Aholiga ko‘rsatilayogan bandlik xizmatlarining samaradorligi yanada oshadi

 

2024-yil 6-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari bandlik xizmatlari takomillashtirilishi munosabati bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Mazkur qonun loyihasi bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunga ish qidirayotgan shaxslarning mehnat organlariga ortiqcha hujjatlarni taqdim etishining oldini olish, ish beruvchining bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish shartlarini belgilash, bandlikni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar va ssuda ajratish mexanizmlarini tartibga solishni hamda tegishli vazirlik va idoralar nomlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasi partiya elektorati manfaatlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lganligi bois kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni moddama-modda atroflicha muhokama qildilar. Deputatlar ushbu hujjat qabul qilingach, mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilishga chek qo‘yilishi, xodimlarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirilishini e’tirof etgan holda qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Qonun loyihasi bilan shuningdek, ish beruvchilar tomonidan mahalliy mehnat organlariga bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish jarayoni ham soddalashtirilmoqda. Hujjat aholiga ko‘rsatilayogan bandlik xizmatlarining samaradorligini oshirish, ushbu yo‘nalishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish ko‘zda tutilganligi bilan ham ahamiyatlidir. Savol-javob, takliflardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Fraksiya yig‘ilishida shuningdek, transport vaziri I. Mahkamovning “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qulay va xavfsiz transport orqali chet davlatlarga yetib borishida shart-sharoitlarni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti ko‘rib chiqildi va Qonunchilik palatasining majlisi kun tartibiga kiritish masalasi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Muhokamalarga boy bo‘lgan yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish