Xotira va hamjihatlikda hikmat ko‘p

 

Shunday tarixiy sanalar, an’analar borki, odamlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi, xalqimizni jipslashtiradi. Xotira va qadrlash kuni shunday muhim, ulug‘ sanaga aylandi.

Davlatimiz rahbarining Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida tinchlik va vatanparvarlik naqadar aziz ne’mat ekani yana bir bor tushuntirildi.

Qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli an’analari biz uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi, ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lishdek yuksak burchimizni, albatta, sharaf bilan ado etishimiz zarurligi qayd etildi.

Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitalidagi urush qatnashchilari bilan samimiy suhbatda hamma jipslashsa, birgalikda harakat qilsa, o‘ylagan niyatlarimizga tezroq yetishimiz, nuroniylarning duolari bunda bizga madadkor bo‘lishi alohida ta’kidlandi. Hamjihatlikda hikmat ko‘p. Xotiraning, qadrlashning mazmunida ham ijtimoiy birdamlik masalasi turadi.

Shu kunlarda yurtimizning har bir hududi, har bir mahalla, bemalol aytish kerakki, har bir oilada ezgu va iliq rishtalar kuchaygan. Minglab, millionlab yurtdoshlarimiz o‘tganlarni eslayapti, nuroniylarga hurmat-izzat ko‘rsatmoqda, bemorlarning xolidan xabar olib, bir-biriga yaxshilik, tinchlik-omonlik tilamoqda.

O‘zi, keyingi yillarda nuroniylar, hayotni ko‘rgan insonlarni qadrlash, ularning boy tajribasidan ibrat olish bo‘yicha ko‘p xayrli loyihalar bo‘lyapti. Uch avlod uchrashuvlari tizimi bunga yorqin misoldir.

Hayot bor ekan, avlodlar almashadi, bir-biridan ibrat oladi. Shu ma’noda, xotira va qadrlash sanasi yoshlarning qalbiga yo‘l ochishda, ularga kuch va ozuqa berishda muhim ijtimoiy institut bo‘lib xizmat qilmoqda.

Vatan himoyasi, ravnaqi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasini yod etish, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hayotiy ko‘nikmaga aylandi.

Yaxshi kunlarda yana bir quvonchli xabar, yangilik eshitdik. G‘alaba bog‘i hududida mustaqillik yillarida Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan majmua barpo etish loyihasi taqdimot qilindi.

Tinchlikka erishish uchun buyuk qahramonliklar kerakligi rost. Shu bilan birga, uni asrash, barqarorlik, rivojlanish uchun fidoyilik ko‘rsatish ham katta qahramonlik, chin insoniylikdir. Mustaqillik yillarida har xil holatlar, sinovli yillar ham bo‘ldi. Murakkab vaziyatlardan o‘tishda xalqimizning mard, jasur farzandlari vatanga xizmat qilishdek sharafli yo‘lda shirin jonlarini fido qilishdi. Ularning jasoratini tan olish, munosib hurmat ko‘rsatish, albatta, muhim. G‘alaba bog‘ida barpo etilishi mo‘ljallanayotgan yangi majmua vatanparvarlik ruhini yanada mustahkamlashning bir ramzi bo‘lishiga ishonamiz.

Insonga tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik har kuni kerak. Ko‘rib guvohi bo‘lyapmiz, dunyoda tinchlik omonat bo‘lib qoldi. Tinchlik uchun shukronalikda bo‘lish, mehnat qilish, doim izlanish muhim. Shuning uchun ham xalqimiz Xotira va qadrlash kunini yuksak qadrlaydi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish