Ishga kirish uchun “online” hujjat topshirish tizimi ishga tushadi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi. Fraksiya a’zolari bandlik xizmatlari takomillashtirilishi munosabati bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Qonun loyihasi bilan davlat xizmatiga tanlov asosida qabul qilish tartibi joriy etilganligi munosabati bilan mehnat organlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘llanmalar berish jarayonini takomillashtirish, ishga qabul qilish mezonlarini aniqlashtirish, ishsizlik nafaqalarini tayinlash va tugatish jarayonida amalda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish, kasb-hunar ta’limiga davlat buyurtmalari turlarini topshirish muddatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish, davlat tomonidan kafolatlangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilishi mumkin bo‘lgan aholi toifalarini aniqlashtirish kabi o‘zgartirishlarni kiritish ko‘zda tutilgan.

Xususan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 38- va 55-moddalarida ishdan va ish haqi (mehnat daromadi) dan mahrum bo‘lgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilmoqda, shuningdek, ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish uchun asoslar ro‘yxati kengaytirilmoqda.

Fraksiya a’zolari ayrim savollar bilan murojaat qilishdi.

 

Sherzod Rahmonov:

— Qonunda bo‘sh ish o‘rinlari elektron tarzda taqdim etilishi ko‘rsatilmoqda. Lekin amaldagi qonunchilikda bir necha oy muddatda topshirilishi belgilangan. Barcha tizimlar raqamlashtirilsa, ushbu muddatni qisqartirish mumkinmi? Qaysidir o‘rin bo‘shaganda, 5 yoki 10 ish kunida vakant sifatida ko‘rsatilishi, boshqa bir ish qidirayotgan shaxsning tezroq band bo‘lishiga hissa qo‘shadi, deb o‘ylayman.

O‘z navbatida ish qidirayotgan shaxslaring hujjatlarini elektron shaklda qabul qilish tizimini ham yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

 

Murod Muhammadiy,

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi boshqarma boshlig‘i:

— Birinchi masala bo‘yicha, aytish kerakki, yagona mehnat tizimi onlayn ishlaydi. Faqat hisobotni 2 oyda bir marta aniqlik kiritish uchun qabul qilinadi. Lekin har kuni qaysi korxonada vakant o‘rin borligi ko‘rinib turadi. Hujjat topshirish masalasida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Faqatgina shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan murojaat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

 

Deputatlar, shuningdek, subsidiyalar, ssudalar hamda ish beruvchi tomonidan xodimning kasbga tayyorlash yoki qayta tayyorlashdan o‘tgani, uning malakasi oshirilganini tasdiqlovchi hujjat nusxasi o‘quv kursi yangilangandan so‘ng 5 ish kuni ichida mehnat organiga taqdim etilmagan holatda buning uchun sarflangan mablag‘ni qaytarish choralari ko‘rilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan izoh so‘raldi.

Hujjatni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar, takliflar bildirilib, qonun loyihasi 1-o‘qishda ma’qullandi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish