O‘zbekiston va Tojikiston: Ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan hamkorlik

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-19 aprel kunlari davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasida bo‘ldi.

Bu tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarixiy bosqichni boshlab bergan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Demak, ikki mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda yangi tarixiy davr boshlanmoqda.

 

Mahmudjon PARPIYEV,

Oliy Majlis Senati a’zosi:

– Keyingi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari oliy darajadagi o‘zaro ishonchga asoslangani, faol muloqot va do‘stona munosabatlar sharofati keng ko‘lamli natijalarda aks etayotgani bilan e’tiborga sazovor.

Ikki qo‘shni xalq qadimdan qon-qardosh bo‘lib yashaydi. Yashash tarzimiz deyarli bir xil, bir iqlim va mintaqadamiz, urf-odatlar, kiyinish madaniyati, to‘y-tomoshasi, hunarmandchiligidan tortib ma’rifati va san’ati o‘xshash.

Davlatimiz rahbarining yuksak irodasi tufayli yon qo‘shnilarimiz bilan bundan yetti yil muqaddam asos solingan o‘zaro yaqinlik siyosati bugunga kelib o‘zining ulkan natijalarini bera boshladi. Ikki davlat manfaatlariga xizmat qilayotgan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar ko‘lami yildan-yilga rivojlanib bormoqda.

“Iqtisodiy sharh” jurnali ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 756,8 million dollarni tashkil etgan. Eksport hajmi 605,0 million dollarga yetgan. Eksport asosini sanoat va kimyo mahsulotlari, yoqilg‘i, yog‘lash moylari va shunga o‘xshash mahsulotlar, oziq-ovqat mahsulotlari, mashina va uskunalar, nooziq-ovqat xom ashyosi, xizmatlar tashkil etadi.

Xalqlarimizning qon-qardoshlik rishtalari tobora mustahkam bo‘lib borayotganini ikki davlat o‘rtasidagi chegara hududlarida bordi-keldi munosabatlarining yaxshilangani misolida ham ko‘rish mumkin. Namangan viloyatining Pop tumani Tojikistoning So‘g‘d viloyati Asht tumani bilan chegaradosh. Prezidentimiz tashabbusi bilan Tojikiston bilan Namangan o‘rtasidagi chegaraning ochilishi, iqtisod uchun, tadbirkorlik uchun, fuqarolarimizni kirish-chiqishlari, sayyohlar almashinuvi uchun katta imkoniyat yaratdi.

Davlatimiz rahbarining Tojikistonga bu galgi rasmiy tashrifi doirasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi birodar xalqlar hayotida tarixiy voqea bo‘ldi. Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlash hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Endi turli sohalardagi hamkorlikni sifat jihatidan oliy bosqichga ko‘tarish imkoniyati yaratilmoqda. O‘zaro munosabatlar tub manfaatlarimizga mos milliy, mintaqaviy, madaniy-gumanitar kabi 28 ta hujjatda aks etgan hamkorlik ittifoqchilik darajasida davom etishi birodar xalqlar baxtu saodatiga xizmat qiladi.

 

Dilbar MAMADJANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Keyingi yillarda O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari rivojlanib bormoqda. Bu ko‘p jihatdan O‘zbekistonning ochiq, do‘stona siyosati bilan bog‘liq. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Yillar davomida bir-biridan uzoqlashgan qarindoshlar, do‘st-birodarlar ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati sababli bugun qon-qarindoshlik rishtalari qayta bog‘landi.

Galdagi tashrif davomida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 28 ta hujjat imzolandi. Xususan, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tayotganligidan dalolat beradi. Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomani amalga oshirish uchun barcha darajalarda - parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy idoralar, vazirlik va hududlar o‘rtasidagi muloqotlar samaradorligi oshadi.

Endilikda chegaraoldi savdo mexanizmlari va savdo infratuzilmasi rivojlantiriladi. “Oybek-Fotexobod” chegaraoldi erkin savdo zonasi va “Andarxon” savdo logistika markazini tashkil etish yanada samaradorlikka xizmat qiladi.

Hozirgi kunga qadar Markaziy Osiyoda suv masalasi energetika sohasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro muloqoti chog‘ida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida suv-energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirish sohadagi muammolarga o‘zaro birgalikda yechim topishga xizmat qiladi.

Ildizlari do‘stlik, sherikchilik va sharqona qadriyatlardan kuch olayotgan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar kelgusida ham jadal taraqqiy etaveradi, deb ishonamiz.

 

«O‘zbekiston ovozi», 24.04.2023, №17

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish