Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga nonushta kerakmi?

 

So‘nggi yillarda ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, o‘qitish sharoitlari tubdan yaxshilanmoqda. Biroq ko‘pchilik ahamiyat qaratmayotgan bir masala borki, ta’limning asosiy poydevori bo‘lgan boshlang‘ich ta’limda bolalarning puxta bilim olishiga xalal bermoqda. Xalq demokratik partiyasi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun nonushta tashkil etish tashabbusi bilan chiqyapti.

O‘quvchilarni nonushta bilan ta’minlash mustaqillikning dastlabki ikki-uch yiligacha davom etdi. O‘sha yillari ta’lim olganlar juda yaxshi eslaydi: ertalab ishtahasi yo‘qligi yoki maktabga kechikayotgani tufayli uydan nonushta qilmay ketgan farzandidan qariyb biror ota-ona xavotir olmas edi. Chunki maktabda beriladigan nonushtaning bolasiga darsdan qaytgunicha bemalol quvvat bo‘lishiga ishonchi komil edi.

O‘tish davridagi iqtisodiy qiyinchiliklar, xususiylashtirish bilan bog‘liq ayrim masalalar nonushta masalasini ham butkul kun tartibidan chiqarib yubordi. Hozir davlatimiz iqtisodiy jihatdan o‘zini tiklab, shiddat bilan rivojlanayotganiga qaramay, bu masalaga e’tibor qaratishning imkoni bo‘lmayapti.

Shifokor tanishimning aytishicha, u ishlaydigan tibbiyot muassasasi yonidagi maktab o‘qituvchilari o‘qtin-o‘qtin dars chog‘ida holsizlangan o‘quvchilari yetaklab kelib, shifokorga murojaat qiladi.

“Bu bolalarning aksariyati boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bo‘lib, ularda birorta jiddiy kasallik alomatlari sezilmaydi. Suhbat asnosida bolalarning maktabga kelishdan oldin turli sabablarga ko‘ra durustroq tamaddi qilmagani ma’lum bo‘ladi. Maktablarda nonushtaning tashkil etilishi mana shu kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Qorni to‘q bolaning fikrlashi, bilimni qabul qilish darajasi qorni och bolanikiga nisbatan yuqori bo‘lishi ko‘p kuzatilgan. Ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim yoshidagi bolalar o‘ta harakatchan bo‘lib, ertalab tamaddi qilgan yeguliklari ularning sarflagan quvvati o‘rnini to‘ldirolmaydi”, deydi shifokor.

Bolalarning nonushta qilmagani bilan bog‘liq muammolar ko‘proq o‘qituvchilarga ortiqcha tashvish tug‘diradi. Sababi, muallim o‘quvchining maktabdan kelib, to ketguniga qadar javobgar.

— Ilgari darsdan keyin kuni uzaytirilgan guruhlarda nonushta berilardi. Ancha tetiklashib qolgan bolalar bilan kechgacha ishlash juda oson kechardi. Hozirgi kunda o‘quvchilarimni kuzataman: ayrimlari nonushta uchun pul olib keladi, ayrim bolalar esa ertalabdan nonushta qilmay, pulsiz keladi. Ba’zan dars o‘tishda juda qiynalib ketaman. Qorni och bolaning miyasiga hech narsa kirmaydi. Qishloq joyda na oshxona, na issiq ovqat bor. Hech bo‘lmaganda boshlang‘ich sinf bolalari uchun issiq ovqat tashkil qilinsa, yaxshi bo‘lardi.Ta’lim samaradorligi birmuncha yaxshilanardi, — deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan biri.

“Bolalarning nonushta uchun olib kelgan puli nimaga ham yetardi. Qishloq joylarda esa maktab bufetlari ishlamaydi. Sababi, ijara puli qimmat. Bolalar uyidan ming, juda borsa, ikki ming so‘m olib keladi. Bu pulga nimayam olardi. Vitaminga boy hech narsa bermaydi. Bitta nonni to‘rtga bo‘lib ichiga sabzili salat va bir bo‘lak kolbasa solingan yemak olib yeyishadi. Shu bilan maktabda dars tugaguncha yurishadi. Ehtimol, shaharlarda ota-onalar bolalariga ko‘proq pul berar, ammo qishloq hududlarda bolasining nonushtasi uchun pul ajratish ota-ona uchun ortiqcha. Hozir hech qayerda nonushta yo‘q, menimcha. Lekin qo‘shimcha tamaddi tashkil etilsa, o‘quvchilarga koni foyda bo‘lardi. Chunki qorni to‘q bolaning miyasi yaxshiroq ishlaydi. Tushlikkacha toliqib ham qolmaydi. Dars jarayonida diqqati chalg‘imaydi. Xayoli ovqatdamas, darsda, fanlarda bo‘ladi”, deydi muallimalardan yana biri.

Maktablarda tashkil etiladigan nonushtaning ratsionga boy, to‘yimli, tabiiy mahsulotlardan tayyorlanishi o‘quvchilarning nafaqat puxta bilim olishi, balki sog‘lom va durkun o‘sishiga ham yordam beradi. Bugun unib o‘sayotgan bolalarning tomog‘idan tejab qolingan arzimas mablag‘ ertaga mamalkatga foyda keltirmaydi. Millat genofondining zaiflashuviga, pirovardida xalqning zarariga xizmat qiladi. Chunki sillasi qurigan boladan ko‘ra, iligi to‘q bolani ulg‘aytirish, gap uqtirish, ta’lim-tarbiya berish oson.

Xalq demokratik partiyasi bu g‘oya amalga oshishi uchun kurashadi. Yordam berishni istasangiz, partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz bering!

 

Sirojiddin Shonazarov,

O‘zXDP Markaziy Kengashi yetakchi referenti.

www.daryo.uz

← Roʻyxatga qaytish