Oldingi hokim

 

O‘zXDP Uchqo‘rg‘on tuman kengashi raisi, deputat Abdullajon Qodirovni uchqo‘rg‘onliklar shunday hurmat qilishadi.

 

Chiniqish

Zahiriddin Muhammad Bobur bilan singlisi Xonzodabegimning opa-ukachilik munosabatlari to‘qqiz farzandli oilada voyaga yetgan Abdullajon Qodirovga hamon o‘zgacha bir xushnudlik bag‘ishlaydi.

Ehtimol, oddiy duradgor usta Abdurahmon otaning farzandlariga kitobxonlikda ibrat bo‘la olgani bunga sababdir. Ehtimol, har qanday sharoitda ilm o‘rganishga tug‘ma ehtiyoji borligidan o‘qigan kitoblaridan ta’sirlanib, o‘ziga shiorlar to‘qib olish odati Abdullajon akada shunaqa tuyg‘ularni shakllantirgandir.

Nima bo‘lganda ham qahramonimizning oilaparvarlik fazilati, ayniqsa, singillariga nisbatan mehribonligi uni taniydigan kattayu kichik tomonidan alohida e’tirof etiladi.

Uchqo‘rg‘on Namangan viloyatining Qirg‘iziston chegaralari bilan tutash, nisbatan chekkaroq hududida joylashgan. Avval boshidanoq tuman yerlarini o‘zlashtirishga jalb etilgan kuchlar qo‘shni tuman va viloyatlardan ko‘chib kelishgan. Aholisi turli millatga mansub, nisbatan sanoatlashgan tuman. Bu ma’lumotlarni tilga olishimizning boisi shuki, Abdullajon aka yashagan oila muhitidagi o‘zaro ahillik, hamjihatlik sho‘rolar davrida ham butun tuman ahliga namuna bo‘lgan.

Bobur Mirzo bilan Xonzodabegimning ini-singillik munosabatlari esa hozir ham Abdullajon Qodirovning opasi Sanoatxonga, singillari Adolat, Lazokat, Ozoda va Mehrinisalarga ko‘rsatadigan mehr-e’tiboriga andoza.

Har holda Xonzodabegimning Bobur Mirzoga aytgan gapi Abdullajon Qodirovga ham qoida: “Kishi o‘z ko‘ngliga ishonmog‘i lozim. Ko‘ngil musaffo bo‘lsa, kishini aldamaydur”

Tumandagi 2-maktabni tamomlab, Toshkentda o‘qish uchun yo‘l olgan qishloq yigitiga matematika fani o‘qituvchisi Sohibjon domla Mamajonov oq yo‘l tilarkan. Alohida tayinladi.

– Abdullajon, chalg‘imagin, hujjatlaringni Toshkent avtomobil yo‘llari institutiga topshiraver. Albatta, o‘qishga kirasan.

O‘shanda tarix o‘qituvchisi Karimaxon aya Magdanovaning ko‘ngliga qarab, “Nizomiy”ning tarix fakultetiga hujjat topshirishi ham mumkin edi. Sohibjon domlaning aytganini qilib adashmabdi. Kirish imtihonlaridan o‘tib, o‘qish boshlanishidan oldin qishloqqa kelganida tarixchi Magdanova ham aslo xafa bo‘lmadi. Hamma o‘qituvchilari qatori faqat xursand bo‘ldi.

 

Qilgan yaxshiligingni unut, ko‘rgan yaxshiligingni unutma!

– Mening siyosat maydoniga kirib kelishim temir-beton zavodida ishlab yurganimda boshlangan, – deb eslaydi Abdullajon aka. – O‘shanda meni zavod yoshlar brigadasiga yetakchi etib saylashdi. Tarix fanidan yaxshi o‘qitilganim qo‘l keldi...

1996 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida olgan saboqlari, tuzumlar o‘zgarishi, davr yangilanishlari jarayonini fikran uyg‘oqlik bilan o‘tkazishiga asos bo‘ldi.

Davlat boshqaruvi akademiyasidagi o‘quvga viloyatlardan g‘oyat dadil, el-yurt va millat taqdiriga o‘zini daxldor sanagan fidoyilar kelishgandi...

 

Insonni e’tiqod butun ushlaydi

Mustaqillikning dastlabki o‘n yilligida, ya’ni 2000 yilgacha Abdullajon Qodirovning jo‘shqin mehnat faoliyati xalq deputatlari Uchqo‘rg‘on tuman Kengashida, Uchqo‘rg‘on tuman hokimligida rahbarning birinchi o‘rinbosarligida kechdi.

Qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin Abdullajon Qodirov siyosiy e’tiqodini o‘zgartirmadi.

Ayniqsa, ko‘ppartiyaviylik sharoitida el ishonchiga kirib, tuman, bir paytda viloyat Kengashi deputatligini ham uddasidan chiqa oladigan kadrga, albatta, har bir partiyada ehtiyoj bor.

– Yashirishning hojati yo‘q, Abdullajon Qodirovning tashkilotchiligi sabab O‘zbekiston XDPdan ko‘rsatilgan nomzodlar mahalliy Kengashlarda ko‘p ovoz bilan deputatlikka saylanadi. Hozirgi raqamni ayta qolayin, bugungi kunda Uchqo‘rg‘ondan viloyat Kengashiga saylangan 4 nafar deputatning 3 nafari O‘zXDP nomzodlari. Xalq deputatlari tuman Kengashida faoliyat yuritayotgan 30 deputatning 16 nafarining nomzodi Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan.

Buning sirlari nimada? Afsuski, o‘zi ham tuman Kengashi deputati bo‘lgan fidoyimiz bu savolga to‘liq javob bermadi. Sababi, nomzod ko‘rsatishda, dedi xolos.

Abdullajon Qodirov deputatlikka saylangan okrug hududiga “Sohil”, Qumto‘g‘on”, “Ko‘prikboshi” mahalla fuqarolar yig‘inlari kiradi. U deputatlik qabuli e’lon qilmaydi. Ertami, kechmi uyi eshigi saylovchilari uchun ochiq. Nafaqat saylovchilari, boshqa hududlardagi mahallalardan ham turli masalalar bo‘yicha yordam so‘rab keluvchilarning qadami ish idorasidan ham, yashash xonadonidan ham uzilmaydi.

– Saylovchilarimdan biri yordam so‘rab keldi. Elektrdan qarzi bor, elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari tarmoqdan uzmoqchi. Ikki mahalladoshimizga qo‘ng‘iroq qildim. Ular oraga olib, qarzni bartaraf etishdi, – deydi suhbatdoshimiz.

– Murojaatlarning aksariyati oliy o‘quv yurtida o‘qiyotgan farzandiga kontrakt to‘lovlar masalasida. Yaxshiki, ehson qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Men deputat sifatida rosti, yordamlarni tashkil qilaman, xolos.

Meni tashvishlantiradigan tomoni biz tomonlarda tushuntirish-targ‘ibot ishlarini qanchalik kuchaytirmaylik, ko‘pchilik qonunlarni bilmaydi. O‘z huquqini bilmaydiganlar, albatta, bozor iqtisodiyoti sharoitida qiyinchilikka duch keladi.

Yaqinda Yangiobod tomondan ikki ayol kirib keldi. Nogiron, mendan oldin ham murojaat qilishgan, faqat maqsadni aniq bayon etishmagani uchun vakolatli idoralar ularni anglamagan. Yetti yillik muddati o‘tgan nogironlik pensiyasini qonuniy asosda tiklab berishga erishdik.

«Qayqilik» Yoqubjon akaning pensiyasiga 500 000 so‘m qo‘shildi.

Tibbiy sud ekspertiza bo‘limlari bilan doimiy hamkorlik qilish orqali ham partiyamiz elektorati manfaatlarini himoya qilish choralarini belgilaymiz.

Tumanning bosh arxitektori Abdumutal Mustarovga qamoq jazosi belgilangandi. Otasi murojaat qilib, o‘shanda muhim bo‘lgan hujjatlar endi topildi, deb murojaat qildi. Baribir, bizda qonunlar ustuvorligi bor. O‘tgan yili hamyurtimizni qamoqdan chiqarishga erishdik. Hozirda u ishga tiklanib, faoliyat yuritmoqda.

21-maktabgacha ta’lim tashkilotini dasturga kiritish va davlat budjetidan ajratilgan 3.7 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilinishi, «Tinchlik» mahallasida ichimlik suvi ta’minotini ta’minlash uchun quduq kavlanib, mavjud suv saqlovchi qurilmaning yangilanishi, A.Qodirovning saylovchilari yashaydigan mahallada bosqichma-bosqich 3 yilda 4 ta transformator yangilanishi, 3 km yo‘lga beton qoplama yotqizilib, 1.5 km yo‘lning asfaltlanganiyu 8 km suv quvuri tortilgani, qo‘yingchi, murojaatlarga mos «Sohil» mahallasida 350 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgani hammasi bor gap.

A.Qodirovning saylovchilari o‘z hududlarida baliqchilik xo‘jaligi rivojlanib borayotgani, hozirda faoliyat yuritayotgan 13 ta baliqchilik xo‘jaligi 10 yil ichida 200 gektar maydonni ishg‘ol etajagi haqida to‘lib-toshib gapirishmoqda.

Aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, takroriy ekin mavsumida yer ajratib berish, tomorqalariga issiqxonalar o‘rnatishga ko‘maklashish, belgilangan tartibda chorva hayvonlari bilan ta’minlash va boshqa qonuniy asosdagi yordamlar mexanizmini harakatga keltirish orqali tumanda migrantlar hajmini 30 foizga kamaytirishga erishdik.

 

Baxt – oilangda, ish joyingda!

Abdullajon aka O‘zXDP Uchqo‘rg‘on tuman kengashining raisi, tuman Kengashi deputati, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari MFY raisi (oqsoqoli)ni saylash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiya raisi. Tumanning ziyoli faollaridan biri sifatida ishdagi muvaffaqiyatlarini umumiylashtirib, kamsuqumlik bilan hikoya qilarkan, uning oila muhiti haqida ham bilgimiz keldi.

Turmush o‘rtog‘i Gulnora Ne’matovna oliy ma’lumotli farmatsevt. Yaqin qirq yillik mehnat faoliyatini tuman tibbiyot birlashmasi dorixonasida o‘tagan. 5 farzandni voyaga yetkazishibdi. To‘ng‘ich qizlari Gulnoza Toshkentdagi ingliz tiliga ixtisoslashgan maxsus maktab o‘qituvchisi. Komila, Fotima va Zuhra ona kasbining davomchilari. Yolg‘iz o‘g‘li Rahmatullo ichki ishlar tizimida mas’ul lavozimda xizmat qilmoqda.

Qodirovlar xonadonida kichik tadbirkorlik faoliyati barqaror. 10 yil avval 500 ta tovuq parvarishi bilan daromad keltiradigan parrandachilik xo‘jaligini yo‘lga qo‘yishgandi. Hozir ham bu ish davom ettirilmoqda. 2 ta issiqxonada qulupnay, sarimsoq, bodring, pomidor yetishtiriladi.

Tomorqa yumushlari bilan ertalab va kechki payt qahramonimizning o‘zi, Gulnora opa va o‘g‘illari shug‘ullanishadi.

Anvarjon Majidov, Muzaffar Mirzaahmedov, Muhammadsoli Norxonov, Jahongir To‘xtasinov singari tumanda faoliyat yuritayotgan o‘rta va yangi avlod vakillari Abdullajon Qodirovni o‘zlariga ustoz, deb bilishadi.

Mana, bu yil yana saylovlar yili. Oktabr oyigacha bo‘lgan muddat muhim siyosiy kampaniyaga taraddud davri.

Bu masalada Abdullajon aka Qodirov doimgidek o‘z rejalari, o‘ziga xos tadbirli taraddudlarini ko‘ngilga tugib, partiya faollari bilan bamaslahat ish olib bormoqda.

 

Nosirjon Dehqonov,

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyat bo‘limi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 1.05.2023, №18

 

 

 

 

Teglar

Faxriy Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish