Bugun deputatlarning vakolatlari kengaytirilib, davlat hokimiyatini shakllantirishdagi ishtiroki sezilarli darajada o‘zgaryapti. Tabiiyki, deputatlik nazorati bo‘yicha ham samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu, ayniqsa, deputatlik so‘rovi instituti imkoniyatlaridan foydalanishda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Mazkur masalaning joylardagi ijrosi, deputatlik so‘roviga mahalliy ijro hokimiyatining javobi hamda munosabati qanday? Deputatlar tomonidan yuborilayotgan so‘rovlarning qanchasi qanoatlantirilmoqda? Umuman, mutasaddilarning deputatlarga, ularning faoliyatiga munosabati haqida bilish uchun jizzaxliklarga yuzlandik.
Og‘riqli masala
Nuriddin XOLMATOV,
O‘zbekiston XDP Jizzax viloyat kengashi raisi, viloyat kengashidagi partiya guruhi rahbari:
— Deputatlik so‘rovi faoliyatimizda eng og‘riqli masala, desam xato bo‘lmaydi. Chunki aksariyat mas’ullar deputatning so‘rovini oxirgi darajaga qo‘yadi. Biz yuborayotgan so‘rovlar boshqa qog‘ozlar orasida qolib ketadi. Vaholanki, biz faqat xalq so‘raganini, saylovchilar istagini bayon qilamiz. Xalq deputatlari shahar-tuman Kengashi deputatlari tomonidan yuborilayotgan deputatlik so‘rovlariga ayrim hollarda mansabdor shaxslar tomonidan bepisandlik bilan qarash, ya’ni o‘z vaqtida javob bermaslik, muddatni kechiktirish, so‘rov yuborilgan mansabdorning o‘zi tomonidan emas, balki uning o‘rniga boshqa shaxslar tomonidan munosabat bildirishi kuzatiladi.
Vaholanki, amaldagi qonunchilikka muvofiq deputat mansabdor shaxslarga, qoida tariqasida, tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan so‘rov yuborishga haqli. Har bir deputat so‘rovida insonlar manfaati yotishiga qaramay, ayrim mansabdor shaxslar bunday so‘rovlarga bepisandlik bilan qarashda davom etyapti.
To‘g‘ri, mablag‘ bilan hal qilinadigan murojaat ko‘p. Yo‘l qurilishi, ichimlik suvi, gaz yoki elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalari vaqt hamda pul talab etadi. Biroq shunday holatlar bo‘ladiki, arzimagan masalalar ham yillar davomida noma’lum sabablar bilan ortga surib kelinyapti. Birgina misol keltiraman.
Sharof Rashidov tumanida 50-umumta’lim maktabi bor. Katta yo‘lning yuzida joylashgan. Muassasada 500 ga yaqin bola o‘qiydi. Ularning xavfsizligidan xavotirga tushgan ota-onalar murojaati asosida deputatlik so‘rovi yubordim. Viloyat mas’ullari tayyorlab qo‘yilgan shablon matn bilan javob yo‘lladi. Ya’ni, maktab yoniga svetafor o‘rnatish belgilangan me’yorlarga to‘g‘ri kelmas ekan. Shundan keyin Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi hamda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga murojaat qildim. Ular hududga kelib, sinov o‘tkazishdi, standartlarni tekshirishdi, qancha odam bu yerda harakatlanishini o‘rganib, svetaforga ehtiyoj borligini tasdiqladilar. Ammo hanuz natija yo‘q.
Yaqinda viloyat IIB YHXB rahbarining hisoboti tinglandi. Eshituvda shu masalani ko‘tardim. Kengash rahbari talabimni ovozga qo‘ydi. Endi natija bo‘lib qolar, degan umidda edim. Afsuski, umidim puchga chiqadigan ko‘rinadi. Chunki yo‘l belgilarining egasi yo‘q. YXXB «Avtoyo‘l» qiladi deydi, «Avtoyo‘l» boshqa tashkilotga ro‘paro‘ qiladi. Xullas, sansolarlik bilan masala yechimsiz qolib ketyapti.
Davlatimiz rahbarining «Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bor. Unga ko‘ra, tuman (shahar) hokimliklariga o‘z hududlaridagi avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalarini o‘rnatish huquqi beriladi. Mazkur texnik vositalar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 30 foizi bevosita tuman (shahar) mahalliy budjetining alohida g‘azna hisobvaraqlariga yo‘naltiriladi hamda ushbu mablag‘lar yo‘l harakatini raqamlashtirish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanishi belgilangan. Demak, hududga aholi, xususan, bolalarning xavfsizligi uchun svetafor o‘rnatishning imkoni bor.
Shuningdek, sessiyalarda ko‘rilgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi, protokollar yoziladi. Bular ham rasmiyatchilik uchun o‘tkazilmoqda. Bunday deyishimga sabab, qarorlar ijrosi nazoratsiz qolib ketadi. Deputatlar ham sessiyaga nechta masala kiritganiga oid hisobot to‘ldirish bilan cheklanadi. Sessiyaga masala kiritish qiyin emas, uning ijrosi muhim. Deputatlar uchun ham, mutasaddilar uchun ham muammolarni hal etishning eng maqbul yo‘li shu, ya’ni ijro mas’uliyatini kuchaytirish kerak.
Qolaversa, deputat so‘rovi hamda sessiya qarori ijrosini kotibiyatlar nazoratga olsa, faoliyatimizda samaradorlik ortadi.
Ba’zi masalalarda tortishishga to‘g‘ri keladi
Marat ISOQOV,
mehnat faxriysi, xalq deputatlari Sharof Rashidov tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi rahbari:
— Hozirgina Jizzax viloyat hokimining qabulidan chiqdim. gap shundaki, biror bir kamchilikni ko‘rsam, e’tiborsiz o‘tib ketolmayman. Bu gal viloyat markazining O‘zbekiston ko‘chasidagi holat yuzasidan hokimga fikrimni bildirdim. Ushbu ko‘chada joylashgan 1-umumta’lim maktabining yonidagi bekat belgilangan standartlarga umuman javob bermaydi. Qonunchilikka ko‘ra, bekat chorrahadan 15 metr ichkarida joylashgan va uning ichida odamlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lishi lozim. Ammo mazkur bekat ham tor ko‘chada, ham svetaforga juda yaqin masofada joylashgan. Qizig‘i shundaki, aynan ushbu bekatning tepasida avtomobillarning harakatlarini kuzatuvchi kamera o‘rnatilgan va u yo‘l chiziqlarini bosgan transport haydovchilarini jarimaga tortadi.
To‘g‘ri, qo‘pol ravishda yo‘l qoidalarini buzayotgan, tezlikni oshirib, svetafor chiroqlaridagi ishoralarga bo‘ysunmaydigan, atayin yo‘l chiziqlarini bosadigan, boshqalarga xalal berib, avariya holatlarini keltirib chiqaradigan haydovchilarga nisbatan qo‘llaniladigan jarimalar asosli. Ammo mazkur bekat yonidagi holatda haydovchilar aybdor emas, jabrlanuvchiga aylanib qolmoqda. Chunki bekat svetaforga juda yaqin, talablarga javob bermagani bois, ertalab va kechga yaqin bir vaqtning o‘zida 2-3 ta avtobus bir vaqtning o‘zida bekat yonida to‘xtaydi. Yo‘l torligi va bekat juda kichikligi bois avtobuslar to‘xtashi transportlarning harakatiga to‘sqinlik qiladi. Tirbandlik hosil qilmaslik uchun haydovchilar avtobuslarning yonidan o‘tishga majbur bo‘ladi. Natijada yo‘l chiziqlarini bosishiga to‘g‘ri kelmoqda. Vaholanki, talab qilishdan oldin sharoit yaratib qo‘yish shart.
Bilamizki, yo‘llar bo‘yidagi yerlar auksionda sotiladi va milliardlab mablag‘ evaziga tadbirkorlar ularni sotib oladi. Hozirgi vaziyatda nahotki mas’ullar mavjud holatdan bexabar bo‘lsa? Odamlar atrofdagi nohaqliklar uchun tegishli tashkilot yoki viloyat-shahar hokimidan emas, birinchi galda davlatdan norozi bo‘ladi.
Loqaydlik haqida gap ketganda yana bir misolni aytmoqchiman. Yaqinda bir fuqaro murojaat qildi. Uning aytishicha, tungi soat 3 larda shaxsiy avtomobilida ketayotgan paytda YPX xodimi uni to‘xtatgan. Xavfsizlik kamarini taqmagani sababli jarima yozgan. Keyin esa hujjatlarini tekshirib, gaz ballonidan foydalanish uchun texpasportida qayd etilmagani uchun avtotransport vositasini jarima maydonchasiga olib borishini aytgan. Evakuator chaqirib, 4-5 kilometrlik masofaga 300 ming so‘m pul to‘lashga majbur qilgan. Haydovchi avtomobilini qulflab, kalitini o‘zi bilan olib ketgani uchun evakuator uni jarima maydonchasiga olib kirolmagan. Ertalab haydovchi jarima maydonchasiga borganida buning uchun undan bir million so‘m jarima to‘lash talab qilingan.
Murojaatni o‘rganish uchun jarima maydonchasi mas’uliga uchrashdim. Jarima maydonida hech qanday sharoit qilinmaganiga guvoh bo‘ldim. Vaholanki, bu yerda odamlarning necha o‘n millionlab sarflagan mulki quyosh tig‘ida va yog‘ingarchiliklardan zarar ko‘rmoqda. Holat yuzasidan noqonuniy jarima talab etilayotganiga oid faktlarni keltirdim. Bir million jarima bekor qilindi.
Masalaning ikkinchi tomoni, qonunga ko‘ra, YPX xodimi haydovchining avtomobilini gaz ballondan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmasa, jarimaga tortishi belgilanmagan. Demak, bu o‘rinda xodimning ham harakati noqonuniy va asossiz. YPX xodimi, qachonki, haydovchi mast holatda avtomobilni boshqarsa, avtotransport boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari yoki umuman hech qanday hujjati bo‘lmasa va yana boshqa jiddiy holatda jarima maydonchasiga olib kirishga haqli. Boshqa turdagi qoidabuzarliklar uchun belgilangan jarimaga tortiladi, xolos.
Yana bir masala. Sharof Rashidov tumanida jamoat transporti xizmati qoniqarli emas edi. O‘zim istiqomat qiladigan mahalladan shaharga qatnaydigan birgina 4-sonli avtobusning ichi doim liq to‘la bo‘lardi. Natijada odamlar yo‘nalishli «Damas»larda qatnashga majbur bo‘lardi. Uning narxi esa bir tomon uchun 4 ming so‘m etib belgilangan. Bir oiladan taxminan 3 kishi o‘qishga va ishga qatnasa, bir kunda 48 ming so‘m yo‘lkiraning o‘ziga sarflanadi. Bu esa ko‘plab oila uchun og‘irlik qiladi. Aholining murojaatlari asosida masalani o‘rganib, mazkur hududga yaqin mahalladan o‘tuvchi 10-sonli avtobusni yo‘naltirish orqali muammoga yechim topish mumkinligi haqida viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i nomiga deputat so‘rovi yubordim. Mas’ullar uzoq vaqt javobni paysalga solishdi. Shunda Bosh prokuratura va Bosh vazirga murojaat qilishimizga to‘g‘ri keldi. Va nihoyat, ikki oydan oshiq davom etgan muzokaralar yakuniga yetib, 10 kundan beri 10-avtobus mahallamizga qatnay boshladi.
Men saylangan hududda 1-sonli umumta’lim maktabiga besh yil bo‘libdiki, biror direktor tayinlamadi. Natijada maktabdagi ta’lim ahvoli qizil zonada turibdi. Bu haqida nafaqat viloyat rahbariyati, balki vazirlikka ham yozdim. Ammo natija bo‘lmayapti. Ta’lim tizimini isloh qilishga yuksak darajada e’tibor qaratilayotgan bir paytda bittagina maktabga rahbar tayinlash nahotki shunchalar mushkul bo‘lsa?!
Ko‘rib turganimizdek, biror masalaga yechim topish uchun bir marta so‘rov yuborish yoki yig‘ilishda muhokama qilishning o‘zi yetarli bo‘lmayapti. Odamlarni rozi qilish, joylarda to‘planib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish uchun vijdonli rahbarlar, jasoratli deputatlar ko‘payishi lozim.
Murojaatlarga befarq qarashga haqqimiz yo‘q
Mehriniso BOBOYEVA,
O‘zbekiston XDP Jizzax viloyat kengashi raisi o‘rinbosari, G‘allaorol tuman Kengashidagi partiya guruhi rahbari:
— Tan olish kerak, deputatlik so‘roviga hududimizda mas’ullarning munosabati oxirgi ikki yilda birmuncha yaxshilandi. O‘tgan vaqt davomida 25 ta so‘rov yuborgan bo‘lsam, ularning 21 tasi qanoatlantirildi. Lekin kamchiliklar ham yo‘q emas. Ayniqsa, deputat so‘rovi, sessiya qarorlarining ijrosi bo‘yicha hamma joyda ham mutasaddilarning munosabati bir xil, deb ayta olmayman. Xususan, quyi tizim, ya’ni mahalliy ijro hokimiyatlarida ko‘p masalalarda eskicha qarash hamon saqlanib qolyapti. Shu sababli kayta- qayta turli idoralar eshigini taqillatishga, mutasaddilarga aholining murojaatini yetkazishga to‘g‘ri kelayotir.
Masalan, «Madaniyat» MFYdagi «Tutli» qishlog‘ini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv minorasini ishga tushirish uch yildan buyon hal etilmayapti. Har yili tegishli tashkilotga so‘rov yuboraman. Kelasi yil davlat dasturiga tushirish haqidagi javob olinadi. Ammo bu «kelasi yil» qachon kelarkin, bilmayman.
Xuddi shu MFYdagi «Nurobod» qishlog‘ida 2 yarim km asosiy ko‘chalarni asfalt qilish, piyodalar yo‘lakchalari tashkil etish va tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish, markazlashtirilgan ichimlik suvi tortish masalasi ham muallaq bo‘lib osilib turibdi.
Albatta, oxirgi vaqtlarda mahallalar bilan hamkorligimiz ancha faollashdi. «Mahalla yettiligi» bilan hamkorlikda fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ularda hududdagi aholi murojaatlarini hal etish, sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni saqlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ayniqsa, hotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Har bir masala yuzasidan tegishli tartibda o‘rganishlar olib borilyapti, mas’ullarga so‘rov va murojaatlar yo‘llanyapti. Ayrim muammolar sessiyada muhokama qilinyapti. Ularning yechimi esa ijro organlari mas’uliyatiga, shuningdek, jamoatchilik nazoratiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Har qanday holatda ham biz, deputatlar «Og‘irimizni yengil qiladi», degan umidda ovoz bergan saylovchilardan tushayotgan taklif va murojaatlarga befarq qarashga aslo haqqimiz yo‘q.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 29.05.2023, №22