Minimal iste’mol xarajatlari qiymati oshdi

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 204-son qaroriga asosan Statistika agentligi tomonidan 2024 yil 1 mayga qadar yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olgan holda minimal iste’mol xarajatlari qiymatini qayta ko‘rib chiqish va e’lon qilish belgilangan.

Shunga asosan, Statistika agentligi tomonidan «Aholining minimal iste’mol xarajatlari qiymati va kambag‘allik chegarasini hisoblash tartibi to‘g‘risida nizom»ga asosan minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta hisoblandi.

2024 yil may oyidan hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 648 ming so‘mni tashkil etdi. (2024 yil yanvarda e’lon qilingan qiymat 621 ming so‘mni tashkil etgan).

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:

– davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;

– kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;

– pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

 

«O‘zbekiston ovozi», 1.05.2023, №18

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish