Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Fraksiya a’zolari «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.
Mazkur loyiha bilan Qonunning 38-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilayotgan bo‘lib, Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar oladigan shaxslar qatoriga umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablarini, kollejlarni hamda texnikumlarni tamomlab, kasbga ega bo‘lgan yoshlar bilan birga endilikda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar har kirishi nazarda tutilmoqda. Deputatlar ushbu hujjatning muhimligini, partiya elektorati manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidlagan holda Qonun aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamini ishga joylashtirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini qo‘llash amaliyotidagi tafovutlarning oldini olishga ham xizmat qilishini e’tirof etishdi. Aniqlashtiruvchi savol-javoblardan so‘ng loyiha bir ovozdan ma’qullandi.



Yig‘ilishda Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri X. Umarovaga «Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Deputatlar so‘nggi vaqtlarda ta’lim sohasida qator ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergani va o‘qishga, bilim olishga bo‘lgan qiziqish, o‘quvchilarda ham o‘qituvchilar orasida ham oshganligini e’tirof etib o‘tdilar. Biroq, maktablarda sog‘lom turmush turzini shakllantirish, bolalarda kasalliklar profilaktikasini olib borish, maktablarda tibbiy xodimlar yetishmasligi, ayniqsa, chekka hududlarda tibbiy ko‘riklar o‘tkazish kabi yechimini kutayotgan dolzarb masalalar borligi ta’kidlandi. Fikr-mulohazalar bildirilgach, fraksiya a’zolari Fuqarolarni sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda me’yoriy hujjatlarga yangi takliflar kiritish maqsadida parlament so‘rovini yuborish haqidagi taklifni bir ovozdan ma’qullashdi.



Shuningdek, fraksiya yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayevga «Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya tizimini joriy qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida masalasi ham muhokama qilindi. Fraksiyaning mazkur tashabbusi ham deputatlar tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi.

← Roʻyxatga qaytish