Bundan bir yil avval umumxalq referendumi asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingan edi. O‘tgan qisqa davr mobaynida mamlakatimiz muhim o‘zgarishlar makoniga aylandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan O‘zbekistonda yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi, davlat o‘ziga ulkan ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlarni oldi, ya’ni mamlakat o‘zini ijtimoiy davlat sifatida e’lon qildi.
Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortdi. Unda ijtimoiy adolat tamoyillari, sifatli sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlaridan foydalanish, shuningdek, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish kafolatlari mustahkamlangan. Bu har bir fuqaro o‘zini o‘zi anglash uchun teng imkoniyatlarga ega bo‘lgan adolatli va inklyuziv jamiyat yaratish istagini ta’kidlaydi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklariga oid aniq normalar soni uch barobardan ziyod ko‘paydi. Fuqarolarning shaxsiy huquqlari keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan normalar bilan yanada mustahkamlandi.
Konstitutsiyamizda uning mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, butun mamlakat hududida yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yildi. Bosh qomusimiz qoidalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash orqali demokratiya, inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash mexanizmlari mustahkamlandi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega ekanligi aniq belgilab qo‘yildi. Aholining mulkka bo‘lgan huquqini ta’minlash maqsadida Konstitutsiyada “Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi” degan norma qo‘shildi.
Konstitutsiyamiz iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan. Unda erkin tadbirkorlik, xususiy mulkni himoya qilish tamoyillari mustahkamlangan. Bu biznesni rivojlantirish va innovatsiyalar uchun qulay muhit yaratadi, ish o‘rinlari ko‘payishi va mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga yordam beradi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv istagini ham aks ettiradi. Unda tinch-totuv yashash, boshqa mamlakatlar suverenitetini hurmat qilish va xalqaro muammolarni muloqot va hamkorlik orqali hal etish tamoyillari mustahkamlangan. Bu yurtimizning jahon miqyosida yanada faol rol o‘ynashiga yordam beradi va boshqa davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga imkon yaratadi.
Konstitutsiyaning asosiy jihatlaridan biri demokratik institutlarni mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilishdir. Hujjatda hokimiyatlarning bo‘linishi tizimini mustahkamlash, sud tizimining mustaqilligini ta’minlash va so‘z erkinligini himoya qilish mustahkamlab qo‘yilgan.
Bu har bir fuqaro so‘z erkinligi va mamlakat siyosiy hayotida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan erkin va ochiq jamiyatni rivojlantirish uchun zamin yaratadi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, fuqarolarning siyosiy huquqlarini kengaytirish va davlat idoralari tomonidan ular oldidagi mas’uliyatni oshirish choralari ko‘rildi. Bu har bir fuqaro muhim qarorlarni qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lgan ochiq va shaffof jamiyatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratadi.
Umuman olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinganidan boshlab mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga o‘tdi. Bu esa O‘zbekiston adolatli, erkin va farovon jamiyat qurish yo‘lida to‘g‘ri yo‘ldan borayotganini, mamlakat o‘zining ulkan reja va maqsadlarini amalga oshirish uchun barcha zarur resurs va salohiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Dilbar Mamadjanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.