To‘siqsiz muhit jamiyatda tenglikni ta’minlaydi

 

Yangi Konstitutsiyamiz asosida qabul qilinayotgan qonunlar pirovard natijada xalq uchun, jamiyat manfaati uchun xizmat qiladi. Ammo qachonki, odamlar ularni bilsa, o‘rgansa va hayotida to‘g‘ri qo‘llay olsagina, ushbu maqsad amalga oshadi. Aks holda qonunchilik talablari amalda ishlamay, qog‘ozda qolib ketaveradi. Shuning uchun har bir fuqaro qaysi sohada faoliyat yuritishidan qat’i nazar, qonunlarni bilishi, ularni hurmat qilishi va boshqalardan ham buni talab etishi lozim.

Buning uchun, avvalo, jamoatchilik nazorati instituti imkoniyatlaridan unumli foydalanish kerak. Xususan, davlat boshqaruvi va hokimiyati organlari rahbar-xodimlarining qonunlarga qat’iy amal qilib, o‘z zimmasidagi vazifa va majburiyatlarni mas’uliyat bilan ado etishida bu institutning ta’sir doirasi juda muhim sanaladi. Nodavlat tashkilotlari hamda OAV o‘rnini kuchaytirish orqali esa kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish mumkin.

Sodda qilib aytganda, jamoatchilik nazorati biror-bir nohaqlikning tomoshabini emas, balki bartaraf etuvchisiga aylanishni, kamchiliklarga hamda qonunbuzarliklarga murosasiz bo‘lishni talab qiladi.

Shu maqsadda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi doimiy va tizimli ravishda joylarda nazorat tadbirlarini amalga oshiradi. Jamiyatimizdagi to‘siqsiz muhit holatini o‘rganib boradi.

Xususan, joriy yilning yanvar oyida assotsiatsiya Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi bilan birgalikda nogironligi bor shaxslarga transport xizmatlari qulayligi bo‘yicha monitoring o‘tkazdi. Shimoliy vokzal va Chilonzor metro bekatlaridagi o‘rganishlar davomida nogironligi bor insonlarga bo‘lgan munosabat va kamchiliklar yuzaga qalqib chiqdi.

Masalan, aksariyat bekatlarda nogironlar aravachasidan foydalanuvchi shaxslar uchun xavfsiz va qulay sharoit qilinmagan. Yog‘ingarchilik paytida panada turishni istagan inson bekatning ushbu qismiga o‘tishi uchun pandus yo‘q. Jamoat transportlarida ko‘zi ojiz fuqarolar uchun ovozli xabar beruvchi moslamalar o‘rnatilmagan. Har ikkala yirik bekatdagi holatni ko‘rib, «Poytaxt faqatgina sog‘lom insonlar uchunmi?» degan ishtibohga borish mumkin.

Aniqlangan kamchilik va muammolar Transport nazorati inspeksiyasi va assotsiatsiya tomonidan tegishli tartibda hal etish rejalashtirildi. Bu borada amaliy ishlar ham boshlab yuborildi. Ammo faqat bekatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylik yaratish bilan masala yakuniga yetmaydi.

Yaqinda, aniqrog‘i, joriy yilning 23 aprelidan Nogironlar assotsiatsiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi Yuridik klinika hamkorligida dorixonalardagi to‘siqsiz muhit monitoringiga start berildi. O‘rganish Chilonzor tumanida joylashgan dorixonalardan boshlandi.

Afsuski, aksariyat dorixonalarga nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zgalar ko‘magisiz, ya’ni to‘siqsiz ravishda kirib-chiqishiga sharoit yo‘q. To‘g‘ri, pandus deb o‘rnatilgan qiyaliklar bor. Ammo ulardan nogironlik aravachasidagi shaxs u yoqda tursin, bo‘sh aravachani chiqarib-tushirish ham imkonsiz. Ya’ni, «qiyalik»lar standartlarga mos ravishda qurilmagan. Juda ham sirpanchiq va belgilangan gradusda emas. Aslida pandus xavfsiz, harakatlanish uchun qulay bo‘lishi zarur. Uning hajmi ham muhim sanaladi. Nogironlar uchun nishabning maksimal uzunligi 36 metr, eni esa 90-100 sm bo‘lishi talab etiladi. Toshkentdagi binolarning aksariyatida pandus yo‘q yoki nomiga, ya’ni talablarga mutlaqo javob bermaydigan ravishda o‘rnatilgan. Bu o‘rganishlar davomida yaqqol ko‘rinib qoldi.

 

Olim SAYNAZAROV,

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi Toshkent shahar hududiy bo‘limi raisi:

— Bugun ko‘cha-ko‘yda nogironligi bo‘lgan insonlarni har doim uchratavermaymiz. Buning birinchi sababi, ularning jamiyatdan uzilib qolgani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, nogironligi bor shaxslar vaqtini behuda o‘tkazishni istamaydilar. Uyda biror foydali yumush bilan band bo‘lish, kitob o‘qish yoki mustaqil ravishda o‘z ustida ishlash ko‘pchiligining hayot tarziga aylangan. Afsuski, sizu bizga o‘xshagan insonlarning, jamoatchilikning bee’tiborligi, ularga bemor sifatida qarash ko‘nikmalari nogironligi bo‘lgan shaxslarning qaysidir ma’noda jamiyatdan ayro yashashiga turtki bermoqda. Aslida bizning vazifamiz bu toifa insonlarning turmush tarzini qulaylashtirish, ularga to‘siqsiz jamiyat yaratib berish orqali salohiyatidan, mehnatidan, iqtidoridan unumli foydalanishdan iborat bo‘lmog‘i kerak. Shu maqsadda tez-tez monitoring tadbirlari o‘tkazib kelinadi. Masalan, o‘tgan oyda ham poytaxtimizdagi ayrim jamoat joylaridagi to‘siqsiz muhit holatini o‘rgandik.

O‘rganish davomida British management university binosi hamda mehmonxonasidagi kamchiliklar yuzasidan qonuniy tavsiyalar berildi. Avvalo, har bir qavatda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun barcha imkoniyatlarga ega joy tashkil etilishi lozim. Universitet hududida esa maxsus ma’lumotlar taxtasi va ko‘rsatkichlar o‘rnatilishi juda muhim.

Shuningdek, panduslar belgilangan standartlarga moslashtirilishi, ikki tomonlama bo‘lishi xavfsiz va qulay harakatlanishga imkon beradi. Kerakli joylarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga navbatsiz xizmat ko‘rsatishga oid ma’lumotlar o‘rin olishi va ushbu qoidaga amal qilinishini ta’minlash kerak.

Bundan tashqari, avtoturargohlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kamida ikkita joy ajratilishi va ular standartlarga mos ravishda jihozlanishi talab etiladi. Ayni paytda piyodalar uchun mo‘ljallangan va maxsus chegara (bordyur) bilan ajratilgan yo‘laklarda panduslar tashkil qilish xavfsizlikni ta’minlaydi.

O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Biz keltirgan talablar esa mazkur xalqaro hujjatda belgilangan me’yorlarga muvofiqdir.

Savdo do‘konlari, Davlat xizmatlari markazlari, shifoxonalar kabi muhim ijtimoiy obyektlarga standartlarga mos va xavfsiz harakatlanishni ta’minlovchi pandus o‘rnatish, dorixonalar peshtaxtalarini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham moslashtirish, jamoat transportlari va bekatlarda o‘zganing yordamisiz harakatlanishga imkoniyat yaratish orqali yirik muammolarning yechimini osonlashtirish va tezlashtirish mumkin.

Yana bir muhim jihat. Jamiyat psixologiyasidagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qarashni, munosabatni va muomaladagi to‘siqlarni o‘zgartirishimiz vaqti keldi. Aks holda hech bir to‘siqsiz muhit ularning jamiyatga qo‘shilib, to‘liq a’zosi bo‘lishiga xizmat qilmasligi turgan gap.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 22.05.2023, №21

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish