XDP fraksiyasi tashabbusi bilan parlament eshituvi o‘tkaziladi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini partiya elektorati manfaatlari nuqtai-nazaridan moddama-modda muhokama qilishdi.

Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro normalar va standartlarni milliy qonunchilikka izchil tatbiq yetish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqa fuqarolar bilan teng ravishda inson huquqlari va erkinliklaridan foydalanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu Qonun bilan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanishga, saylash va saylanishga, referendumda ishtirok etishga, shuningdek foydalanish imkoniyati bo‘lgan multimedia vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yordamida ta’lim olish huquqlarini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya asosida «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muloqot qilish uchun foydalanish imkoniyati bo‘lgan muloqot shakllarini, shuningdek ijtimoiy infratuzilma obyektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar ularga bemalol kirishi uchun moslashtirish asoslarini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonunchilikka kiritilayotgan mazkur o‘zgartirishlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga, shuningdek ushbu sohadagi inson huquqlari va erkinliklarini umume’tirof etilgan xalqaro normalar hamda standartlarni milliy qonunchilikka tatbiq etishga xizmat qilishini alohida e’tirof etishdi. Deputatlar elektorat manfaati yuzasidan savollar bilan murojaat qilib, uni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar. Fikr-mulohazalar almashinib, qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Fraksiya yig‘ilishida shuningdek, so‘nggi vaqtlarda qo‘shni respublikalar hududidan o‘tgan xalqaro magistral yo‘llarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirokida yo‘l transport hodisalarining sodir bo‘layotgani bilan bog‘liq holatlar internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez ko‘zga tashlanayotgani, bu esa o‘z navbatida jamoatchilik va fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgani yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan Parlament eshituvini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri I. Mahkamovning «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qulay va xavfsiz transport orqali chet davlatlarga yetib borishida shart-sharoitlarni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida axborot berishi lozimligini bir ovozdan ma’qullashdi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish