KOMPENSATSIYA TO‘LAMASDAN

uy va imoratlarni buzishga chek qo‘yilishi, bu masalada deputatlik nazorati kuchayishi kerak

Bugun kichik biznesni rivojlantirish va biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish eng dolzarb masalalardan biriga aylangani hech kimga sir emas. Mazkur masala shaxsan davlatimiz rahbarining diqqat markazida ekani esa uning ahamiyati nechog‘li muhimligini anglatadi. Shundan kelib chiqib, tadbirkorlik faoliyatiga qaratilgan har qanday to‘siqlarga murosasiz bo‘lish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish talab etilmoqda.

To‘g‘ri, huquqiy jihatdan olib qaralganda, bugun o‘z ishini yuritmoqchi bo‘lgan tashabbuskorlarga to‘siq yo‘q, aksincha, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash belgilangan. Xususan, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, turli ruxsatnomalar olish va boshqa ko‘plab xizmatlar tartib-qoidalari soddalashtirildi. Bu borada qulaylik yaratish uchun Davlat xizmatlari agentligi va uning joylardagi markazlari tashkil etildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) lavozimi joriy qilindi.

Xo‘sh, bu qulayliklar va shart-sharoit amalda qay darajada ishlayapti? Muammolar yechim topib, kamchiliklar bartaraf etildimi? Prezidentimiz raisligida 2 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda aynan ushbu masalalarga e’tibor qaratildi. Tadbirkorlik sohasidagi tizimli muammolar muhokama qilinib, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab olindi.

 

Xayrullo RO‘ZMETOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Joriy yil 23 iyul kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishining mantiqiy davomi bo‘lgan mazkur yig‘ilishda hududlarda sohani rivojlantirish borasida ishlar qanday tashkil qilingani, muammolarni hal etishda qanday to‘siqlar borligi va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar aytildi. Muammolarni markaziy idoralar aralashuvisiz, joyida hal qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Ko‘proq murojaatlar yer bilan, kommunikatsiya va infratuzilmalar bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Tegishli davlat organlarining roziligini olish kerak bo‘lgan holatlar ham mavjud ekan. Ana shunday 8 ta asosiy tashkilotning tadbirkorlarning hujjatlarini imzolashda byurokratiyaga yo‘l qo‘yayotgani ma’lum bo‘ldi. Bitta hujjat oylab ushlab turilishi natijasida tadbirkorning ishi to‘xtab qoladi. Ishdan ko‘ngli soviydi. Yig‘ilishda rusxat berish jarayonlarini optimallashtirish masalasi ko‘tarildi. Shu bilan birga, kichik sanoat zonalarini tashkil etish kerakligi ta’kidlandi. Chunki bunday holatda tadbirkorlarni kommunikatsiya tarmoqlariga ulashning 60-65 foizi davlat byudjetidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, tadbikorlar va jismoniy shaxslardan uy-joy, yer mulkni olishda kompensatsiya to‘lash dolzarb masaladir. Bu boradagi muammolarga, aytaylik, 100 million so‘mlik uyni past narxga, masalan, 10 millionga baholash, undan chiqqan xomashyoni ham ana shu mablag‘ hisobiga kiritish holatlari ko‘p uchrayotgani sabab bo‘lmoqda. Ayrim hollarda esa ko‘chish uchun ko‘rsatilgan manzilda boshqa bir oila yashayotgan bo‘ladi. Uyi buzilayotganlar esa ko‘chada sarson. Uylarni buzishdan oldin uni bozor narxida baholash va ana shu asosda kompensatsiya to‘lash zarur. Puli to‘lanmagan ob’ektni buzish taqiqlanadi. Vaholanki, joylarda buning aksi bo‘lyapti. Buni Prezident siyosatiga qarshi harakat, deb baholash mumkin.

Davlat rahbarining ta’biri bilan aytganda, bu vatanga, xalqqa xiyonat, odamlarning haqini yeyish, degani. Hattoki, ana shunday qing‘irlikka yo‘l qo‘ygan hokimlar, rahbarlar xalqning qarshisiga chiqib, kechirim so‘rashi kerakligi qayd etildi. Zotan, noxush holatlarda na davlatning, na Prezidentning aybi yo‘qdir. Nafsiga qul ayrim kimsalarning xatosi tufayli xalq jabr ko‘rmoqda, sarson bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda bir narsani aytish joiz. Biz ham endi yuzxotirlik qilib, kimgadir gap tegib qolmasin qabilida ish tutmaymiz. Qat’iy tartib, kuchli nazorat va keskin choralar ko‘rishimiz shart. Chunki ertaga xalq bizdan hisob so‘raydi. Deputat bo‘lishdan oldin ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga va’da berganmiz. Keling, chinakamiga ana shu maqsadga bel bog‘laylik. Deputatni mensimagan, uning so‘rovi, murojaatiga bepisand qaragan shaxslarni kechirib bo‘lmaydi. Demak, joylarga chiqqanimizda davlat siyosatini odamlarga to‘g‘ri tushuntirishimiz, deputatlik va parlament nazoratini kuchaytirishimiz lozim.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA yozib oldi.

← Roʻyxatga qaytish