi bo‘lmagan, faqat nazoratchi uchun kerak bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirishga sarflanmoqda. Tibbiyotda sohalar bo‘yicha vrach va hamshiralarning lavozim vazifalari aniq chegaralanishi o‘ta muhim, aks holda, bemor va tibbiy xodim o‘rtasida muammolar kuchayib boraveradi.

Har ikkala sohada ham mutaxassislarning o‘z ishiga ijodiy yondashuviga imkon bermaslik, doimiy, ko‘pincha bir-birini inkor qiluvchi ko‘rsatma va topshiriqlarning berilishi, soha xususiyatlaridan to‘liq xabardor bo‘lmagan nazoratchilarning o‘zlaricha topshiriq berishlari, rahbarlarning faqat yuqori tashkilotlar oldida yaxshi hisobot uchun intilishlari, buning uchun oddiy xodimlardan ko‘zbo‘yamachilikni talab qilishlari maorif va tibbiyotda islohotni amalga oshirishga katta to‘siq bo‘lmoqda, kadrlarni o‘z ishidan bezdirmoqda.

Shuning uchun ham ushbu ijtimoiy muhim ikki sohada rahbar kadrlarning to‘g‘ri tanlanishi, ishchi-xodimlar samarali boshqarilishi katta ahamiyatga ega, deb o‘ylaymiz.

Aholi orasida muhit va kayfiyat yaratuvchi, taraqqiyot oyog‘iga tushov bo‘layotgan quyi darajadagi kadrlarning dunyoqarashini qanday o‘zgartirish, bilim saviyasini qanday yaxshilash mumkin? Meni ko‘proq shu savol o‘ylantiradi.

Tushunaman, bu juda og‘ir va og‘riqli masala. Lekin shuni hal qilmasdan muvaffaqiyatga erishishning iloji ham yo‘q.

Menimcha, har bir tumanda har bir soha bo‘yicha rahbar kadrlar zaxirasini tuzish kerak. To‘g‘ri, bugungi kunda ham qog‘ozda bunday zaxira mavjud. Lekin mutaxassis rahbarlik zaxirasiga qaysi me’yorlar asosida, kimning tavsiyasiga ko‘ra kiritilmoqda? Yillar davomida bu zaxiradan foydalanish samarasi qanday bo‘ldi?.. Shu kabi savollarga javob berish qiyin bo‘lsa kerak.

Rahbarlikka tayinlashda, fikrimcha, sohaning eng quyi qismida tajriba orttirgan, amaldagi mehnat munosabatlari qonunchiligini biladigan mutaxassis, masalan, maktab direktorligiga shu maktabda oddiy o‘qituvchilik qilib, jamoa va ota-onalar hurmatiga sazovor bo‘lgan, muhimi, faoliyati davomida yangilik yaratishga intilgan, ma’naviy jihatdan barchaga o‘rnak bo‘la oladigan, boshqaruv bo‘yicha malaka oshirgan pedagogni tayinlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash tizimida ham rahbarlik lavozimlariga poliklinika, QVP, eng uzoq tumandagi shifoxona ahvolini his qila oladigan, joylardagi muammolardan xabardor, sohadagi tashabbuskor insonlar maxsus tayyorgarlikdan so‘ng tayinlansa, bir necha yildan beri o‘zgarishi qiyin bo‘layotgan soha jonlanarmidi, deyman.

Xulosam shuki, holatni va imkoniyatni real baholay oladigan, «yuqori»dan ko‘rsatmani kutmasdan, mustaqil fikrlab, harakat qila biladigan rahbarlar zarur bizga.

Yana bir taklifim: barcha oliy o‘quv yurtlarida sohaga oid me’yoriy hujjatlar o‘quv dasturlariga kiritilishi, boshqaruv asoslari fan sifatida zamonaviy shakl va mazmunda o‘rgatilishi kerak.

Rivojlangan, erkin, farovon mamlakatda yashashni barchamiz istaymiz. Bunday mamlakatni yaratish esa o‘qish, o‘rganish, mas’uliyatni zimmaga olish, tinimsiz izlanish va mashaqqatli mehnatni talab etadi. Biz o‘zgarishni o‘zimizdan, farzandlarimizdan, yon atrofimizdan boshlasakkina ezgu maqsadlarimizga yetishishimizga ishonaman.

← Roʻyxatga qaytish